16:04 / 17.01.2018
7 229

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishcha, nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba’zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi, oqibatda, bu asosda qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi jiddiy tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Bozorda ayrim import qiluvchilarning ustun mavqega ega bo‘lishiga ular uchun individual imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilinganligi, ularning faoliyati uchun eksklyuziv sharoitlar yaratilganligi ko‘maklashgan, bu esa boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining bozorga kirish imkoniyatini cheklashga olib kelmoqda. Mazkur sohada yuzaga kelgan vaziyat ishchanlik faolligini va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, xalqaro maydonda mamlakatning obro‘siga jiddiy ziyon yetkazadi, deyiladi farmonda.

«O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida tilga olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning birinchi 11 oyi davomida importyorlar ozod qilingan bojxona imtiyozlari hajmi 409 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ushbu davr mobaynida jami 620 ta kompaniya mamlakatga 422 mln dollarlik 105 turdagi mahsulotlarni olib kirgan. Ulardan 305 ta sub’ekt bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda 283,5 mln dollarlik 81 turdagi mahsulotlarni impor qilgan. 211 mln dollarlik mahsulotlarni olib kirgan 25 ta yirik kompaniya esa 280 mlrd so‘mlik imtiyozdan foydalangan. Shunday qilib, jami importyorlarning 4 foizi mamlakatga 50 foi oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirib, qariyb 70 foizlik bojxona imtiyozlariga ega bo‘lgan.

Prezident farmoniga muvofiq, 1 fevraldan boshlab O‘zbekistonga oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar bekor qilinadi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublikaga oziq-ovqat tovarlarini olib kirish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar taqdim etishni nazarda tutuvchi qarorlarning qabul qilinishi taqiqlandi.

Bir oy muddatda 2018 yilga oziq-ovqat mahsulotlarini tashuvchilarni izlab topish va jalb qilish, ular uchun bozorga kirishda teng sharoitlar yaratish, ularga shartnomalar tuzish, kiritilgan mahsulotlarni tashish va saqlashda ko‘maklashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, aholining sifatli, arzon oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talabini to‘liq qanoatlantirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqiladi.

Respublikaning barcha hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlarida ixtisoslashtirilgan omborxona imoratlari, omborlar, muzlatish kameralari, oziq-ovqat tovarlarini qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologik, energiya samarador uskunalar tashkil etiladi.

1 fevraldan 2002 yilda joriy etilgan iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilinadi. Iste’mol tovarlarini tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab etilmaydi. Ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinadi.

Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga import xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

Farmon bilan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan import qilish istisno hollarda va faqat tovar-xom ashyo birjalari, jumladan, xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi. Oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi, Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi batafsil axborot har oy Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi.

Birja brokerlari tijorat banklariga mijoz — norezident nomidan tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ga talabnoma berish, norezident — yuridik shaxslar esa O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisob raqamlari ochish va tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmonda hukumatga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish tartibini chayqovchilik va boshqa suiiste’molchilik hollariga imkon bermaydigan choralarni nazarda tutgan holda belgilash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqarish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, agrar kompleksni rivojlantirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibga solish bo‘yicha choralarni belgilovchi «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Bosh prokuratura boshqa tuzilmalar bilan birgalikda oziq-ovqat tovarlariga bojxona to‘lovlari stavkalari, bojxona tartib-taomillari va respublika bojxona chegarasi orqali tovarlarni tashish tizimining tanqidiy o‘rganilishini hamda bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish, ortiqcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, jumladan, tartib-taomillarni «yagona darcha» tamoyili asosida rasmiylashtirishga o‘tish orqali tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini maksimal soddalashtirish va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatishni tartibga soluvchi qonunchilikni ortiqcha to‘siq va g‘ovlar, davlat tomonidan tartibga solishning asossiz choralarini bartaraf etish nuqtai nazaridan tanqidiy tahlil qilinib, natijalari bo‘yicha mazkur sohani tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlari bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishda sun’iy to‘siqlar yaratish, sansalorlik va suiiste’molchilik holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun shaxsiy javobgarligi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi