00:07 / 25.03.2018
3 948

Hokimlarga oson deb o‘ylaysizmi?

Hokimlarga oson deb o‘ylaysizmi?
Ishonch boru...
Hamisha – tarixning hamma bosqichlarida ishonch masalasi hokimiyat tizimida o‘ta muhim jihat sanalgan. E’tibor berayapsizmi, millat yo‘lboshchisi o‘zining keyingi deyarli barcha nutq va ma’ruzalarida, xalqona va kuyunchak so‘zlarida aynan ishonch haqida gapirayapti. Ya’ni, endilikda biron mas’ul lavozimga tayinlangan rahbarga eng avvalo ishonch berilayapti. Prezident barcha darajadagi davlat xizmatchilariga qarata qat’iy aytmoqdaki, men seni shu lavozimga tayin etdimmi, vassalom, senga ishonaman, faqat yonib ishla va vatanni obod qil! Pardalarni ko‘tarib, ochiqchasiga aytganda, bu ishonchning mohiyati shuki, davlatning ichki tizimlaridagi o‘zaro kurashlar, biri-birining ustidan chaquv uyushtirishlar, asosiy ishdan chalg‘ituvchi har qanday maynavozchiliklar davri tugadi. Endi qo‘lni-qo‘lga berib, kelishib ishlash kerak, xolos. Asosiy maqsad o‘zaro obro‘-qudrat talashish emas, “naf’ing agar xalqqa ko‘prak turur” (hazrat Navoiydan), marhamat, sen shu ishga loyiqsan, xizmat pillapoyalaridan yuqorilayver, aksi bo‘lsa, qoch yo‘ldan, qaddini tiklayotgan xalqimizga xalal berma!

Xo‘sh, amaliyotda vaziyat qanday? Ijro apparatining quyi tizimlarida qanday muammolar bor? Nimalar ularni o‘z ishidan chalg‘itayapti?

Ayb FHDYOdami?
Shahar va tumanlarda atigi bitta, ba’zi yirikroq shaharlarda esa ikkita FHDYO bor. O‘zbekistondagi deyarli barcha shahar-tumanlarda esa kamida 100 ming odam istiqomat qiladi. Bu o‘rinda poytaxtni, viloyat markazlarini istisno qilib turamiz. Xullas, har yili, to‘y mavsumlarida bir tumanda kamida 4-5 mingta yangi oila paydo bo‘ladi. Mavsum degan so‘zga e’tibor bering. Vaziyat shundoqki, xalqimizning turmush sharoiti hamda ko‘p yillik an’analaridan kelib chiqqan holda avgust, noyabr, may-iyun oylari to‘y mavsumi hisoblanadi. Xullas, shu paytda FHDYO oldiga borsangiz... Juft-juft terilgan yoshlar navbat kutayotgan, oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun borganlar mudir qabuliga kirishga zo‘r berib tirishayotgan, idoraning xodimlari esa ish hajmi ko‘pligidan asabiy bir kayfiyatda turgan chiqadi. Ur-to‘polon, baqir-chaqir, qiy-chuv... Xullas, nimadir noto‘g‘ri, korrupsiyaga, poraxo‘rlikka qulay vaziyat yetilgan... Bu o‘rinda muddao FHDYOlarni tanqid qilish emasligi uchun mavjud poraxo‘rlik va ishni navbatsiz bitirishning maxsus stavkalari kabi “diltortar” masalalarni chetlab o‘tamiz...

Eslaysizmi, bir vaqtlar qishloq sovetining raisi odamlarning to‘yida nikoh tuzilgani to‘g‘risidagi dalolatnomani o‘qirdi. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki, eng alamlisi, o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomani olish uchun soatlab navbatda turilmasdi. O‘sha paytlarda mavjud bo‘lgan qishloq sovetining ayollar masalalariga mas’ul mulozimi to‘ylarda o‘ktam ovozda, davlatning bir vakili o‘laroq, yoshlarga saodat tilab, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomanini topshirardi. Bugun nima uchun shu tizimni qayta tashkil etish mumkin emas? Axir mazkur qarorga ko‘ra, yurtimizdagi har bir MFYda maoshi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis” shtati tashkil qilinayapti-ku! To‘y korteji (yo‘q demang, baribir hali-beri tugamaydi bu) tuman markaziga ellik-oltmish kilometrlab yo‘l bosib kelishi, FHDYO binosi oldida aravasini “dud-duuud”latib navbatda turishi, xullas, bu tomoshaning oldi olinsa, yo‘l harakati xavfsizligi ham ta’minlanarmidi...

Yangi tizimga o‘tilar ekan, eski tizimdan maqbulroq, aholiga qulayroq xizmat ko‘rsatish tartiboti nega joriy qilinmagan? Davlat o‘z xizmatchilariga ishonmas ekan, nega ularga lavozim beriladi? Haddidan oshganlarning tanobini tortib qo‘yadigan idoralar bor-ku?

Shularni yozayapmanu, yana bir mulohaza fikrimni randalab turibdi. Sababini o‘zingiz bilasiz. Bugun qishloqda alohida ma’muriy tuzilma yo‘q. Qishloqning katta-kichikligiga qarab bir necha idora – MFY bor, ammo unda ilgarigi qishloq sovetida mavjud bo‘lgan vakolatlar yo‘q...

SSSR qachon qulagan?
Bir voqea esimga tushdi. Bir noskash, chodirxayol bobo bo‘lardi. Bir kuni u bilan ancha tortishib qoldik. U mutlaqo qat’iy turib aytardiki: “SSSR O‘zbekistonda 2005 yili tarqagan”. Nega deganda, aynan o‘sha yili u yashagan qishloqda kolxoz tugatilgan. O‘ylab qarasam, o‘sha jikkak cholning gapida haqiqat uchqunlari bor ekan. SSSR kuchsizlanib qolgan paytda bir guruh ustomonlar davlat mulkini qanday qilib o‘zlashtirgan bo‘lsa, bizda kolxozni tugatish jarayoni aynan shu modelning “shaklan milliy, mazmunan sovetcha” ko‘rinishi bo‘lgan. SSSRning qudrati bilan bunyod bo‘lgan ne-ne binolar, hali foyda keltirib turgan fermalar, omborlar, klublar, texnikalar arzon-garovga xususiylashtirilgan. Ajabki, o‘shandan beri qishloqda tuzukroq boshqaruv tuzilmasi o‘rnatilgani yo‘q. Talon-toroj bo‘lgan.

Islohotlar maromini sinchkovlik bilan kuzatib, shunga amin bo‘layapmanki, qishloqlarda, ovullarda to‘planib qolgan har qanday masalani joyida, mavjud imkoniyatlarni to‘la safarbar etgan holda ijobiy hal qila oladigan qandaydir tuzilmani joriy etishni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Aks holda bu tezob jarayon suv iste’molchilari uyushmasi, mashina-traktor parki, MFY kabi chalajon tashkilotlar, aniqroq aytganda, byudjeti zaif, ijro hujjatlari mo‘l tuzilmalarda ishlayotgan yana necha-necha mahalliy kadrlarning asabini zo‘riqtirishi, umrini qisqartirishi tayin. Bu tuzilmalarda ishlayotgan tajribali, vatanparvar kadrlarimiz jismoniy imkoniyatlaridan yuqori bo‘lgan topshiriqlarni bajarmagani uchun gap eshitishga majbur bo‘layotgani – ko‘rinib turgan haqiqat.

Hokim Marsdan tushganmi?
Yana bir masala. Aytaylik, bir tumanda 500 ta fermer xo‘jaligi bor. Ularning har biri o‘z muammo va masalalari bo‘yicha tuman hokimligiga boradi. Yaqinda nomi o‘zgargan Kengash (tomorqa yer egalari, dehqon xo‘jaliklari, fermerlarni birlashtirgan tashkilot) esa o‘z nomi bilan kengash. Masalani hal qiladigan kuch emas. Vakolati yo‘q. Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari esa juda xohlaganda ham kuniga 5-10 ta fermer bilan uning muammolari haqida suhbatlasha oladi, xolos. Chunki orada ko‘pdan-ko‘p majlislar, selektorlar, tadbirlar bor... Xullas, fermer qayoqqa borsin? Aytgancha, suv iste’molchilari uyushmasi degan chalajon tashkilot ham bor. Bu tashkilot hududlarda o‘sha kolxozlarning vorisi o‘laroq paydo bo‘lgan. Biroq u ham muammoli vaziyatni hal qila olmaydi. Vakolati mutlaqo cheklangan.

Tuman, viloyat hokimi esa albatta o‘z sektoridan, mahalliy darajadagi yig‘ilishlardan, yuqori amaldorlarning majlislaridan, quyida uyma-uy yurishga jiddu jahd qilgan sarvatli mehmonlardan ortgan mahali fermer bilan birrov gaplashadi. Umuman, fermer va hokimning maxsus suhbati, bir piyola choy ustida kelajak muhokamasini qilishi qandaydir baxtli tasodif tufayli ro‘y bermasa, boshqa holatda alar vaziyat bandasi... Tadbirkorlar va YATTlar bilan ham shunday holat. Umuman, quyi tuzilmalarda jiddiy o‘zgarishlar qilish vaqti yetmadimikin? Savol tug‘iladiki, islohotlar shiddati tuman va shahar hokimliklari darajasida depsinib turganiga amaldorlar emas, tizimning ana shunday bosimga dosh berolmayotgani sabab bo‘lmayaptimi?

Qorovul, farrosh, shofyorlarni ham qo‘shib hisoblaganda 15-20 ta shtati mavjud bo‘lgan tuman va shahar hokimliklarida ishlovchi mutasaddilar joriy vaziyatda xalqqa quloq tutishga vaqt ajrata oladimi? Hokim eksport bilan shug‘ullanishi shart, hokim yoshlar bilan uchrashishi kerak, hokim jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha profilaktika tadbirlarida qatnashishi lozim, hokim yer-suv bilan shug‘ullanishi kerak, hokim bo‘sh yotgan binolarga ega topishi zarur, hokim “katta”lar kelganida chor-atrofni obod qilishi kerak (o‘qituvchi va shifokorlarni ishlatishga hokimning ko‘zi uchib turgani yo‘q. Biroq, boshqa iloji bo‘lmasa, u nima qilsin?)...

Bu ro‘yxatni davom ettirsam, bemalol uch-to‘rt sahifa to‘lishi aniq. Barchasi muhim, barchasi qilinishi lozim bo‘lgan ishlar... Ammo, yana qaytarishga to‘g‘rni keladi, quyi tizimlarda, mahalla, qishloq bo‘yicha mustahkam tayanchga ega ijro apparatining yo‘qligi ishni pachava qiladi. MFY raisining fermerga gapi o‘tmasa, fermer o‘zi ekin ekadigan maydonning chetlarini obod qilish bilan shug‘ullanmasa, ajratilgan yeridan bir metr narida yotgan chiqindini olib tashlash xayoliga kelmasa, ayting, bu yerda hokim nima qilsin? Tuman darajasidagi hokimlar, prokurorlar, soliqchilar, IIB rahbari ham kimningdir otasi, akasi, farzandi, oddiy bir inson ekanini o‘ylab ko‘rish kerak. Ular ham son-sanog‘i yo‘q topshiriqlarni qo‘lidan kelganicha bajarib kelayapti.

Tushunishimcha, hozir hududlarni sektorlarga bo‘lgan holda boshqarish tizimiga muammoning yechimi deb qaralmoqda shekilli. Biroq, gapning po‘stkallasi, sektordagilar uyma-uy yurish daftari, yo‘l xaritasi kabi yigirmadan ziyod hujjatlarni to‘ldirish bilan ovora. Biroq qishloqda hayot o‘zgarmadi-ku! Muammolar muammoligicha turibdi-ku! Biroq odamlarda umid paydo bo‘ldi. Umid oqlanadimi-yo‘qmi, bu shu kunlardagi sa’y-harakatlarga bog‘liq.

Surat, surat, nega sen tilsiz?..
O‘zingiz o‘ylang, turli idora va tashkilotlarning quyi bo‘g‘inlarida ishlovchilar o‘tkazgan tadbirlari haqida “tepa”ga beto‘xtov ravishda suratlar yuborishi qanchalar mantiqqa mos? Masalan, maktabda bir tadbir o‘tkazildi deylik. Shu tadbirdan tuman (shahar) ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, ta’limga mas’ul rahbar, hokimlikda tegishli majmua rahbari suratlar olib, zudlik bilan o‘zining yuqori tashkilotiga yuborishi kerakmish... Axir bu kulgili-ku!.. Bu suratlar nimani isbotlaydi? Agar chindan ham shunday tadbir o‘tkazilagani-yu, bunda o‘sha surat so‘ragan organning vakili qatnashganiga oid dastak deb qaralsa, tabiiy ravishda, boshqa bir mulohaza yuzaga qalqib chiqmaydimi? Ya’ni, bugun davlat apparatida bir-biriga nisbatan ishonchsizlik hukm surayotgan bo‘lib qolmaydimi? Undan tashqari, shuncha surat va albomlarni bir kishi vaqtini o‘tkazib, umumlashtirib, uyum-uyum qilgani bilan ahvol o‘nglanib qoladimi? Agar suratlar yig‘masini viloyat, respublika miqyosiga ko‘paytirsak, bir kunda qancha qog‘oz, texnika, mablag‘ isrof bo‘lishini tasavvur qilayapsizmi?

Telegram istilosi
Yaqinda bir chekka tumanda prokuror bo‘lib ishlaydigan tanishim bilan ancha gaplashdik. U tumandagi o‘z sektorida qilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida gapirdi. Sektorda yurish bilan ovora bo‘lib, kabinetda bajariladigan ishlar qolib ketayotganiga achindi. Telefonidan esa “Telegram” messenjeriga keladigan kundalik axborotlarni ko‘rsatdi. Nima desam ekan, xullas, inson bolasi buncha axborotni bir kunda o‘zlashtirish, o‘zi uchun saboq chiqarish tugul, ko‘z tashlashga ham qodir emas. U majburiy tarzda a’zo bo‘lishi kerak bo‘lgan guruhlarning o‘zi besh-oltita ekan. Tumandagi 4 sektor rahbarlarining mahalliy guruhi, viloyatdagi barcha shahar va tumanlar sektor rahbarining umumiy guruhi, viloyatdagi barcha shahar va tumanlar prokurorlari guruhi, respublikadagi barcha sektor rahbarlarining superguruhi, xullas, buyog‘iga adashib ketdim... Kuniga o‘rtacha 1000 sahifadan ko‘proq matnli va suratli axborotlar tanishish, tegishli xulosa qilish, tajriba almashish uchun yuboriladi...

Nelarga qodirsan, jurnalist?
Qayerdadir, ijtimoiy tarmoqdagi qaysidir puchmoqda o‘qib qoldim: bir jurnalistmi, blogermi, ishqilib, qalam tutishga jazm etganlardan edi-da, xullas, o‘sha hazratim hokimning qabuliga borib, uni ikki soat kutibdi. Hokim ishdan ortmabdi va xonasida yo‘q emish. Ayyuhannos ko‘tarib, dunyoga jar solib, o‘sha sho‘rlik hokimni xalqni mensimaslikda aybladi. Olovga moy sepgich, tegirmonga suv quygich toifa uni ma’qullagan bo‘ldi. “Haqiqattalab” internet foydalanuvchisiga xayrixohlik ruhidagi fikrlar oqimi paydo bo‘ldi. Biroq, masalaga chuqurroq razm solinsa, aslida vaziyat umuman boshqacha ekaniga, o‘sha hokim alohida bir kishini kuttirib, pinakka ketmaganiga aminman. Hokimlardan amaliy ish talab qiladigan tizim allaqachon joriy bo‘lgan. Yana qaytaraman, bugunning hokimlari kechagi byurokrat emas. Bosh qashishga vaqti yo‘q.

Judayam istardimki, aqli g‘ovlab, nuqul sassiq tanqidlarga o‘ralashib qolgan bloger oshnolar, jurnalist hamkasblar, tarmoq foydalanuvchilari yangi tizimning qanday ishlayotgani bo‘yicha bilimsizlik, bexabarlikni hadeb namoyon qilavermay, joriy vaziyatdagi muammo va kamchiliklarning sababiga e’tibor qaratishsa...

Ko‘rayapmanki, bizning jurnalistikamiz umumiy tanqidga usta, lekin jarayonni epizodlarga bo‘lib tahlil qilish, vaziyatga mikroskopdan qarashga kelganda ajoyibu g‘aroyib sukunat...

Yaqinda Manas qishlog‘iga borib keldim. “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bilan tanishdim. TVdagi umumiy gaplar, raqamlar sharhiga doir yuzaki mulohazalarni aytmaganda, o‘zbek matbuotida va internet nashrlarida bir jo‘yali maqolaga ko‘zim tushmadi. Mudhish xabarlar, eshak go‘shti kabi mavzular bolalab yotibdi. Inkor qilmayman, bu mavzularni ham yoritish kerak. Lekin qiziqarlilik – foydali degani emas. Odamlarga foydali axborot bergan ma’qulmi yoki qiziqarli xabarlardan naf ko‘proqmi? Foydali axborotni qanday qilib qiziq usulda yozish mumkin? Biz mana shu masalalar ustida mulohaza yuritishga chog‘lanib turganimizda amaliyot, voqelik jurnalistikadan ming kilometr oldinga ketib qoldi. Ortda qoldik.

Bugun rasmiy nashrlar stilistikasi internet jurnalistikasi oldida ip esholmay qoldi. Shundanmi, og‘irkarvon nashrlar ham asta-sekin, qadamma-qadam dastlab internet jurnalistikasida paydo bo‘lgan ba’zi uslublarni qo‘llashni boshladi. Ammo odamlar huzur qilib o‘qiydigan maqolalar yozgan, qalami ravon jurnalistlar, ayniqsa bugun 25-35 yoshlar atrofidagi avlod “go‘zal” sukunatga g‘arq bo‘lgan. Yaqinda shoir Faxriddin Hayitning “O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasi bilan” ruknida chop etilgan maqolasini o‘qidim. Gapning rosti, avval ham shu turkumlarda e’lon qilingan matnlarni — ustoz jurnalist yoki adiblarning “chap qo‘l bilan yozib tashlangan” matnlarini, yashirib nima qildim, andak istehzo bilan o‘qirdim. Safga nisbatan yosh adiblarning qo‘shilgani umumiy ijtimoiy tafakkurimizga yangicha kayfiyat, ma’no bag‘ishlasa, ajab emas.

“Marvarid go‘zal, lekin uni bir ipga tizganda yanada go‘zal”, — deydi donolar. Yuqoridagi mulohazalarni yozishdan muddao shuki, fikrlarimizni tartibga solib, ommaga ulashish taradisiga tushganda mo‘ljalni kengroq olib, o‘zimizninggina tog‘oramizni o‘ylamay, yurtimizda kechayotgan islohotlar manzarasidan naqadar xabardorligimizni chamalab ko‘rishimiz kerak...

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimlarga oson deb o‘ylaysizmi?