10:13 / 21.03.2018
16 767

Transport vositasining noto‘g‘ri to‘xtashi yoki to‘xtab turishi qanday belgilanadi?

Transport vositasining noto‘g‘ri to‘xtashi yoki to‘xtab turishi qanday belgilanadi?
Noto‘g‘ri to‘xtash yoki to‘xtab turish muammosi, ya’ni belgilanmagan yoki ruxsat etilmagan joylarda avtomobillarni qoldirib ketish, umuman olganda, avtomobillar soni tez sur’atlarda ortib borayotgan barcha rivojlangan davlatlarda dolzarbdir. Uning samarali yechimini hozirda hamma izlamoqda. Transport vositalarining duch kelgan joyda to‘xtab turishi shahardagi aksariyat ko‘chalarning qatnov qismidan foydalanish imkoniyatini kamaytiradi va yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ko‘chalardagi tirbandliklar qimmatli ish vaqtining boy berilishiga, yog‘ilg‘ining ortiqcha sarflanishiga, transport avariyalariga va nihoyat, havoning ifloslanishiga olib keladi. Bu esa iqtisodiy ziyon yetadi, degani, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Abduqodirov.

Noto‘g‘ri to‘xtab turgan avtomobil boshqa transport vositalari va piyodalarning harakatiga xalal beradi. Demakki, yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda avtomobilsozlikning jadal rivojlanishi va shunga muvofiq mashinalarning soni ortishi sababli so‘nggi paytlarda, afsuski, ularning belgilanmagan joyda to‘xtab turish muammosi O‘zbekistonda ham dolzarblik kasb etmoqda. Bu muammo, ayniqsa, poytaxtimizda jiddiy tus olgan. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yuqorida qayd etilgan qoidabuzarliklarni sodir etgani uchun 2627 nafar haydovchi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1286-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortildi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari transport vositalarida to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan qonunga muvofiq chora ko‘rmoqdalar.

Foto: mvd.uz
Keling, to‘xtab turishning umumiy qabul qilingan tushunchasidan boshlaylik. To‘xtab turish, ya’ni parkovka («parking» – ingliz tilida «rarking») – texnik termin bo‘lib, mexanizm, transport vositasining belgilangan xavfsiz joyda ishsiz, harakatsiz turgan holatining shtatli tarjimasini anglatadi. Ushbu termin ko‘p hollarda avtotransport vositalari haqida gap ketganda qo‘llaniladi.

Mamlakatda amalda bo‘lgan Yo‘l harakati qoidalarining «To‘xtash va to‘xtab turish» bo‘limida to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari, shuningdek, transport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi man etilgan joylar qayd etilgan. Transport vositalari haydovchilari yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishi va ularga qat’iy amal qilishi lozim. «To‘xtash» va «to‘xtab turish» tushunchalari nimani anglatishini eslatib o‘tsak.
Qoidalarda aytilishicha, to‘xtash – transport vositasining harakatini 10 daqiqadan kam vaqtga to‘xtatish (harakatsiz holatga keltirish). To‘xtab turish – transport vositasining, unga yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda harakatini 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish.
Jumladan, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasini buzgan haydovchilarga nisbatan joyida YPX inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib kelinmoqda. Agarda transport vositasining haydovchisi bo‘lmasa va to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalariga rioya qilinmaganligi oqibatida mazkur transport vositasi yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasiga asosan transport vositasi maxsus to‘xtash joylari (jarima maydoni)ga evakuatsiya qilinmoqda. Bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ushbu moddasi qonunning quyidagi normalarida aks etadi:

evakuatsiya qilinish tartibi belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 149-sonli qarori;

transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi (hozirgi kunda 516 720 so‘mni tashkil etadi) aytib o‘tilgan O‘zbekiston Respublikasining MJtKning 1286-moddasi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish esa eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (bugungi kunda 861 200 so‘mni tashkil etadi). Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (1 722 400 so‘mni tashkil etadi). Va nihoyat, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (2 583 600 so‘mni tashkil etadi).

Davlat rahbariyati tomonidan, o‘z o‘rnida, transport vositalari oqimini yanada samarali boshqarish va yo‘l harakati xavfsizligi darajasini sifat jihatdan ko‘tarish maqsadida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 avgust kunidagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3245-sonli Qarorida “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy majmuasini yaratish maqsadida ilg‘or aniqlash texnologiyalari, zarur ob’ektlarni qo‘llash orqali avtotransport uchun jamoat intellektual to‘xtash joyining apparat-dasturiy yechimini joriy etish hamda “Xavfsiz shahar” majmuasini yanada rivojlantirish doirasida onlayn-to‘lovni tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ-3528-sonli Qarorining 25-bandida esa, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to‘g‘risida takliflar kiritish, bunda haydovchisi bo‘lmaganda ham noto‘g‘ri to‘xtab turish holatini qayd etish va bayonnomalar tuzilishi nazarda tutilgan.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB xodimlari bir qator davlatlarning yo‘l harakati xavfsizligi sohasida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, shuningdek to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llash amaliyoti borasidagi tajribasini o‘rganib, o‘z takliflarini tayyorlashmoqda.
Bugungi kunda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan respublikamiz hududidagi avtomobil yo‘llari va ko‘chalarga o‘rnatilgan 3.27 “To‘xtash taqiqlangan” va 3.28 “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilari xatlovdan o‘tkazildi. Shuningdek, Toshkent shahrida to‘xtashni taqiqlovchi 107ta belgi olib tashlandi, ulardan 28tasi “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgisiga almashtirildi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Transport vositasining noto‘g‘ri to‘xtashi yoki to‘xtab turishi qanday belgilanadi?