00:20 / 15.02.2018
4 835

Bozorlarimizda ba’zan ayrim oziq-ovqat tovarlarining taqchilligi kuzatilmoqda. Buning sabablari nimada?

Bozorlarimizda ba’zan ayrim oziq-ovqat tovarlarining taqchilligi kuzatilmoqda. Buning sabablari nimada?
Masalan, shakar, kartoshka kabi mahsulotlar rastalarda tortilib qolishi, ularning narxi barqaror emasligi iste’molchilarda e’tiroz keltirib chiqarmoqda.

Buning o‘ziga yarasha ob’ektiv va sub’ektiv sabablari mavjud. Bozorlarimizdagi nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba’zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi oqibatida qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Bu tarmoqda jiddiy tizimli muammolar saqlanib qolayotganidan dalolatdir, deb yozadi O‘zA nashri.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2017 yilning 11 oyi davomida importyorlar ozod qilingan bojxona imtiyozlari hajmi 409 milliard so‘mni tashkil etgan. Ushbu davr mobaynida jami 620 ta kompaniya yurtimizga 422 million dollarlik 105 turdagi mahsulot olib kirgan. Ulardan 305 sub’ekt bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda 283,5 million dollarlik 81 turdagi mahsulotni import qilgan. 211 million dollarlik mahsulot olib kirgan 25 yirik kompaniya esa 280 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalangan. Jami importyorlarning 4 foizigina yurtimizga 50 foiz oziq-ovqat mahsulotlari olib kirib, qariyb 70 foizlik bojxona imtiyozlariga ega bo‘lgan.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, bunday imtiyozlar qo‘llanilgani bilan mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining tannarxi aholi talab-ehtiyojini qondira olmaydi. Bu esa sohada adolatli tartib joriy etishni, ya’ni barcha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tenglashtirish lozimligini taqozo etadi.

Ma’lumki, 2018 yil 1 fevraldan boshlab yurtimizga oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga taqdim etilgan individual bojxona, soliq hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar bekor qilindi. Bundan tashqari, joriy yil 1 fevraldan iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilindi. Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga import xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etildi. Iste’mol tovarlarini tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab qilinmaydigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlari bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishda sun’iy to‘siqlar yaratish, sansolarlik va suiiste’molchilik holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun shaxsiy javobgarligi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Bu vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, rastalarimizni xavfsiz hamda arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bozorlarimizda ba’zan ayrim oziq-ovqat tovarlarining taqchilligi kuzatilmoqda. Buning sabablari nimada?