15:28 / 31.01.2018
27 860

MXX raisi Rustam Inoyatov nega vazifasidan ozod etildi?

MXX raisi Rustam Inoyatov nega vazifasidan ozod etildi?
31 yanvar kuni O‘zbekiston axborot olamida ikkita muhim xabar bilan yodda qolmoqda. Birinchisi respublikamizda zilzila bo‘lgani bo‘lsa, ikkinchisi Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov lavozimidan ketgani bo‘ldi.

MXX tizimi shaxsan Prezidentga bo‘ysunuvchi tuzilma bo‘lib, mamlakatdagi eng qudratli va sirli bo‘lgan bu tizimni 1995 yildan buyon faqat bir kishi — general-polkovnik Rustam Inoyatov boshqarib kelayotgandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 22 dekabrida parlamentga qilgan tarixiy murojaatida Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini chuqur isloh qilish vaqti kelganini, bu xizmat 26 yil avval tasdiqlangan ichki nizom asosida ishlab kelayotganini ta’kidlagandi. Shuningdek, Prezident bu tizim bo‘yicha alohida qonun ishlab chiqish zarurligini bildirgan, endilikda parlament nazoratida faoliyat yurituvchi Milliy xavfsizlik xizmati bo‘yicha 2018 yilgi davlat dasturida alohida qonun qabul qilinishi va bu tizimning vakolatlari aniq belgilab berilishi ma’lum qilingan edi.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqida MXX vakolatining asossiz ravishda kengayib ketganini ham alohida ta’kidlagan, shundan so‘ng faoliyati jamoatchilik orasida umuman tahlil qilinmaydigan bu tizimning vakolatlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida qator chiqishlar qilingandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z vazifasiga kirishganidan keyin davlat boshqaruvida qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Kuch ishlatar tizimlardan Ichki ishlar vaziri, Mudofaa vaziri almashdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati tizimida ham islohotlar boshlanishi anchadan buyon kutilayotgan edi. Lekin Prezident bu ishga shoshilmadi va 2018 yilning 31 yanvarida general-polkovnik Rustam Inoyatov o‘rniga shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlab kelgan Ixtiyor Abdullayevni MXX raisi etib tayinladi.

Bundan tashqari, MXX tizimida yana qator kadrlar almashinuvi kutilmoqdaki, bu Prezidentning mazkur tizim faoliyatini jiddiy qayta ko‘rib chiqayotganidan dalolat beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » MXX raisi Rustam Inoyatov nega vazifasidan ozod etildi?