22:20 / 20.01.2018
6 613

Yo ta’ziya, yo tarbiya

Yo ta’ziya, yo tarbiya
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu: «Mening uchun shahidlikdan keyingi eng yaxshi o‘lim savdo molini olib kelayotib yuk ostida qolib o‘lishdir», — deganlar. Bu yerda aynan bir surat nazarda tutilmagan, balki o‘sha paytdagi voqelikdan bir misol aytilgan. Asil ma’no «shahidlikdan keyingi eng afzal o‘lim halol kasb yo‘lida jon berish»dir. Kuni kecha tirikchilik yo‘lida vafot etgan yurtdoshlarimiz haqida shunday yaxshi gumon va tilak bildirib qolamiz. Alloh ularni rahmat qilsin!

Bu kunni «o‘zbek xalqi uchun motam kuni» deb e’lon qilsa ham bo‘ladi. Ammo asl musibat bu emas. O‘zbekdayin ulug‘ musulmonzoda elning, buxoriyzoda, samarqandiyzodalarning boshiga kelgan va kelayotgan bu va boshqa fojialar ko‘p yillik, turli negiz musibatlarning natijalari, mahsullaridir.

Asl musibatlar hozir ham oramizda yashayapti. Ularni bartaraf qilishga harakatlar boshlangan bo‘lsa-da, hali ancha ish bor. Har qancha dod-voy solmaylik, ayni muammolar muolaja qilinmas ekan, foydasi yo‘q. Aynan iqtisodiy yoki siyosiy omillarni aytmoqchi emasman, balki axloqiy-tarbiyaviy sabablar borki, ular negiz muammolardir. Masalan:

— yolg‘onchilik – hisobotda, axborotda, savdoda, va’dada yolg‘on ishlatish;

— birovlarning haqqini nohaqdan – yolg‘on, zug‘um, zo‘ravonlik, noqonuniylik yoki nohaq qonun chiqarib yeyish;

— ribo, pora kabi Alloh harom qilgan, barakasini kesgan yo‘llardan tiyilmaslik;

— odamlarda halol-harom tushunchalari yo‘qolib, o‘rniga foyda-zarar tushunchalarigina qolishi;

— pul topishdan ko‘zlanishi lozim bo‘lgan asl maqsad – halol rizq yeyish va farzandlarga halol yedirishdek tushunchalarni yo‘qotib, o‘rniga nima bo‘lsa ham, ko‘p topsam bo‘ldi qabiliga o‘tib olish;

— topilgan pulni behuda orzu-havaslarga sarflash;

— zakotlarni to‘liq ado qilmaslik, ado etishga to‘sqinlik qilish;

— xayriya va sadaqalarni, nazru niyozlarni to‘g‘ri yo‘naltirmaslik;

— maktablarning tarbiyadan xoli qolgani, aksincha, ayni tarbiyasizlik maskaniga aylangani, diyonat, g‘urur, halol-harom, e’tiqod, o‘zlik kabi asos tushunchalardan mosuvo bo‘lgani;

— ta’lim tizimining yaroqsizlangani kabi millat miqyosidagi illatlardir. Ushbudek ishlarni qilgan, ularda qatnashgan, ularga rozi bo‘lgan har bir shaxsning mazkur musibatlarda hissasi bor. Bir butun millatning ayni kuchga to‘lgan a’zolarining chorak qismi tashqariga chiqib ketishga majbur bo‘lishi juda kamyob musibatlardan hisoblanadi.

Millatning, vatanning kelajagi baland binolar emas, buyuk shaxslardir. O‘zimizni va avlodlarimizni yaxshi tarbiya qilmas ekanmiz, muammolarning keti uzilmasligi muqarrar. Binobarin, ilm va axloq asosidagi tarbiyani yo‘lga qo‘yish kerak. Usiz na iqtisodiy, na ijtimoiy, na siyosiy yuksalish imkonsiz.

Alloh bizlarni kechirsin va isloh qilsin!
Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yo ta’ziya, yo tarbiya