00:33 / 17.03.2018
6 360

94 yoshli fuqaroning din va millat g‘amida Prezidentga qilgan murojaati

94 yoshli fuqaroning din va millat g‘amida Prezidentga qilgan murojaati
20 yildan buyon masjidda e’tikofda (masjid hovlisidan chiqmay yashayotgan) o‘tirgan, 94 yoshli fuqaroning Yurtboshimizga din va millat g‘ami yuzasidan qilgan murojaati.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani "Miyona" jome’ masjidida istiqomat qiluvchi Fayzulloh Abdulqahhorov nomidan

MUROJAATNOMA

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hurmatli Prezidentim!

Sizni davlatimizga rahbar bo‘lishingizni Allohning o‘zi istadi. Ilohim Robbim Sizni dushmanlarning fitnalaridan, yomonliklardan asrasin!

Agar bir kishi farzandini ustozga ilm olishi uchun bersa, ustoz bolaga “A’uzi billahi minashshaytonir rojim, bismillahir rohmanir rohim” kalimasini o‘rgatsa, Allohim amallarni yozuvchi farishtalarga shunday der ekan: “Guvoh bo‘linglar, Men hozirdan boshlab shu bolaning, otasining, onasining va ustozining jasadini do‘zax o‘tiga harom qildim”.

Agar o‘sha farzand “Fotiha” surasini yodlasa, u bandani yetti do‘zaxdan xalos etadi.

Bola Islomni o‘rganib, qalbi Alloh bilan bog‘lansa, undan yomonlik chiqmaydi. Jamiyat undan naf oladi. Davlat rivoj topadi. Oqibat Sizning, ya’ni bizning mamlakatimiz qudratli bo‘ladi.

Alloh taoloning 3 ming ismi bor. 1000 ismini Payg‘ambar alayhissalomlar yod etdilar. 1000 ismini farishtalar yod etadilar. 300 ismi Tavrotda, 300 ismi Zaburda, 300 ismi Injilda kelgan. 99 ismi Qur’oni Karimda kelgan. Bir ismi borki, uni Allohimdan o‘zgasi bilmaydi. 3000 ismning quvvati bismillahir rohmanir rohimda jam bo‘lgan. Hamma bir bo‘lib shu kalimani Allohning kechirimliliga ishonib, 3000 ismni tasdiqlab aytsa, kechiriladi, inshaalloh.

Bismillahir rohmanir rohim kalimasida 19 harf bor. Uni o‘qib vafot etgan insonni Allohim kechiradi. Ushbu kalimani aytib yursa, Alloh o‘zi asraydi. Uni aytib yurgandan shayton qochadi.

Arshning peshtoqiga bismillahir rohmanir rohim deb yozilgan. U yerdan to‘rt daryo oqadi. Ularning nomi bular:

1.Suv daryosi;
2. Sut daryosi;
3. Jannati behishtdan keladigan suv daryosi;
4. Asal daryosi.

Bu daryolar Kavsar hovuziga quyiladi.

Allohim bandalariga ota-onasidan ham mehribon. Allohim shunchalik mehribonki, O‘zining yo‘lida yurgan bandasini azoblamaydi.

Muhammad sallalohu alayhi vasallamning vafotlari bunday bo‘lgan. Jabroil alayhissalom kelib, jannat u zot sallalohu alayhi vasallamga mushtoqligini aytdi. Ammo Rosululloh sallalohu alayhi vasallam ummatlari uchun jannatni so‘radi. To Alloh taolo ummatlari birinchi bo‘lib jannatga kirishini xabar qilmaguncha duo qilaverdilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vasallam hatto vafot eta turib ham ummatlarini o‘ylaganlar. Bizga Allohning amri qanchalik buyuk bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning amrlari, qilgan ishlari ham ana shunday buyukdir. U zot sallalohu alayhi vasallamning xulqlari, sunnatidan tashqariga chiqish yaxshi emas.

Bizga Allohim inoyati bilan iymon berdi. Robbim O‘z Buyukligi, Mehribonligi bilan ilohiy nurini qalbimizga joylaydi.

Yana bir gapni aytib o‘tishim lozim. Imom A’zam rahmatullohi alayh va shogirdlari Imom Muhammad rahmatullohi alayh va 77 mujdahidlarining gaplari hamda asarlarida “Islomda majburlash yo‘q” degan jumla keltirilmagan. Bugungi olimlarga nima bo‘lganki, bu gaplarni ishlatib, dinning qadrini tushirmoqda. Natijada odamlarning qalbi qotib, osongina dindan chiqib ketmoqda. Bu gapni ishlatish yaxshi emas.

Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam Madinaga borganlarida ko‘plar iymon keltirdi. Oradan vaqt o‘tgach, bir nasroniy olim ikki aka-ukani yo‘ldan urdi. Pul taklif qilib, dindan chiqarib, ularni o‘zi bilan olib ketdi.

Bir sahobiy roziyallohi anhu kelib, Rosululloh sallallohu alayhi vasallamga voqeaning xabarini berdi. O‘shanda din zaif edi. Shuning uchun ularga chora ko‘rilmadi. Alloh taolo qaytarishga hukm qilmadi, ammo din kuchaygach, namozga, dinga majburlash amr etildi. Hatto ko‘plab janglar ham bo‘ldi. Qancha insonlar din yo‘lida vafot etdi (shahid bo‘ldi). Demak, Islom ahli yashaydigan mamlakatda “dinda majburlash yo‘q” degan gapni ishlatmaslik lozim. Qur’oni Karimning 70 ga yaqin oyatlarida dinni targ‘ib etish qattiq hukm qilingan.

Janob Prezidentimiz, Sizdan bir iltimosim bor edi. Diniy ta’limni olib borilishiga ijozat bersangiz. Juma kunlarini musulmonlarning dam olish kuni deb qabul qildirsangiz, masjidlarga bolakaylarning kelishiga ruxsat bersangiz. Shu ishlarni amalga oshirsangiz, osmonu yerimiz nurga to‘lardi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vasallam xabar beradilarki, Odil podshohlar soya yo‘q kunda men bilan birga soyada turadi. Alloh Mehribon Zot agar adolat qilsangiz, Lavhul maxvuzda sizni odil podshoh deb yozdiradi.

Muftiyga sof Islom dinini qaytadan jamiyatga joriy etish uchun o‘qishga oson va vaqflari joyida bo‘lgan Qur’oni Karim kitoblarini chop etish haqida topshiriq bersangiz ayni muddao bo‘lardi. Buxoro, Toshkent va Samarqand choplarini ko‘paytirish zarur.

Qori Ziyoviddin muftiy hajga borganida u yoqdagi musulmonlar Brejnevdan diniy ta’lim o‘qitilishini so‘rashni iltimos qilgan. U dinni tan olmaydigan podshoning oldiga kirib, maktablarga kirib ruxsat so‘ragan. Ammo u ruxsat bermagan. Lekin Qur’on chop etishga ijozat bergan. U Kalomullohni to‘rt nusxada chop etgan. Yana “Muhtasari Viqoya” asarining turkcha nusxasini ham chop etgan.

Maqsudxo‘ja eshon yozgan “Sharhi Viqoya” asarini ham chop ettirish kerak. Turkiyda yozilganini chop ettirish lozim deb o‘ylayman. O‘sha kitobdan har bir masjidda bittadan bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki Islomiy masalalarni insonlar bilishi lozim. Fiqhni odamlar yoshligidan o‘rgansa, odob o‘rgansa Islom kuchayadi. Xalqning rizqi barakali bo‘ladi, Islom behurmat qilinmaydi. Amaldorlar haddidan oshmaydi, Allohdan qo‘rqadigan bo‘ladi. Yoshlar dinidan voz kechmaydi.

Agar Siz farzandlarimizga, xalqimizga shunday sharoitlarni yaratib bersangiz, Alloh Sizdan marhamatini darig‘ tutmaydi.

Allohim Sizni O‘z himoyasida saqlasin. Odil podshoh bo‘ling. Gaplarimni inobatga olishingizdan umidim bor. Adolatingizdan umidvorman. Xayrli harakatlaringizga Robbim barakalar bersin.

Hurmatli Yurtboshim, mendek bir keksa fuqaroingizdan ranjimang. Gaplarim malol kelmasin. Uzrimni qabul eting.

Allohim to‘g‘ri yo‘lda barchamizni mustahkam qilsin. Habibimiz Muhammad Mustafo sallalohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlanishimizni, avliyolardek aziz bo‘lishimizni, yuzlarimiz ikki dunyo yorug‘ bo‘lishini O‘zing nasib etgin Yo Robbil A’lamin.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 94 yoshli fuqaroning din va millat g‘amida Prezidentga qilgan murojaati