16:01 / 20.01.2018
5 424

Nega avtobuslar yonyapti...?

Nega avtobuslar yonyapti...?
Insoniyat hozirda atrof dunyo haqida bir nechta tushunchada. Bu tushunchalarni “dunyoqarashlar” – deyish urf bo‘lgan. Boshqalarning dunyoqarashini qo‘yib turamizda, o‘zimizning – islomiy dunyoqarashning bir ulug‘ jihati haqida gapiramiz. Bu – inson yoki jamiyat bilan yuz beradigan hodisalarga nisbatan munosabat. Dahriy va boshqa turfa dunyoqarashlardan farqli o‘laroq, Islom dunyoqarashi har bir yuz beradigan hodisada hikmat, ma’no borligini uqtiradi…

Oxirgi paytda o‘zbek millati vakillari bilan bog‘liq hodisalarni ko‘plab eshitayapmiz. Shulardan bir turi – millatdoshlarimizning u yer-bu yerda falokatga uchrayotganlari hodisalari. “Nega bunday holatlar aynan endi ko‘p sodir bo‘layapti, axir, vatandoshlarimiz avval ham chet dunyoga safarlar qilishgan, o‘zga yurtlarga borib ishlab kelishlar avval ham bo‘lgan-ku!” – degan savolga hech bir soha mutaxassisi mantiqiy javob bera olmaydi.

Tendensiyalarning moddiy sabablarini topishda mutlaq muvaffaqiyatsizlikka uchraganda o‘zgalar qo‘l siltab qo‘ya qolishadi, “tushunmadim”, deb, yelka qisib qo‘yishadi. Ammo, bizning bunga haqimiz yo‘q – e’tiqodimiz bunday huquqni bizga bermaydi! Bunday holda biz moddiy emas, ma’naviy sabablarni izlash majburiyatidamiz.

O‘zbekiston mamlakatiga umumiy – yuqoridan bir nazar tashlab, uning imkoniyatu-sharoitlarini jam qiladigan bo‘lsak, xulosa shu bo‘ladiki – bu zaminda yashovchilar chet mamlakatlarga borib ishlashga muhtoj emaslar aslida. Bunga ishonch hosil qilish uchun chuqur tahlil emas, balki aynan “tepadan turib” bir nazar tashlash lozim bo‘ladi, xolos. Mamlakatda bir necha million gektar sugoriladigan yerlar bor va… bir necha million ishsizlar bor. Hozirgacha yerlar eski sovet tuzumidan qolib ketgan ma’muriy-buyruqbozlik uslubida istifoda etib kelindi. Natijada millionlab qishloq yoshlari – o‘sha, mehnat migratsiyasining asosini tashkil etuvchi qatlamimiz – yerda ishlab qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini eksport qilib, ota-onasi, bola-chaqasining oldida mehnat qilish o‘rniga chet elga ketishga majbur bo‘ldilar. Xullas, biz hozir qishloqlarimizni, qishloq xo‘jaligi sohamizni o‘zgacha ko‘rinishga keltirishimizga… ma’nan majburiyatlimiz.

Ma’naviy majburiyatdan o‘zni olib qochish esa alohida shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham… jinoyatdir. Ma’naviy jinoyat lokal hodisa emas, balki ma’naviy olamga dahldor bo‘lganligi bois, oqibatlari ham ko‘ngilsizroq va mash’umroqdir.

Avval uzrli bo‘lgan bo‘lsak, endi uzrimiz qolmadi – oshkoralik muhiti har bir jamiyat a’zosining javobgarlik miqyosini benihoya… benihoya orttirib yuboradi. Shunaqa narsa bu – oshkoralik. Endi ko‘rib turib ko‘rmaslikka olishimiz, bilib turib bilmaslikka olishimiz bizga qimmatga tushishi mumkin.

Kecha qishloqlarda bus-butun bitta avlod ota tarbiyasisiz katta bo‘layotgani, xotinlar ersiz qolganini ko‘rib munosabat bildirolmagan bo‘lsak, bugun bu holat jamiyat o‘laroq biz uchun gunohi azimdir. Otasiz o‘sayotgan avlod – shikasta avloddir, inchunun millatning kelajagi ham shikastadir. Zurriyodni asramaslik esa – johillikning yuqori ko‘rsatgichidir. Bizga bu endi yarashmaydi.
Muhammad ShAKUR

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega avtobuslar yonyapti...?