23:02 / 22.03.2018
3 896

Shavkat Mirziyoyev va Den Syaopin. Ularni nima bog‘lab turadi?

Shavkat Mirziyoyev va Den Syaopin. Ularni nima bog‘lab turadi?
Kollaj: «Xabar.uz»
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida «Xitoy mo‘’jizasi»ning muallifi bo‘lgan Den Syaopinni ko‘proq o‘qishni tavsiya qildi.

Bugungi kunda tahlilchilar Xitoyning so‘nggi 40 yilda qo‘lga kiritgan yutuqlari zamirida iqtisodiyotdagi samarali islohotlar turishini tan olmoqda. Islohotlar boshlangan yillarda Xitoyda xususiy korxonalar deyarli yo‘q edi. Bugungi kunda korxonalarning 75 foizi xususiydir. Mamlakatda nafaqat xususiy mulkchilikka, balki iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham munosabat tubdan o‘zgardi. Avvallari ishlab chiqarish va iste’mol markazlashgan bo‘lsa, endi ular firma va oilalar qo‘liga o‘tdi. Olib borilgan tub islohotlar natijasida ma’muriy buyruqbozlik o‘rnini iqtisodiy tashabbuskorlik, bozorga moslashuv, raqobatbardoshlik egalladi.

Tahlilchilarning fikricha, «individual tashabbuslarning erkinligi iqtisodiy taraqqiyot omili ekanligini» Xitoydagi islohotlar isbotlab berdi. Hukumat nafaqat sanoatda, balki agrar sohada ham keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga qaror qildi. Xitoy jahondagi haydaladigan yerlarning 7 foiziga ega bo‘lishiga qaramay, sayyoramiz aholisining to‘rtdan bir qismini boqishi kerak. Bir vaqtlar xalqaro hamjamiyat oldida «Xitoyni kim boqadi?» degan savol paydo bo‘lgan edi. O‘shanda Xitoy rahbarlari va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassislar «Xitoyliklar o‘zini o‘zi boqa oladi» deb javob qaytarishgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Qishloqlarda islohotlar boshlangan 1978 yildan boshlab Xitoyda agrar soha rivojlana boshladi. Buning samarasi o‘laroq, bugungi kunda Xitoy g‘alla, paxta, yog‘-moy, sabzavot-meva, go‘sht, tuxum yetishtirishda jahonda yetakchilik qiladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoy kichik biznesi mayda ustaxonalardan boshlangan. Yillar o‘tib kichik biznes «Xitoy mo‘’jizasi»ni yaratdi. Bugungi kunda Xitoy matbuotining yozishicha, «mamlakatda osmono‘par binolar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib bormoqda». Eksportga chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlarning asosiy qismi aynan kichik korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jahondagi elektronika mahsulotlarining katta qismi Xitoy korxonalarida yig‘ilganini ham tan olish kerak. Jahon aholisi Xitoy mahsulotlari sifatidan qoniqmasa-da, baribir ularni sotib olmoqda. Shuni eslatib o‘tish kerakki, mamlakatda arzon, shu bilan birga sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanayapti. Buning natijasida jahonning har bir mamlakatida Xitoy mahsulotlarini uchratish mumkin. Ko‘pchilik italyan poyabzali, ingliz kostyum-shimi, Shveysariya soatidan foydalanishidan faxrlanishi mumkin. Biroq faxrlanishga (to‘g‘rirog‘i, maqtanishga) shoshilish kerak emas.

Diqqat bilan qaraydigan bo‘lsak, dunyoning har bir mintaqasida istiqomat qiluvchi oilalarning dasturxonidagi mahsulotlardan tortib turmushda ishlatilayotgan buyum va jihozlarning hammasida «Made in China» tamg‘asini ko‘rish mumkin. Xitoyda jahondagi mashhur avtomobil brendlariga o‘xshash avtomobillar ishlab chiqarilayotganiga ham tan berish kerak. To‘g‘ri, hozircha xitoy avtomashinalarining sifati yaponlar yoki nemislarniki darajasiga yetmagan, biroq xitoylik mutaxassislar qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Bu mamlakat tadbirkorlari jahonda yangi paydo bo‘lgan har qanday mahsulotni ishlab chiqarishni o‘zlashtirib olishni maqsad qilishgan.

Ekspertlar Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyotga baho berar ekan, bunga mamlakat aholisining milliy mentaliteti asosiy omil bo‘layotganini ta’kidlashmoqda. Chunki mehnatni iqtisodiy farovonlik omili va milliy qadriyat deb bilgan xitoyliklar o‘zlarining tadbirkorligi va mehnatsevarligi bilan faxrlanishadi.

1960-yillardagi «katta sakrash» va «madaniy inqilob» tufayli 1976 yilning oxirida Xitoy chuqur iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Xitoy matbuoti yozganidek, 1966 — 1976-yillar mamlakatni ortga uloqtirib tashlagan «yo‘qotilgan o‘n yillik» davri bo‘ldi. Mamlakat iqtisodi butunlay tanazzulga uchragan, yuz minglab aholi qashshoqlikda kun kechirardi. 1978 yilda import mahsulotlarini xarid qilish uchun ham valyuta yetishmas edi. Texnologiya bo‘yicha Xitoy rivojlangan davlatlardan bir necha o‘n yil ortda qolib ketgan edi. Aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ularning daromadi yashab qolishgagina yetardi. Qo‘shimcha mablag‘ topish qatiyan man qilingan edi.

Mamlakatning «buyuk ilhomchisi» Mao Szedun (1976 yil sentyabrda) vafot etganidan so‘ng Xua Gofen davlat rahbari bo‘ladi. U Mao Szedun siyosatini davom ettirishini aytadi. Shu bilan birga rahbariyat ichida pinhona kurash boshlanadi. Oxiri Den Syaopin boshchiligidagi pragmatiklar g‘alaba qozonadi. 1977 yilning iyunida Den Syaopin rahbarlik lavozimlariga saylanadi. U Xitoy kommunistik partiyasi raisi o‘rinbosari, Harbiy kengash raisining o‘rinbosari, Xitoy xalq ozodlik armiyasi bosh shtabining boshlig‘i, XXR Davlat kengashi raisining o‘rinbosari lavozimlarini egallaydi. 1970-yillarning oxiriga kelib Den Syaopin amalda partiya va mamlakat yetakchisiga aylanadi.

Uning g‘oyasi bo‘yicha to‘rt yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, sanoat, armiya hamda fan va texnika tubdan isloh etilishi kerak edi. 1978 yilning 22 dekabrida tarixiy qaror qabul qilinadi — Den Syaopin va uning hammaslaklarining tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadi hamda «proletariat diktaturasi ostida inqilobni davom ettirish» g‘oyasidan voz kechiladi. Shu tariqa mamlakatda keng qamrovli modernizatsiya jarayonlari boshlanadi. Unga ko‘ra yangi «islohotlar va ochiqlik» siyosati tasdiqlanadi.

Shu tariqa xorijiy kapitallarni jalb qilish, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchaydi. «Hozirgi dunyo — keng aloqalar dunyosidir. Xitoy yopiqligi tufayli ham o‘tmishda qoloq edi. XXR tashkil etilgandan so‘ng bizni yakkalab qo‘yishdi. Shuningdek, bizning o‘zimiz ham yopiq edik. O‘ttiz yillik tajribamiz yopiq eshiklar ortida qurilishni amalga oshirib bo‘lmasligini, taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini ko‘rsatdi», — degan edi Den Syaopin. «Mushukning rangi oq yoki qora bo‘lishining farqi yo‘q, sichqonlarni tutsa bo‘lgani» degan gap ham Den Syaopinga tegishli.

Zarur siyosiy sharoitlar yaratilganidan so‘nggina Den Syaopin keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Den Syaopin Xitoy voqeligidan kelib chiqqan holda rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish nazariyasini ishlab chiqdi. Shu sababli ham uni Xitoy islohotlarining buyuk otasi deya ta’riflashadi. Xitoyning avvalgi va hozirgi rahbarlari Den Syaopin g‘oyalariga sodiq ekanliklarini aytishadi.

1950-yillarda Den Syaopin va Mao Szedun Xitoy taraqqiyoti borasida ko‘p bahslashgan. Mao «katta sakrash» siyosatini ilgari surar edi. Den Syaopin bu nazariyaga qarshi chiqqani bois surgun qilinadi. Keyinchalik hokimiyatga qaytgan Den qishloq xo‘jaligi kommunalarini bekor qiladi va Xitoyni to‘liq o‘zini o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydigan davlatga aylantiradi. Den Syaopin atigi bir marta Maoni tanqid qilar ekan, «xatolarga yo‘l qo‘ygan buyuk markschi, proletar inqilobchisi» deya atagan. U haqida boshqa tanqidiy fikr bildirmagan. Shu tariqa o‘tmishga nuqta qo‘ygan Syaopin g‘arb mamlakatlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi va iqtisodiyotni ko‘tarishda Yaponiya tajribasidan foydalanishni tavsiya qildi.

1979 yilda Den Syaopin AQShga tashrif buyurdi va Oq uyda prezident Jimmi Karter bilan uchrashdi, moliyachilar bilan Xitoyni qanday qilib modernizatsiya qilish va sanoati rivojlangan davlatga aylantirish masalasida maslahatlashdi. Qiyinchilik va qarama-qarshiliklarga qaramay Xitoy belgilangan yo‘ldan og‘ishmay olg‘a yurdi. Sohil bo‘yida joylashgan shaharlar sanoati gullab-yashnagan markazlarga aylandi. Bu esa mamlakatning rivojiga omil bo‘ldi. Maxsus iqtisodiy zonalar soni ortib bordi, yuqori va yangi texnologiya zonalariga ham katta e’tibor qaratildi.

Den Syaopin shiorlarga o‘ch emas edi. «Odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin» uning yagona shiori edi. Islohotlar shu qadar donishmandlik bilan olib borildiki, odamlar yildan yilga bir yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq yashay boshladi. Bundan minnatdor xitoyliklarning aytishicha, ular hozirgi hayotidan rozidirlar. Den Syaopin islohot o‘tkazar ekan, bir narsani — markaziy hokimiyatni bo‘shashtirmaslik kerakligini anglab yetdi. Islohotlar shoshma-shosharlik bilan emas, yetti o‘ylab bir kesgan holda olib borildi.

Den Syaopin Xitoyni buyuk davlatlar qatoriga olib chiqishni orzu qilardi va bu orzusiga erishdi. Ayni damda Xitoy sanoati tezlik bilan taraqqiy etayotgan, fan va madaniyati rivojlangan mamlakat deya tan olingan.

Shu o‘rinda 2017 yilning 14 sentyabr kuni «Forbes» e’lon qilgan bir maqolaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Unda O‘zbekistondagi islohotlar hamda prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan ichki va tashqi siyosat haqida so‘z yuritilgan. Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy davlati hisoblangan O‘zbekistonda hozir katta iqtisodiy islohotlar kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi dunyoga ko‘proq ochilayotgan o‘zbek yetakchisi sifatida qayd etilmoqda. Ba’zilar Shavkat Mirziyoyevni buyuk islohotchi Den Syaopinga qiyoslamoqda.

Den Syaopin Xitoyni qudratli davlatga aylantirgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirgan bo‘lsa, prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari xalqni rozi qilishga, O‘zbekistonni har tomonlama rivojlangan qudratli davlatga aylantirishga qaratilganini yurtdoshlarimizning o‘zlari ham e’tirof etmoqda.

2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nom berilgani iqtisodiy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarishiga aminmiz. Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida ta’kidlaganidek, «Murojaatnomada bayon etilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda hal qiluvchi bosqich bo‘ladigan 2018 yil biz uchun oson bo‘lmaydi. Buni ochiq aytish kerak. Lekin, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib bo‘lsa ham tanlagan yo‘limizdan qaytmasligimiz shart. Nega deganda, bu hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. O‘zimiz harakat qilmasak, hech kim bizga beg‘araz yordam bermaydi».

Eslatib o‘tamiz, AQShning mashhur «Forbes» jurnali veb-sayti jurnalisti Kennet Rapotsa Shavkat Mirziyoyevni XXRning sobiq raisi Den Syaopinga qiyoslagan edi.
Sharofiddin To‘laganov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev va Den Syaopin. Ularni nima bog‘lab turadi?