20:07 / 27.03.2018
7 407

Sizningcha: «Toshturma» buzilib park bo‘lsinmi, yo buzilmay muzey?

Sizningcha: «Toshturma» buzilib park bo‘lsinmi, yo buzilmay muzey?
«Toshturma» joylashgan hududning sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi
Xalq orasida «Toshturma» nomi bilan tanilgan Yunusoboddagi qamoq zonasi buzilib, uning o‘rnida yangi park zonasi quriladigan bo‘ldi. Nomini eshitsang, bir junjikasan o‘zi; adashib ham ichiga kirib qolishdan O‘zi saqlasin! Lekin, to‘xtang-chi — qamoqxona emas, muzey bo‘lsa, ichiga bir kirib ko‘rarmidingiz (albatta, kirgan kuningiz qaytib chiqishingiz kafolatlanadi)? Odam ikkilanib qolarkan — parklar ko‘p, lekin ichiga bemalol kirib, o‘tirib, so‘ng bemalol qaytib chiqish mumkin bo‘lgan qamoqxona... yo‘q.

Ba’zan xabarlaru maqolalardan ko‘ra ularga bildirilayotgan fikrlarni o‘qish qiziqroq — bilmagan ko‘p narsalaringizni bilib olishingiz, boshqacha, boshqacharoq nuqtai nazarlar bilan ham tanishasiz. Ba’zi kommentlar o‘zgarmas deb o‘ylagan qarashlaringizni ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shunday qiziqarli kommentlar o‘qib qoldim. «Toshturma» haqida. Hech qanday jinoyat qilmagan odamlar «Toshturma»ga kirib chiqmoqchi. Buzilmay, muzeyga aylantirilsa. «Kirish chiptasi falon ming so‘m bo‘lsa ham kirib chiqardim!», — deyishyapti.

To‘g‘ri, hamma ham buni xohlayotgani yo‘q. «Toshturma» o‘rnida muzey yo shunga o‘xshash tanishtiruvchi-xotira muassasasi tashkil etilishiga qarshi chiqqanlar ham bor. Ular o‘z nuqtai nazarini «bino devorlari sil tayoqchalariga to‘la» ekanligi bilan asoslanib, uni tag-tugi bilan buzib, yer bilan bitta qilish kerakligini ta’kidlagan. Yana bir guruh foydalanuvchilar «qanchadan-qancha begunoh kishilar qiynoqqa tutilgan, o‘ldirilgan joyda qanday qilib xotirjam sayr qilish mumkin?», degan savolni o‘rtaga tashlagan. Shuningdek, «u yerda siyosiy yoki boshqa mahbuslar emas, asosan oddiy, mayda jinoiy ishlarga aloqador shaxslar saqlangan bo‘lsa, qanday ham muzey bo‘lardi?», deguvchilar ham yo‘q emas.

Lekin qamoqxonaning park emas, muzeyga aylantirilishi tarafdorlari ko‘proq. Ularning bir qismi ushbu jazo muassasasi 130 yillik tarixga ega ekani haqida yozgan bo‘lsa-da, shahar hokimligi ixtiyoriga topshirilgan mashhur qamoqxona aslida Ikkinchi jahon urushi arafasida ish boshlagan. «Toshturma» istilohi esa ruscha «Tashkentskaya tyurma» («Toshkent qamoqxonasi») birikmasining qisqartmasidir. «Muzeychilar»ning e’tiborga molik ba’zi fikrlari bilan quyida tanishing:

Mixail Paxomov
Bunday unikal ob’ektda yerto‘lalarga uyushtiriladigan sayrlarni ham o‘z ichiga olgan sayyohlik majmuasini tashkil etgan yaxshiroq emasmi? Shaharda park zonalari ko‘p va ularga sayyohlarni majburlab ham olib borolmaysan, biroq eski qamoqxonaga bir kirib ko‘rishni hamma ham xohlaydi.

Alkatras qamoqxonasi oldidagi sayyohlar olomoni.
Foto: Associated Press

Viktor Neizvestniy
Darhaqiqat! Amerikadagi o‘sha Alkatras qamoqxonasiga har yili millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Bu — ham tarix, ham arxitektura, ham bir subkultura qatlami. Bu yerda ekskursiyalar ham, tarbiyaviy suhbatlar ham o‘tkazsa bo‘ladi. Boz ustiga, Qatag‘on qurbonlari xotirasi xiyoboni ham uncha uzoqmas. Lekin... hukumatdagilar hammasini hal qilib bo‘libdi.

Ivan Romanov
Alkatrasdan tashqari Sankt-Peterburgdagi Trubetskoy bastioni qamoqxonasi ham yodimga tushdi. Butun boshli kompleksdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan joy edi, vaholanki unga kirish chiptalari arzon emasdi... Parkni qamoqxona atrofida ham qurish mumkin, lekin odamlar guruh-guruh bo‘lib tomosha qilgani keladigan joyni buzmay, qoldirgan ma’qul.

Muhammad H
Osvensim (Gitlerchilarning Polshadagi 1940—1945 yillarda faoliyat ko‘rsatgan konslageri)ni ham muzey sifatida saqlab qolishgan. U yerda har yili millionlab sayyohlar bo‘ladi. Shu bois, «Toshturma»ni saqlab qolish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayman.

Qobul
Yoshlik qilib, «Toshturma»ning yerto‘lasida 11 oy o‘tirib chiqqanman — buni dushmanimga ham ravo ko‘rmagan bo‘lardim. Lekin muzey qilish mumkin, toki kelajak avlod avvallari odamlar qanday jazolanganini bilsin.

Osvensim darvozasidan o‘tib borayotgan sayyohlar.
Foto: Lonely Planet

Farrux Mirzoirov
Tap-tayyor biznesni buzishning nima keragi bor? Qamoqxona binolarini buzish, hududni tozalash, park qurib, uni obodonlashtirishdan ko‘ra qamoqxonani boricha saqlab qolish to‘g‘riroq. Ha, uyoq-buyog‘ini baribir to‘g‘rilash, qayergadir axborot stendlarini qo‘yib chiqish, suv-puv sotadigan rastachalar o‘rnatish va ekskursiyalarni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu yerda xarajatdan ko‘ra daromad yuqoriroq bo‘lishi aniq. Eng asosiysi, agar shunday to‘g‘ri bo‘lsa, bu — tarixiy yodgorlik! Qo‘shimchasiga, davlat ham maqtansa arziydi: «Mana, eski qamoqxonalarimiz qanday edi, yangilari esa qanday yaxshi!», deb. To‘g‘risi-da, ortiqcha bosh qotirishga na hojat?

Olya Glasirina
Muzey tashkil etish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Ekskursiyalar uyushtirardik, ayniqsa yoshlar uchun foydali bo‘lardi — qonunni buzsa, qayerga tushib qolishini ko‘rardi. Parklar, xiyobonlar shundoq ham ko‘p qurilyapti. Muzeyga aylantirilsa, bu qamoqxonaga borgisi keladiganlar ko‘p topiladi.

Nodir Husanxo‘jayev
Bu beqiyos bir tarixiy ob’ekt. Uni buzishning nima keragi bor? Muzey yoki shunga o‘xshash biror nima tashkil etish mumkin-ku. Menimcha, juda ko‘pchilik eng mashhur qamoqxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istagan bo‘lardi. Ekskursiyalar uyushtirish kerak. Muzeyga kirish pullik bo‘lsin. Bu yerdan tushadigan pul shahar byudjetiga ortiqchalik qilmaydi.

Hotam Qosimov
«Toshturma»dan o‘zbekcha Alkatras qilsa bo‘ladi-ku! Bu inshootni buzib yuborsak, tarixni buzib yuborgan bo‘lamiz. Muzey qilib ochilsa, birinchilardan bo‘lib borgan bo‘lardim. Balki: «Bu kamerada falonchining eri, kuyovi, xotini o‘tirgan», degan lavhachalarni ham ko‘rib qolarman.

Trubetskoy bastioni qamoqxonasidagi eski davr muhitini yaratishga yordam beruvchi haykallar.
Foto: Livejournal

Muawoo Muawoon
Turistik salohiyati ulkan tarixiy binolarni saqlab qolish bo‘yicha amaliy takliflar oddiy odamlar tomonidan bildirilayotgan bir vaqtda mahalliy tarixchilarimiz va o‘lkashunoslarimiz nima bilan band ekan-a, qiziq?

Bul Kud
Qamoqxonani muzeyga aylantirish — ajoyib g‘oya, yaxshi biznes bo‘ladi, o‘zim ham jon deb bunday muzeyga borgan bo‘lardim. Turistlarga ham juda yoqadi bunaqa muzeylar. Faqat, iltimos, avtoturargohni ham o‘ylashsin.

Aytmoqchi, bildirilgan fikrlar orasida e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan yana biri bor: «Nima qursalaring ham, eng avvalo, u yerda qiynalgan, o‘lgan va begunoh jazolangan odamlar haqi uchun qurbonlik qilib, mulla chaqirib, Qur’on tilovat qilib yuborish kerak».

Mana shunaqa gaplar. Siz nima deysiz?

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sizningcha: «Toshturma» buzilib park bo‘lsinmi, yo buzilmay muzey?