Shavkat Mirziyoyev: Xavf-xatarlarni «bu o‘zimizniki», «bu birovniki» deb ajratishga haqqimiz yo‘q (video)

  • Jamiyat
  • 29-03-2018, 06:30
  • 510
  • Шавкат Мирзиёев: Хавф-хатарларни «бу ўзимизники», «бу бировники» деб ажратишга ҳаққимиз йўқ (видео)
    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi davomida O‘zbekiston va Afg‘onistonni bir-biriga chambarchas bog‘lab turuvchi omillar haqida so‘z yuritdi.

    Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar oqibatida Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum bir vaqt davomida xalqaro siyosat e’tiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mazkur mojaro o‘z keskinligi va jiddiyligini yo‘qotgani yo‘q.

    O‘zbekistonda xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurati quyidagi omillar bilan bog‘liq.

    Birinchidan, bizning tashabbusimiz O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘la mos keladi. Bu konsepsiyada avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

    Ikkinchidan, O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida o‘zaro o‘xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.

    Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai bo‘lib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon to‘sqinlik qilmagan.

    Afg‘on zaminida Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa ko‘plab bizning ulug‘ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar.

    Bugungi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida yaqin siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Afg‘onistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi. Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.

    Uchinchidan, barchamiz qat’iy ishonamizki, xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini «o‘zimizniki», boshqasini esa «birovniki», deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo‘q.

    Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiy mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir. Xalqaro terroristik tashkilotlar Afg‘onistonni o‘zining doimiy makoniga aylantirib olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

    To‘rtinchidan, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish bo‘yicha tajribaga ega.

    O‘zbekistonning tashabbusi bilan 1999 yilda Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, Rossiya va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida «6+2» guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Bu uchrashuvda Shimoliy Ittifoq va «Tolibon» harakati vakillari ham ishtirok etgan edi.

    Muzokaralar yakuni bo‘yicha Afg‘onistondagi nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etishning asosiy prinsiplari haqidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi va u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 54-sessiyasi va BMT Xavfsizlik Kengashining rasmiy hujjatiga aylandi.

    Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston bilan umumiy kelajagimiz, afg‘onistonlik birodarlarimizni ham, bizni ham birdek tashvishga solayotgan masalalar haqida gapirish uchun barcha asoslarga, siyosiy va ma’naviy huquqqa egamiz.

    Aynan mana shuning uchun ham O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlarini bizning bu ezgu ishdagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etadi.

    Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

    » » Shavkat Mirziyoyev: Xavf-xatarlarni «bu o‘zimizniki», «bu birovniki» deb ajratishga haqqimiz yo‘q (video)
    Яндекс.Метрика