13:16 / 23.01.2018
6 495

«O‘zbekiston havo yo‘llari»: kim itu kim karvon?

«O‘zbekiston havo yo‘llari»: kim itu kim karvon?
Hissiyotlar junbushga kelganida eng yaxshisi — tilni tiyish. Agar biror tashkilot xodimi bo‘lsa ikki marta tilni tiyishi kerak. Chunki aytayotgan gapi uning emas, balki tashkilotning nomidan qabul qilinadi.

Mana, bir necha kundirki Qozog‘istondagi fojia muhokama qilinmoqda. Qurbonlar soni oz emas va bu tarzdagi falokat birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bu esa tabiiy ravishda xalqning e’tirozlari va xavotirlarini uyg‘otmoqda. Shuning uchun kim aybdor degan masala atrofida eng ko‘p bahslar davom etayapti. Kimdir yo‘l haqini juda oshirib yuborib, xalqni arzon variantlarni izlashga majbur qilayotgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari»ni ayblayotgan bo‘lsa, kimdir yoshlarni o‘z vaqtida va o‘z joyida yetarlicha himoya qila olmayotgan Yoshlar ittifoqini, bir guruh ziyolilar chirib bitgan, korrupsiyaga botgan ta’lim tizimini ayblamoqda. Xullas, hissiyotlar uchiga chiqqan. Kim kimni ayblayotgan bo‘lsa hammasida asoslar, sabablar bor. Bunday sharoitda xalqning tuyg‘ulari bilan o‘ynashish, har qanday fojiada odamlarning o‘zlarini aybdor qilib qo‘yish, o‘zini chetga olish, aybni zimmasidan soqit qilish masalani battar chigallashtiradi.

Davronbek Niyozov


Kuni kecha «O‘zbekiston havo yo‘llari» direktori o‘rinborsari Davronbek Niyozovning taniqli bloger Makarenkoga murojaati olov ustiga sepilgan moydek bo‘ldi.

«Sizlarga hech kim, Olma-Otadan uchmagin, deb ta’qiq qo‘yayotgani yo‘q. Tanlovni mustaqil ravishda amalga oshirish huquqingiz bor.

Biz 5 oy avval oldindan barcha mavjud reyslarni e’lon qilib bo‘lganmiz, bilet narxlarini ham belgilab chiqqanmiz. Odamlar biletlarni sotib olishyapti. Tabiiyki, biletni birinchilardan bo‘lib olganlar uchun narxlar ham arzonroqqa tushadi», — degan amaldor so‘zini “It hurar, karvon o‘tar” maqoli bilan yakunlaydi.

Bu gaplardan keyin bir qancha savollar tug‘iladi. Tanlash deganda O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekiston poytaxtlari aeroportlaridan birini tanlashni nazarda tutayaptimi? Shunday bo‘lsa uning so‘zlari qanchalik adolatdan? Menimcha, tanlash O‘zbekistonning o‘zidagi bir qancha aviakompaniyalar o‘rtasida bo‘lsa haqiqatdan ham Ostona yoki Bishkekni tanlash yoki Toshkentdan uchish o‘zimizga bog‘liq bo‘lardi.

Nimaga asoslanib bizdagi aviachiptalar narxi qo‘shni davlatlarnikiga qaraganda anchagina qimmat? MAKning shoxi bormi? O‘zbek xalqining to‘lib toshib yotgan xazinasi bormi yoki? Yoki qozog‘u qirg‘izlarning samolyotlari havoga kerosinmas ko‘mir yoqib ko‘tariladimi? Nega qimmat? Nima uchun o‘zbek o‘zini aviakompaniyasida ucha olmasligi kerak?

Xo‘sh, janob Niyozov «it hurar – karvon o‘tar», deganda kimni it, kimni karvon dedi? Makarenko yoki MAK chiptalarining narxi balandligi aytib, uni boshqa aviakompaniyalar bilan taqqoslab, so‘zlarining haqligini isbotlab berayotgan, o‘zbekning yo‘ldagi fojialarida «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning ham aybi borligini ta’kidlayotganlar itmi? Juda ko‘p «itlar»ning hurishi karvonning yo‘li noto‘g‘ri ekanidan dalolat bermayaptimi?
Sanjar Said

Manba: fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zbekiston havo yo‘llari»: kim itu kim karvon?