22:44 / 15.02.2018
4 487

Og‘ufurushning yurishmagan "ovi"...

Оғуфурушнинг юришмаган "ови"...
Yangiyullik Achilov Baxtiyar ham og‘ufurushlik jinoyatiga qo‘l urishdan oldin buning oqibati haqida o‘ylab ko‘rmagandi. Giyohvandlik moddalarini iste’mol qiluvchi yigitlar bilan salom-alik qilib yurgan Baxtiyarning o‘zi ham ko‘p o‘tmay bu illatni yuqtirib oldi. Avvaliga nashani beminnat “tuhfa” qilib yurgan tanishlari bora-bora unga bu matohni tekinga bermay qo‘yishdi. Endi yaxshigina pul chiqarmasa, shirin kayf ulashuvchi ovunchog‘idan quruq qoladigan bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab unga tekin ega bo‘lish chorasini topdi. 2016 yilning bahor oylarida o‘zi yashayotgan Sho‘ralisoy qfy hududidagi Jo‘rariq kanalining qarama-qarshi tomonidagi jarlikka hech kimga bildirmaygina bir tanishidan olgan marixuana o‘simligi urug‘ini sepdi. Bu o‘simlik o‘sib chiqib, tayyor mahsulotga aylansa, nafaqat o‘z ehtiyojiga yaraydi, uni sotib yaxshigina foyda ham ko‘rishi mumkin, axir. Kuz oylariga borib giyohvandlik o‘simligi pishib yetildi. Baxtiyar katta boylikka ega chiqqanday xursand bo‘ldi. Uni imi-jimida uzib olib, kishi ko‘ziga tashlanmas joyga yashirib qo‘ydi. Ko‘ngli tusaganda o‘zi uchun tayyorlab, iste’mol qilib yurdi. Shu bilan birga, zimdan mahsulotiga xaridor topish payida bo‘ldi.

Kunlarning birida u kutgan mijoz ham oyog‘i ostidan chiqdi. Ko‘chada ko‘rishib qolgan Turaxodjayev Eldor degan hamtovogi Baxtiyarga chekishga nasha kerakligi, kimda bo‘lsa, sotib olmoqchi ekanini aytib qoldi. Molini o‘tkazishga imkon paydo bo‘lganini sezgan Baxtiyar tanishiga u aytgan narsa o‘zida topilishini, agar istasa bir iloj qilib yetkazib berishini sha’ma qildi. Eldor ham o‘lib turgan ekanmi, daragini eshitdiyu, xaridor bo‘ldi-qoldi. Sotiladigan giyohvandlik moddasining miqdori, uning bahosi va oldi-berdi qilish uchun uchrashish joyini ikkalasi kelishib olishdi. Baxtiyar yetishtirgan nashasini jami besh dona qog‘oz bo‘laklariga o‘rab joylashtirdi. Uning bir donasini o‘zi iste’mol qilishi uchun ajratgan bo‘lsa, to‘rt donasini 200.000 sum pul evaziga xaridorga yetkazishni mo‘ljalladi. 2017 yilning 28 mart kuni taxminan soat 15.00larda Sho‘ralisoy qfy, X.Tursunqulov jamoa xo‘jaligidan kesib o‘tuvchi ko‘prik ustida Eldor bilan uchrashish maksadida yo‘lga chiqdi.

Baxtiyar qo‘lga kiritajak pulni uylab kayfiyati chog‘ holda ko‘chada ketayotgan vaqtida kutilmagan holat yuz berdi. To‘satdan qarshisida paydo bo‘lgan huquq-tartibot organlari xodimlari uni qo‘lga olmoqchi bo‘lishdi. Shirin uy-xayoli bir zumda havoga uchgan nashafurushning qonun posbonlaridan qochib qutulish uchun qarshilik ko‘rsatishi behuda ketdi. O‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida gumondor sifatida ushlangan B.Achilov hibsxonaga olib borilib, xolislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi. Oldindan to‘g‘ri shubha ostiga olinganidek, uning cho‘ntagidan umumiy og‘irligi 20,03 grammga teng marixuana giyohvandlik vositasi chiqdi.

Bu paytda Eldor Turaxodjayev ko‘prik ustida Baxtiyarni kutib turardi. Kelishilgan vaqt o‘tib borayapti hamki undan darak yo‘q edi. Oradan bir soatga yaqin fursat o‘tgach, Eldor sherigining kelishidan umidini uzdi. Ichida uni buralatib so‘kkanicha noiloj uyiga qaytib ketdi.

B.Achilov dastlabki so‘roq paytidayoq aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Yuzma-yuz ko‘rishtirish paytida E.Turaxodjayev ham buni tasdiqladi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Manfur yo‘lga qadam bosgan B.Achilovga sud tomonidan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

So‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman, deb bekorga aytmaydilar. Mukaddam sodir etgan jinoyati uchun sudlangan Baxtiyar jazoni o‘tagach, qaytib bu razolat ko‘chasiga kirmasligi kerak edi. Ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi. Ammo B.Achilovga o‘xshagan kimsalarga hayot yo‘lida qoqinish hech bir dars bo‘la olmas ekan. U jinoyat ko‘chasida yana qayta adashishni to‘g‘ri deb bildi va buning uchun oxir-oqibat qonun qarshisida javob berishi mumkinligini o‘ylamadi. Endi esa oilasi bag‘rida, yaqinlari orasida baxtiyor va xursandchilik bilan kechishi kerak bo‘lgan umrining bir necha yillarini panjara ortida o‘tkazishga mahkum.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Og‘ufurushning yurishmagan "ovi"...