15:40 / 21.01.2018
8 399

Gap egasini topsin!

Gap egasini topsin!
Bu mavzuda yozmayman, Qur’on suralaridan tilovat qilib haqlariga bag‘ishlayman, chiroyli duolar bilan sabr qilaman, yaqinlariga, xalqimga sabru jamil so‘rayman degan edim.
Ammo... ro‘yxatni o‘qib, yuragim to‘kilib, titilib ketyapti.
Vafot etganlar ichida 1996 yildan keyin tug‘ilgan yigitlar ham bor ekan!
Bo‘z yigitlar!
Dangasa, sayoq emas, o‘z Vatanida tuzukroq maoshli ish topa olmay, oilasidagi katta-kichik tashvishni hal qilaman deb, qahraton qishda ish izlab ketgan yosh bolalar!
To‘ng‘ichimdan atigi uch yoshgina katta bo‘lgan Murodillayev Bahodirjon, Abdullajonov Ismoiljon, Husniddinov Muhammadinlar 1998 yilda tug‘ilgan, hayotda oq-qorani yaxshiroq tanimagan, chimildiq ko‘rmagan navqiron, navnihol yurtdoshlarim!
Olov ichida, jon talvasasida nimalar haqida o‘yladingiz?
Balki ortingizdan mo‘ltirab qolgan onaizor, chorasizlikdan bag‘ridan ketqizgan ota, iymanibgina "kutaman" deb qolgan yoringiznimi...
O‘z bolamga termulaman. Ruchkani tishlagancha, shirin xayollar surib o‘tiribdi. O‘zicha uy vazifalarini qilyapti. Yaxshi o‘qishga, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilyapti.
Axir siz ham kechagina Boburimday kulib, dars tayyorlab o‘tirgan edingizku...
TV dan yangrayotgan sho‘x musiqani «ming la’nat» deb o‘chiramanu, tilimda, dilimda yig‘ilib qolgan zahrimni kimgadir sochgim keladi.
Kim ekanligini ham bilaman.
Aybdor ko‘p, ammo eng kattalariga aytadigan ikki og‘iz gapim bor!

Bir dunyo mashhur-mashhur tayin, betayin agitatorni yig‘ib, bir olam va’dalar bilan Namanganning To‘raqo‘rg‘oniga ham borgan bitta zo‘r tashkilot bor. Chekka qishloqlargacha yetib, qadamlarini suratga oldirib, joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishib xalqni umidvor qilgan, katta -katta va’dalar bergan va’daboz tashkilot bor!

Malol kelmasa uch-to‘rttagina savolimga javob bering!

Xalq cho‘ntagidan chiqib, faoliyatingiz uchun ajratilayotgan milliard- milliardlarda yonib ketgan yoshlarning nasibasi yo‘qmidi?

Yoki siz faoliyat deganida faqatgina ro‘mol yechdirish, kollejga kirib dars buzish, Enrikening konsertida dikonglab sakrashnigina tushunasizmi?

Bu bilan sizni butunlay qoralamoqchi emasman. Safingizda sidqidildan nimadir qilmoqchi bo‘layotgan qorako‘zlarni ham ko‘ryapman. Ammo ular barmoq bilan sanarli.
Nima uchun xalq mehrini qozona olmayotganingizni aytaymi?
Chunki siz xalq bilan hamnafas emassiz!

Jilla qursa, o‘sha yonib ketgan qorako‘zlarga samolyot yoki poyezdning biletiga yetadigan mablag‘ni Ittifoq g‘aznasiga tushayotgan pullardan qarzga berib turish mumkin edi. Biroq bu faollaringizni birortasining xayoliga kelmagan!

Yoki minglab ishga ketayotgan o‘g‘il-qizlarga bexatar, betalofat marshrut tashkil qilib, faoliyatini nazorat qilish, ularning issiq-sovug‘idan boxabar bo‘lib turadigan sho‘’ba tashkil qilish rejangizda ham yo‘q!

Besh yil avval farzandida tug‘ma yurak porogi bor Ulug‘bek ismli yigit operatsiya uchun pul topaman deb Rossiyaga ketib beiz yo‘qolgan. Uni o‘tgan yili Moskvadagi metrolarning birida tilanchilik qilib yurganini ko‘rishgan. Esi-kirdi chiqdi, bir ahvolda ekan.
Siz o‘sha o‘ttizga ham kirmagan, qachonlardir eng a’lo baholarga o‘qigan yurtdoshimiz haqida biror marta surishtirdingizmi?
Otasini kuta-kuta operatsiyasiz o‘lib ketgan farzandidan biror marta xabar oldingizmi?
Farzand, nevara dog‘ini ko‘tara olmagan ota-ona o‘limidan so‘ng xonadoniga borib fojea sabablari bilan qiziqdingizmi?! Yo‘q!

Tirikchilik qilaman deb, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegaralarida minglab yoshlar «JK»ning 154-modasini buzib, noqonuniy mol olib o‘tishardi. Qanchalari militsiyadan qochib avtohalokatlarda juvonmarg bo‘lishdi. «Bu uch - to‘rt yil oldingi gap...» dersiz, biroq yana chegaralar ochilib, «ellik to‘rtchilar» g‘imirlab qolishdi. Birorta faolingiz borib chegara hududlardagi yoshlar hayoti, turmush tarzini jiddiyroq tahlil qilib, amaliy choralar ko‘ryaptimi?
Nimaga kuyib ketayotganimni endi tushunayotgandirsiz?!

O‘lib ketgan o‘sha 52 ta Vatandoshim, «ellik to‘rtchi» bo‘lmay, o‘g‘rilik, g‘arlik, yulg‘ichlik qilmay, halol pul topay» deb, sovuq o‘lkalarga yo‘l olishgandi.
Siz o‘sha halol-pok, nomusu-iymoni butun yoshlarni asrab qolmadingiz!
Nega chegarada bitta shtabingiz yo‘q? Ketayotganlarni qo‘rqitmay, dildan suhbatlashadigan mutaxassislaringiz yo‘q! Agar siz ozgina mablag‘ ajratib, o‘zingizning ta’biringiz bilan aytganda «uyushmagan» dilbandlarimizning diliga yo‘l topa olganingizda «avtobusgagina pulim bor, jonimni garovga qo‘yib ketyapman» degan nolalarini eshitgan bo‘lar edingiz...

Yana o‘sha yonayotgan avtobus ko‘z oldimdan ketmayapti...
Eh, qani endi Prezident bitta buyruq bersayu, oxiri yo‘q chet el safarlariga zamonaviy, texnik soz samolyotlarda emas, litsenziyasi bitgan, shalog‘i chiqqan avtobuslarda chiqsangiz!
Siz Vatanga qaytarmoqchi bo‘layotgan mardikorlarning oldiga it azobida yetib borsangiz!
Qani endi rostdan ham uyushmaganlarni uyushtirib, muammolarini hal eta olsangiz!

«Vahima qilmang, Ittifoq muammolarni o‘rganyapti» deb og‘zimga urdi bittasi.

Qachongacha faqat o‘rganasiz?!
Bir vaqtlar Talabalar shaharchasida tashkil qilingan Yoshlar muammolari instituti bo‘lardi. O‘sha yerdagi faoliyatingizdan ham yaxshigina xabarim bor.
Yoshlarning muammolarini o‘shanda ham hal qila olmagansiz!
"Unday qilamiz, bunday qilyapmiz" deb, nafaqagacha yetvosangiz bo‘ldi! Izingizdan yana bitta va’daboz keladi. O‘zbekning sho‘ri, o‘zbekning fojeasi shuki, umid qilib, ishonib, "Tinch yashayapmiz-ku" deb yashayveradi....

Hozir nimadan qo‘rqayotganimni bilasizmi? O‘g‘illarim a’lochi, mehnatkash, ammo, yana ikki yoki uch yildan so‘ng ularni qanday qismat kutyapti?!

«Supermen» bo‘lsa ham o‘z yurtida munosib ish o‘rin bo‘lmasa qanoti sinib qolmaydimi?

Halol biznes qilaman desa-yu, eng kam foizli (14 % kammi!) kredit bergan banklarning o‘zi sindirib qo‘ysa, inson huquqlari kafolatlangan Amerika yoki Yevropani orzu qilib qolmaydimi?

Ota yoki bobosidan meros qolgan joyda tirikchilik qilmoqchi bo‘lsa-yu, “tuzukroq ta’mirlanmagan” degan bahonalar bilan bino tortib olinib, auksionga qo‘yilsa, tadbirkorlikni tashlab poraxo‘r yoki kazzob bo‘lmaydimi?!

Oliygohni bitirsa-yu, eng zo‘r diplom bilan munosib yashashga yarasha pul topa olmasa, O‘zbekistonni tashlab, bola-chaqasini olib, yaxshi mutaxassislarni jon-jon deb kutib oladigan davlatlarga bosh olib ketmaydimi?

ENG YoMONI KEChAGI YIGITLAR KABI YoNIB KETMAYDIMI?!
KUYIB KETMAYDIMI?!
ASTAHFURILLOH!
ALLOH HAR BIR BANDASINI O‘Z PANOHIDA ASRASIN!

Ko‘zingizni kattaroq oching!
Siz o‘tirgan kursilarning hammasi xalqning puliga kelgan. Shunday ekan xalqning bolalarini, har birini ehtiyot qilib, ko‘z qorachig‘ingizday asrashingiz shart!

Men onaman!
Faqat o‘z farzandim emas, yetti yot begonaning bolasini ham xor bo‘lib o‘lishini aslo istamayman!
Shunday ekan, xalq tashkilotingizga o‘tkazayotgan milliardlarning tiyinigacha hisobot berishingizni talab qilaman!
Yana bir gap.
Reklamangiz uchun xizmat qilayotgan soxta Vatanparvar - raqqos, mashshoq, shoir-u artistlarning zarracha uyati bo‘lsa, o‘yin kulgungizga aralashmay, bu fojeadan so‘ng umrining oxirigacha aza tutadi!

Kechagi olovda faqat 52 Vatandoshim emas, VATANIM, yondi!
Ming afsuski! Omonillo, Muhammadrizo, Shoxrux, Alisher, Vohidjon, Ahmadjon, Ma’murjon, Komiljon, Abdullatif, Ibrohimjon, Mirzohid, Nurmuhammad, Olimjon, Solijon hatto Qahramonning bolalariga otalik qila olmaysiz! Onalariga o‘g‘il o‘rnini bosa olmaysiz!

Ammo shu yurt bolasi bo‘lsangiz, endi yo‘lga chiqmoqchi bo‘layotgan minglab o‘g‘il- qizlarga amaliy yordam berishingiz shart!

To‘rt qator she’rimdan esa larzaga kelib, uyg‘oning va Namanganga borib bosh egib, kechirim so‘rang...

Xoqonday yashaysiz
Xalqning puliga...
Bisyor va’dalar ham qalashib ketdi.
Siz chora topguncha
Siz ish berguncha
Bolam olovdan jon talashib ketdi.

Hov qarang!
Bitmagan, paxsali uyni
Tezak yopishtirib devorlariga
Ko‘nglimni
Ko‘mirsiz...
O‘tinsiz yoqib...
Kim bilan so‘ngi dam tillashib ketdi...

O‘riklar gullamay,
Sumalak pishmay,
Boychechaklar unmay qadamlaridan
Chimildiqqa kirmay
O‘lan eshitmay
Balki ajal bilan
Dardlashib ketdi...

-Pul topaman,- dedi
-Otam dardiga,
Onamning dardiga
Malham topay,- deb
Allohga tavakkal!
Taqdirga ko‘nib.
Tilsiz temirlarga tirmashib ketdi...

Xalqning yelkasidan
Boshiga chiqib,
Yayrab yashayapsiz
Siz ko‘p yashaysiz!
Sizga ishonganlar
Najot kutganlar
Borsa kelmaslarga birlashib ketdi...
Muazzam Ibrohimova

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gap egasini topsin!