22:33 / 18.01.2018
12 439

24 yil avval qamalgan Samandar Qo‘qonovning Mirziyoyevga yozganlari

24 yil avval qamalgan Samandar Qo‘qonovning Mirziyoyevga yozganlari
24 yil davomida qamoqda o‘tirgan o‘zining yozishicha nohaqdan nohaq qamalib ketgan Samandar Qo‘qonovning "Erkin yashab, erkin mehnat qiladigan hurriyat davri keldi!" nomasini milliy axborot agentligi e’lon qildi.

O‘zbek xalqi keyingi yuz yillikning o‘zida chekkan jabru-jafolar, zulmu-sitamlar, azobu uqubatlar, ko‘rguliklar, xo‘rligu haqoratlarning o‘zini hisoblasangiz Yer shari hoziroq qoq ikkiga bo‘linib ketadi, inson zoti bunchalik qiynoqlarga dosh berolmaydi, deya o‘ylaysiz. Asr boshida chor Rossiyasi tomonidan O‘zbekistonni mustamlakaga aylantirilishi va ming minglab odamlarning qatl qilinishi, 37 yillardagi qatli omlar, 41-45 yillardagi urush tufayli bir yarim million yurtdoshlarimizning halok bo‘lishi, 50-60 yillar shaxsga sig‘inish davridagi qama qama, ot-otlar, turg‘unlik davridagi qotilliklar, va nihoyat qayta qurish davri keldi deb, endi umid otiga minayotganimizdagi xunrezliklar, bizga o‘xshab nohaqdan nohaq qamalib ketgan minglab odamlarning ayanchli qismati, bularning barini hisoblayversangiz naq qiyomat qoyim ko‘z oldimizga keladi. Ammo xalqimiz irodali, sabot-matonatli ekan, bu jabru-jafolarning hammasini bosib o‘tdi va omon qoldi. Men, shaxsan o‘zim Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xalqimiz boshiga Prezident bo‘lib kelishini, Xudoning bizga yuborgan inoyati deb bilaman.

To‘g‘risi, 24 yil qamoqda o‘tirgan odam, Shavkat Miromonovichga birdaniga ishonishim qiyin bo‘ldi. Lekin, Shavkat Mirziyoyev tufayligina bugun ozodlikdaman, menga berilgan 27 yillik qamoq muddatini 24 yilini o‘tab, ozodlikka chiqdim. Men, Shavkat Mirziyoyevga nafaqat o‘z nomimdan, balki yaqindagina avf etilgan 2700 mahbusning nomidan ham rahmat aytaman, men singari Shavkat Mirziyoyevning sharofati bilan ozod etilgan minglab insonlar nomidan ham rahmat aytaman!

Mana endi xalqimiz erkin yashaydigan, erkin mehnat qiladigan, mehnat qilib erkin yashaydigan haqiqiy hurriyat davri keldi. Xalqimiz bundan keyin halol mehnat qilib, bir tan-u bir jon bo‘lib, ahil inoqlikda, hamjihatlikda, o‘z topganiga o‘zi ega bo‘lib yashasa, osh yegan kosasi oltindan bo‘ladi. Biz endi, o‘z yeriga, o‘z erkiga, o‘z saodatiga o‘zi ega xalqmiz. Endi nafaqat zavodlar quramiz, balki zavod quradigan zavodlar ham quramiz. Biz endi nafaqat qora ishchi kuchi bo‘lib kun ko‘ramiz, balki ilm kuchi bilan, tafakkur kuchimiz bilan ham dunyo taraqqiyotiga o‘z xissamizni qo‘shishga qodir bo‘lib kun ko‘ramiz, hur yashaymiz. Muhimi bizga mana shunday ulug‘ islohotlarni taqdim etayotgan millatimiz sardori, Prezidentimiz bor. Prezidentimizni esa nafaqat g‘ayrat shijoati, yuksak tafakkuri, balki buyuk qalbi ham bor. Men kabi minglab mazlumlarni yorug‘likka olib chiqqan Shavkat Miromonovichga faqat va faqat omad yor bo‘lishini Xudodan so‘rab qolaman! Barcha yurtdoshlarim oldida ta’zimdaman!
Samandar Qo‘qonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 24 yil avval qamalgan Samandar Qo‘qonovning Mirziyoyevga yozganlari