Zangiotada o‘qituvchi va shifokorlar MIB xodimlari bilan uyma-uy yurgani haqida

  • Jamiyat
  • 28-03-2018, 07:31
  • 1 535
  • Зангиотада ўқитувчи ва шифокорлар МИБ ходимлари билан уйма-уй юргани ҳақида
    Hisoblagichlarni tekshirayotgan MIB xodimi.
    Foto: «Daryo» / Dilshod Sharipov

    Zangiota tumanidagi «Obod» mahallasida yashayman. 26 mart, dushanba kuni soat 9:00 atrofida nonushta qilayotgan vaqtimda mahallamiz faollaridan bo‘lgan bir qo‘shnimiz eshikni taqillatdi. Mahallada Majburiy ijro byurosi xodimlari gaz va elektr hisoblagichlari ko‘rsatkichlari va kitobchalarini tekshirib yurganini aytib, kitobchalarni olib chiqishimni so‘radi.

    Kitobchalarni olib chiqqunimcha MIB xodimi bo‘lgan ikki ayol uyimizga kirib keldi. Ko‘chadagi elektr hisoblagich ko‘rsatkichlarini ko‘rsatishimni so‘rashdi. Boshqa qo‘shnilarimiz uylarining oldida ham ko‘rsatkichlarni tekshirib turishayotgandi. Xodimlar uch guruhga bo‘linib, xonadonlarni tekshirib yurishibdi. Uch ayol va kiyimi orqasida MIB yozuvi tushirilgan bir yigitga ko‘zim tushdi.

    Bizning uyga kelgan haligi ikki ayol qog‘ozga uyimiz manzili, hisoblagichimiz raqami, hisoblagichdagi ko‘rsatkich, necha kilovattgacha pul to‘lab qo‘yganimizni yozib olishni boshlashdi. Tekshiruv sababiga qiziqdim: «1 apreldan gaz va elektrga to‘lovlar oshayotgani munosabati bilan tekshirib yuribsizlarmi?»

    Ko‘rsatkichlarni yozib turgan, yoshroq ayol «Sababini bilmadik. Biz o‘zi shifokor va o‘qituvchilarmiz», dedi. Bu gapi go‘yoki «Biz nima ish buyurishsa ham qilaveramiz, shunga majburmiz» degandek eshitildi.

    - Nima uchun sizlar bu ish bilan shug‘ullanyapsizlar?

    - O‘tgan shanbadan beri shu ishni qilib uyma-uy yuribmiz.

    Ayolning telefoni jiringlay boshladi. Sherigiga qarab gapira boshladi: «Bugun privivka (emlash) kuni edi. Ertalabdan beri telefon qilib yotishibdi». Ayol telefonni ko‘tarmadi. Aftidan yosh bolali onalar farzandini emlatish uchun poliklinikaga olib chiqish uchun hamshira (yoki shifokor) bo‘lgan ayolga telefon qilishmoqda. Bu ayol esa bolalarni emlashdan ko‘ra «muhimroq» ishlar bilan band.

    Men avvaliga MIB xodimi deb o‘ylagan ayollar uyimizga kirib, gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlarini yoza boshladi. Qo‘shnimizning uyini tekshirayotgan MIB formasini kiyib olgan yigit eshigimizdan mo‘ralab yoshi kattaroq ayolga murojaat qildi: «Xola, ruchkangiz bormi?»

    Yoshi kattaroq ayol aftidan o‘qituvchi shekilli sumkasida bir talay ruchka bor edi. Bittasini olib berdi. Hamshira MIB xodimiga: «Bularning ismlari faloncha» deb qo‘ydi. Menimcha, MIB xodimi ayolning ismini bilmagani uchun «xola» deb murojaat qilgan. Bugun bu o‘qituvchiyu shifokorlar guruhi bilan, ertaga boshqa o‘qituvchilar bilan birga xonadonlarni kezgandan keyin ularning ismini bilishning, eslab qolishning nima keragi bor?

    MIB xodimlari vazifasini bajarayotgan ayol.
    Foto: «Daryo» / Dilshod Sharipov

    Majburiy ijro byurosi xodimlarining ishini bajarayotgan o‘qituvchilar xonadonimizdan chiqib ketdi. Men ixtiyoriy-majburiy mehnat bilan band o‘qituvchiyu shifokorlar haqidagi o‘ylarim bilan qoldim. Yaqindagina Samarqandda Prezident tashrifi arafasida katta ko‘chani tozalashga chiqqan 23 yoshli o‘qituvchi KamAZ ostida qolib, halok bo‘lganidan so‘ng majburiy mehnat haqidagi mavzular muhokamalar markaziga chiqqandi. Prezident matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov hodisa yuzasidan chora ko‘rilishini aytgan, Parlament deputati Qodir Jo‘rayev majburiy mehnatni Oliy Majlis muhokamasiga kiritishga va’da bergan, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev o‘qituvchilarni tinch qo‘yishga chaqirgan edi. Ushbu gap-so‘zlardan so‘ng qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilgandim. Afsuski, hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q. Rahbarlar shifokor va o‘qituvchilar majburiy mehnat qilayotganini bir tomondan rad etib, ikkinchi tomondan ishlataveradi.

    Qo‘shnimizning uyidagi ko‘rsatkichlarni yozib chiqayotgan boshqa bir ayoldan «Siz ham o‘qituvchi yoki shifokormisiz?» deb so‘radim. Hozir qilayotgan ishlaridan norozidek ko‘ringan ayol «O‘qituvchi» deb yonimdan o‘tib ketdi.

    O‘g‘lim 2 yoshdan oshdi, 1—2 ta emlashlarni olishi kerak. Bir yildan beri ololmayapti. Ammo shifokorlar o‘z joyida o‘tirmasa, ko‘cha tozalasa, metallolom yig‘sa, xonadonlardagi hisoblagichlarni tekshirib yursa, o‘g‘lim necha yoshga kirganda emlashlardan qutular ekan, hayronman.
    Dilshod Sharipov

    Manba: Daryo.uz

    » » Zangiotada o‘qituvchi va shifokorlar MIB xodimlari bilan uyma-uy yurgani haqida
    Яндекс.Метрика