09:30 / 17.02.2018
8 427

Mansabdor shaxsning to‘yda olgan sovg‘asi pora hisoblanmaydimi?

Mansabdor shaxsning to‘yda olgan sovg‘asi pora hisoblanmaydimi?
Korrupsiya – rivojlanish darajasi, mentaliteti hamda madaniyatidan qat’i nazar dunyo davlatlarining barchasida tarqalgan. Lotincha “cor ruptum” so‘zidan olinib, “singan, buzilgan” degan ma’no beradigan bu illat shaxsiy hayot hamda korporativ foyda yo‘lida jamiyat manfaatlariga putur yetkazishni anglatadi.

“Transparensy international” (xalqaro oshkoralik) notijorat nohukumat tashkiloti fikriga ko‘ra, korrupsiya shaxsiy manfaatni ko‘zlab xizmat vazifasini suiiste’mol qilishdir.

Rus huquqshunosi, professor Aleksandr Gurov korrupsiyaning 3 ta asosiy shaklini ajratadi:

birinchisi – siyosiy. Mansabdor shaxs yuzaga kelgan qarindosh-urug‘chilik munosabatlari tufayli qonunga zid harakat qiladi.

Ikkinchisi – jinoiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lib, mansabdor shaxslarni sotib olishga asoslangan. Ular esa mukofot puli olish evaziga g‘ayriqonuniy xizmatlar ko‘rsatadi.

Uchinchisi – taraflardan biri o‘ziga eng qulay tartibni vujudga keltirish uchun jinoyatga mansabdor shaxslarning tegishli toifalarini izchillik bilan jalb etishni nazarda tutadi.

Korrupsiya harakatlari ko‘pincha faoliyatning juda murakkab, oddiy odam tushunishi qiyin o‘ziga xos va maxfiy turlarida sodir etiladi. Korrupsiya har qanday sharoitga moslashishda yuqori xususiyatga ega. Uning turlari muntazam ravishda o‘zgarib va takomillashib bormoqda. Pinhoniylik uning asosiy xususiyatidir.

Amerika jinoyat qonunchiligida korrupsiyaning aniq tushunchasi mavjud emas. Ushbu mamlakatda mansabdor shaxslarning mansabidan foydalangan holda har xil sohalarda va har xil turlarda poraxo‘rlik hamda g‘araz niyatdagi jinoyatga qo‘l urishi tushuniladi.

AQSh federal qonunchiligida mansabdor shaxsga pora berish hamda ular tomonidan pora olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Mansabdor shaxs deb faqatgina Qo‘shma Shtatlar va hukumat nomidan hamda hukumat manfaati yo‘lida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxsni tushunishadi.

Shuningdek, mansabdor shaxsga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vositachi orqali qimmatliklarni beruvchi, va’da qiluvchi yoxud taklif etuvchi shaxslar ham javobgarlikka tortiladi.

AQShning amaldagi qonunchiligida boshqaruvchi postda o‘tiruvchilar sovg‘a va mukofotlar olishi belgilangan. Biroq Kongress roziligisiz AQSh davlat xizmatida faoliyat ko‘rsatuvchilar chet el davlatlaridan hech qanday sovg‘a, mansab qirollik titulini olishlari mumkin emas.

Qonun davlat xizmatchilari, ijro etuvchi va sud hokimiyati moliyaviy holati bo‘yicha hisobot berib turishini talab qiladi. AQSh davlat xizmatidagi mansabdor shaxs sirasiga prezident, vitse-prezident, senatorlar, Kongress palata a’zolari, Kongress a’zoligiga nomzodlar va sud hokimiyati a’zolari kiradi.

Biroq konstitutsion taqiq bo‘lishiga qaramay chet el davlatlaridan sovg‘a, mukofotlar olinadi. Bu bo‘yicha alohida, sovg‘a va mukofotlarni olish qoidasi belgilangan. Ya’ni davlat xizmatchilari suvenir, hurmat yuzasidan berilgan sovg‘alarning narxi o‘sha vaqtdagi minimal narxdan oshmagan taqdirda, ya’ni AQSh hududida ushbu buyum minimal sotuv narxidan oshmagandagina olishga huquqlari bor.

Ushbu qoidalar davlat xizmatchilari bo‘lgan prezident va vitse-prezident, senatorlar, Kongress palata a’zolari, Kongress a’zoligiga nomzodlar va sud hokimiyati a’zolarining turmush o‘rtoqlariga ham taalluqlidir.

Kosta-Rikalik Oskar Armas Sanches fikricha, korrupsiya tadbirkorlikning oddiy usuli tarzida global ahamiyatga ega va u quyidagicha tavsiflanadi:

1-guruh “ishchanlik poralari” deb ataladi. Ular firma xizmatchisiga o‘zining mansab vazifalarini tezroq bajarishi uchun beriladi. Natijada pora beruvchi firmaga foydaliroq shart-sharoitlar taklif etishi mumkin bo‘lgan boshqa raqobatchilarning manfaatiga zarar yetkazgan holda kontrakt tuzadi.

2-guruhga “to‘xtatib turuvchi poralar” kiradi. Ularni pora beruvchi harakatni zimdan to‘xtatish uchun to‘laydi. Natijada, masalan, da’vo muddatlari buzilishi yoki to‘lovlar vaqtida to‘lanmasligi yuz beradi, pora beruvchi esa foiz tarzida qo‘shimcha daromad oladi yoki sifatsiz tovar yetkazganlik uchun javobgar bo‘ladi.

3-guruhga “to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish” kiradi. Bunda pora noqonuniy xatti-harakatlar bajarish yoki harakatsizlik uchun beriladi. Masalan, tijorat siri bo‘lgan axborot berganlik uchun.

Yevropa xalqaro va siyosiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, tijorat tuzilmalari davlat apparatida “o‘z odamlarini” saqlash uchun daromadlarining 30 dan 50 foizgacha bo‘lgan qismini sarflaydi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida iqtisodiy faoliyat sohasida xizmat mavqeini suiiste’mol qilish kasaba uyushmalari organlari vakillari tomonidan ham yuz berishi mumkin. Masalan, Amerika kasaba uyushmalarining aksariyati korrupsiya bilan zaharlangan, ularning rahbarlari esa turli sovg‘alarni jon deb oladilar. Kasaba uyushmalari arboblari ish tashlashlarni bartaraf etish maqsadida jamoa shartnomasini tuzish, tadbirkorlarning ijtimoiy sug‘urta fondlariga o‘tkazadigan ulush miqdorlarini belgilash bilan bog‘liq holda sotib olinadi.

AQShning ayrim shtatlarida tijoratdagi poraxo‘rlik bilan birga jinoyat kodekslarining o‘sha bo‘limlarida kasaba uyushmasi sohasidagi javobgarlik ham belgilangan.

Masalan, ba’zi shtatlar jinoyat kodeksida kasaba uyushmasi vakilini sotib olganligi uchun, ya’ni unga harakatiga yoki qarorlariga ta’sir o‘tkazish maqsadida qandaydir mukofot berganlik hamda kasaba uyushmasi vakili uning o‘z harakatlari yoki qarorlariga ta’sir etishni tushungan holda pora olganligi uchun javobgarlik belgilangan.

Nyu-York shtati jinoyat kodeksida tijorat maqsadida sotib olish hamda tijorat porasini olish farqlanadi. Bu qilmishlar normalarga kiritilgan, ya’ni ular davlat muassasalari xizmatchilarining qonuniy xatti-harakatlarini sodir etish uchun komission haq olishga qaraganda uncha xavfli emas, deb baholanadi.

Tijorat maqsadida sotib olish deganda xizmatchiga yoki vakolatli shaxsga uning ish beruvchisi yoki rahbariyatining roziligisiz qandaydir mukofot berish tushuniladi. Ushbu shaxsning ko‘rsatilgan sharoitlarda bitim tuzib, o‘z ish beruvchisi yoki rahbari ishlariga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi oqibatini tushungan holda ushbu mukofotni olishi tijorat porasi sifatida baholanadi.

AQSh xizmat tajribasi tijorat poraxo‘rligi tushunchasi doirasiga qandaydir tovarlarni sotadigan firmadan ushbu tovarlarni sotib oluvchi firma xizmatchilarining sovg‘a olishini, basharti bu sovg‘a ularning o‘z firmasiga nisbatan faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi isbotlanmagan bo‘lsa, kiritmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham pora olganlik va pora berganlik uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, kodeks 210-moddasiga ko‘ra, pora olish deganda, mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishi tushuniladi.

Pora har xil moddiy boyliklar shaklida: pul, chet el valyutasi, qimmatbaho buyumlar, oziq-ovqatlar, sanoat tovarlari bo‘lishi mumkin. Mansabdor shaxsga nomoddiy xizmat ko‘rsatish, shu bilan birga, mansabdor shaxsning shaxsiy va ijtimoiy hayotiga daxldor bo‘lgan tantanali kunlarda sovg‘alar olishi pora hisoblanmaydi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashga to‘sqinlik qiladigan omil uning pinhoniy tarzda amalga oshirilishidir. Demak, uni butkul bartaraf qilishning imkoni yo‘q. Biroq iqtisodni rivojlantirib, ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish orqali ushbu jinoyat ko‘rsatkichlari pasayishiga erishish mumkin.
Baxtiyor QILIChOV

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mansabdor shaxsning to‘yda olgan sovg‘asi pora hisoblanmaydimi?