21:13 / 19.01.2018
4 737

Turkiston bag‘ridagi javohir. Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sultonbegim maqbarasi qayerda?

Turkiston bag‘ridagi javohir. Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sultonbegim maqbarasi qayerda?
Turkiston deganda buyuk ajdodlarimiz yashagan bepoyon tarixiy makon ko‘z oldimizga keladi. Ayni paytda qo‘shni Qozog‘istonning tarixiy kentlaridan biri ham Turkiston deb ataladi. Turk dunyosining yuragi bo‘lgan bu ko‘hna shahar ahli buyuk mutafakkir, shoir, Yassaviya tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy nomi bilan haqli ravishda faxrlanishadi. Yassaviyning shahar markazidagi, bir paytlar buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan qurilgan maqbarasi turli yurtlardan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum.

Buyuk alloma mangu qo‘nim topgan muhtasham majmua darvozasidan 60 metrlar beriroqda yana bir maqbara qad rostlab turibdi. Besh asrdan ziyod tarixga ega bo‘lgan ushbu gumbaz ostida vatandoshimiz, Temuriyzoda hukmdor va falakiyotshunos olim Mirzo Ulug‘bekning qizi – Robiya sultonbegim dafn etilgan.

Yangi yilning ilk kunlarida buyuk mutafakkir Ahmad Yassaviyning nurli qadamjolarini ziyorat etish asnosida Temuriyzoda hamyurtimiz Robiya sultonbegimning ham maqbaralarini ko‘rib qaytdik.

To‘rtinchi qiz
Odatda Sharq oilalarida oiladagi to‘rtinchi qizga Robiya deb ism berilgan. Zotan arab tilida «robia» to‘rtinchi demakdir. Har birimiz buyuk allomaning Abdullatif va Abdulaziz ismli ikki o‘g‘li bo‘lgani, Ulug‘bek aynan katta o‘g‘li Abdullatifning xoinligi sababli o‘ldirilganini yaxshi bilamiz. Biroq Mirzo Ulug‘bekning besh o‘g‘li (Ibodulloh, Abdulloh, Abdurahmon, Abdullatif, Abdulaziz) va besh qizi (Habiba, Oqboshbegim, Sultonbaxt, Robiya, Davlatbaxt) bo‘lgani haqida ko‘pchilik bilmasa kerak.

Mirzo Ulug‘bek oqil va odil davlat rahbari, ilm-fan va madaniyat homiysi, alloma bo‘lishi barobarida mehribon, bag‘rikeng ota ham edi. Lekin farzandlarining aksariyati yoshlik paytida turli kasalliklar tufayli nobud bo‘lishgan.

Tarixiy manbalarda Ulug‘bekning qolgan to‘rt qizi haqida ma’lumotlar kam uchraydi. Ammo Robiya sultonbegimning hayot yo‘li, antiqa qismati haqida yetarlicha yozilgan.

Robiya sultonbegim taxminan 1432 — 1433 yillarda Mirzo Ulug‘bekning Qutlug‘ Nigor og‘a ismli ayolidan tug‘ilgan. U o‘zining aql-zakovati, iffati, husn-latofati bilan tez orada tilga tushgan.

Saltanat taloto‘plari
Tarixchi Amriddin Berdimurodovning ma’lumot berishicha, Mirzo Ulug‘bek qatl etilgach, taxtga dastavval padarkush shahzoda Abdullatif o‘tiradi. U olti oydan so‘ng marhum otasining tarafdorlari tomonidan o‘ldirilgach, Ulug‘bekning jiyani va kuyovi Mirzo Abdullo hokimiyat tepasiga keladi. Ammo ko‘p o‘tmay, Buxoroda hokimiyatni egallagan yana bir Temuriyzoda, Mironshoh Mirzoning o‘g‘li Abusaid Mirzo Samarqandga hujum qiladi. Lekin Mirzo Abdullo qo‘shinlari tomonidan mag‘lub etilib, Sirdaryo tomonga chekinadi. Abusaid Movarounnahr taxtini egallash uchun o‘ziga kuchli ittifoqchi topishi lozim edi. Shu bois ko‘chmanchi o‘zbeklar hukmdori Abulxayrxon huzuriga yordam so‘rab boradi.

Abulxayrxon va Abusaidning birlashgan qo‘shinlari 1451 yilning yoz oylarida Samarqandga qo‘shin tortadilar. Jang paytida Mirzo Abdullo halok bo‘ladi. Abu Said esa Samarqand taxtiga o‘tiradi. Abulxayrxonning ko‘magida hokimiyatni egallagan Abusaid u bilan qarindoshlik munosabatlarini yanada yaxshilash maqsadida xonning Xonzodabegim ismli qiziga uylanadi, amakivachchasi Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sultonbegimni esa o‘z valine’matiga uzatadi.

Albatta, bu nikohga Robiya sultonbegim rozilik berganmi-yo‘qmi, biror nima deyish qiyin. Robiya otasidan va akalaridan ayrilgan, inon-ixtiyori uzoq qarindoshining qo‘lida qolgan ojiza edi. Bu paytda Robiya hali o‘n sakkizga to‘lmagan navnihol qiz, Abulxayrxonning esa yoshi qirqqa yaqinlashib qolgandi.

Taqdirga tan bergan malika
...Robiya sultonbegim ota yurti Samarqandni tashlab Abulxayrxon bilan uning poytaxti Sig‘noqqa, Dashti qipchoq tomon yo‘l oladi. Zotan uning taqdirga tan berishdan boshqa chorasi qolmagandi. U Abulxayrxon bilan 18 yilga yaqin hayot kechirdi, unga Kuchkunchixon va Suyunchxo‘ja ismli ikki o‘g‘il tug‘ib berdi.

Abulxayrxon 1468 yilda unga qarshi fitna uyushtirayotgan Jonibekxon va Kereyxonga qarshi yurishga otlangan chog‘ida vafot etadi. Erining vafotidan so‘ng Robiya sultonbegim qolgan umrini Turkistonda o‘tkazib, Ahmad Yassaviy maqbarasi va marhum erining dahmasi yaqinida yashadi.

XVI asr boshlarida Markaziy Osiyoda hukumat Abulxayrxon avlodidan bo‘lgan Shayboniylar qo‘liga o‘tadi. 1510 yilda Shayboniyxon Eron Safaviylari hukmdori Shoh Ismoildan yengilib, qatl etilganidan so‘ng Samarqand taxtiga uning amakisi, Robiya sultonbegimning o‘g‘li Suyunchxo‘ja o‘tqaziladi. Vaziyat taqozosiga ko‘ra taxtga o‘tirgan Suyunchxo‘ja 1512 yilda oilada katta farzand bo‘lgan akasi Kuchkunchixonga Samarqand taxtini bo‘shatib berdi va o‘zi Toshkent hokimligini egalladi. Garchi mamlakat hukmdori rasman Kuchkunchixon bo‘lsa-da, u o‘zini saltanatdan ko‘ra ilm va ibodatga bag‘ishlagan xokisor inson edi. Mamlakatning tashqi aloqalari Suyunchxo‘janing ixtiyorida edi. U Safaviylarning sulh tuzish haqidagi taklifini rad etib, ular bilan bir muddat murosasiz kurash olib boradi. Raqiblarga qarshi jiddiy hozirlik ko‘rayotgan payti 1526 yilda Toshkentda vafot etdi.

Garchi ikki o‘g‘li ota-bobolari yurtini qayta qo‘lga kiritgan bo‘lishsa-da, Robiya sultonbegimga Samarqandni yana ko‘ra olish nasib etmadi. U 1485 yilda 53 yoshida vafot etdi. Malikani ko‘z ochib ko‘rgani, farzandlarining otasi Abulxayrxonning xoki qo‘yilgan Turkistonda, buyuk mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviyning maqbarasi oldida dafn etishdi.

Bobolarning ruhlari o‘yg‘oq...
Ikki o‘g‘il umr bo‘yi ota-onalariga hurmat va ehtirom bilan yashashgan. Ularning tashabbusi bilan ota-onalarining qabri ustida muhtasham maqbara bunyod etildi. Maqbara sakkiz qirrali asosiy xona va yana to‘rtta qo‘shimcha xonadan tashkil topgan. Maqbara ustida Samarqand va Buxoro tarixiy obidalariga monand moviy gumbaz savlat to‘kib turibdi. Obidaning balandligi 20,6 metr, old qismining kengligi 11 metrga teng.

Maqbarada Temuriyzoda malika bilan birga uning nabiralari va boshqa yaqinlari ham dafn etilgan. Sakkiz qirrali xonada Robiya sultonbegimning qabri ustida o‘rnatilgan marmartoshda arab tilida quyidagi satrlar bitilgan: «Bu fayzli oromgohda pokdomon, mehribon, Alloh gunohlardan forig‘ etgan Robiya sultonbegim — Ulug‘bek Ko‘ragon qizi yotibdi. Shahid etilgan qudratli va ulug‘ hukmdor Mirzo Ulug‘bek qudratli sulton Shohrux Mirzoning o‘g‘li edi. U esa ulug‘ amir, sohibqiron Amir Temurning o‘g‘lidir. Alloh ularning qabriga to qiyomatga qadar o‘z nurlarini yog‘dirsin. Marhumaning foniy dunyodan boqiy olamga safar qilishi hijriy 890 yilning so‘nggi oylarida yuz berdi. Unga Allohning shafqati va marhamati yog‘ilsin!».

...Mazkur obida Turkiston xalqlari boshiga tushgan ko‘plab qora kunlarning ham shohidi bo‘ldi. Xususan, Chernyayev, Skobelev singari sarkardalar aynan shu maqbara yonidan ot choptirib o‘tdilar, qadimiy va betakror shaharlarimizni o‘qqa tutdilar. Ana shu bosqinlar va taloto‘plar sababli Ahmad Yassaviy maqbarasi ham, uning ro‘parasida turgan Robiya sultonbegim maqbarasi ham xarobaga aylandi. Keyinchalik, oradan yillar o‘tib, bu qadimiy obidalar ham ta’mirlandi.

Bugun buyuk ajdodlarimiz xoki yotgan bu tarixiy obidalar ko‘hna va navqiron Turkistonning husniga xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turibdi. Maqbara atrofida kezarkansiz, unda allaqanday fayzli sokinlikni his etasiz. Bu tarixiy majmuani ziyorat qilish uchun kelayotgan ziyoratchilar orasida hamyurtlarimiz ham ko‘p.

Termiz shahridan kelgan bir otaxon Robiya sultonbegim maqbarasi qarshisida o‘tirib, Qur’on tilovat qilmoqda. Beixtiyor uning yonidan joy olib, bundan besh yarim asr avval yashagan vatandoshimizga Yaratganning rahmati va mag‘firatini so‘radik.
Rustam Jabborov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turkiston bag‘ridagi javohir. Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sultonbegim maqbarasi qayerda?