17:56 / 01.03.2018
5 289

Trampdan Shavkat Mirziyoyevga xat keldi

Trampdan Shavkat Mirziyoyevga xat keldi
Bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan joriy yil 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ta’rifi bayon etilgan maktubini olganidan mamnun bo‘lganini qayd etgan.

Maktubda AQSHning Janubiy Osiyodagi strategiyasi mintaqa mamlakatlarini Afg‘onistondagi nizoni tartibga solish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun birdek mas’uliyat his qilishga undashi ta’kidlangan.

Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.

Shuningdek, maktubda bunday deyilgan:

“Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz katta muvaffaqiyatlar keltirdi.

O‘tgan yili noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiya butun Markaziy Osiyo bo‘ylab istiqbolli hamkorlik muhitini yaratdi, dekabr oyidagi Prezident Ashra G‘ani bilan uchrashuvingiz esa mustahkam hamkorlik va taraqqiyotga zamin hozirlab berdi.

Sizning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga doir tashabbusingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, shunday ekan, ushbu format afg‘onistonliklar boshchilik qilayotgan Kobul jarayoni bilan muvofiqlashtirilishini ta’minlash uchun biz hamkorlikda astoydil ishlashimiz zarur.

Oq uy ma’muriyati Toshkentdagi konferensiyada ishtirok etuvchi AQSH delegatsiyasi tarkibini ko‘rib chiqmoqda.

Samimiy va iliq so‘zlaringiz, shuningdek, Afg‘onistondagi birgalikdagi sa’y-harakatlarga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston xalqiga salomim va ezgu tilaklarimni yetkazishingizni so‘rayman.

Yaqin orada Siz bilan uchrashishni intizorlik bilan kutib qolaman.

Ehtirom bilan,
Donald Tramp,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Trampdan Shavkat Mirziyoyevga xat keldi