Ta’lim haqida o‘ylar...

  • Jamiyat
  • 30-03-2018, 09:33
  • 610
  • Таълим ҳақида ўйлар...
    O‘qituvchining jamiyat ichra obro‘si masalasi. Ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy XV asrda “Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas oson onin haqin ming ganj ila” desa, miloddan avvalgi IV asrda yunonlarning qomusiy olimi Aristotel “Ustoz otangdek ulug‘” degan edi. Chunki ota bolani osmonlardan yerga tushirgan bo‘lsa, ustoz uning darajasini yerlardan osmonlarga qadar ko‘taradi. Ha, ustozning, o‘qituvchining obro‘si kitoblarda shunchalar ulug‘lanadi. Lekin hayotda-chi?.. Muammo shu yerda! Uni hal qilish uchun esa, nazarimda, quyidagi ikki jiddiy masalaga e’tibor qaratmoq lozim bo‘ladi. Birinchisi, o‘qituvchiga munosabat. Ikkinchisi esa, o‘qituvchining o‘z kasbiga munosib bo‘lib-bo‘lmayotgani masalasidir.

    Birinchi masalaga bo‘yicha:
    Nazarimda, o‘qituvchining bugungi kundagi obro‘yi mamlakatimiz kelajagiga munosib yoshlarni tarbiyalab yetishtirish uchun yetarli emas. Xo‘sh, yetarli bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

    1. O‘qituvchining birlamchi va qo‘shimcha vazifalari. Hozirda o‘qituvchi o‘zining birlamchi ishi - o‘qitishdan boshqa (bularning nomini sanab adoq qilib bo‘lmaydi: ko‘cha supurish, daraxtlarni oqlash, dala va qurilish ishlariga jalb qilinish, turli xil majlislarga qatnashish, bayram tadbirlariga talabalarni tayyorlash, qog‘oz va metallalom to‘plash, saylov qog‘ozlarini uyma-uy yurib tarqatish, o‘quv va yotoqxona binolarida navbatchilik qilish va h.k...) ishlarga juda ko‘p jalb qilinmoqda. Viloyatlardagi maktab, kollej va litseylar o‘qituvchilari yilning talay vaqtida ko‘chadan uyiga kelolmay qolayotgani kundek ravshan haqiqat. Shu mavzuda gap ketganda, bir shogirdimiz (N. Toshtemirova) ning “Dars” degan hikoyasi yodimga tushadi. Hikoyada adabiyot darsi tasvirlanadi. Mavzu – “Alisher Navoiy”. Maktab direktori o‘qituvchi va o‘quvchilarni bahorgi ishlarga jalb qilmoqchi bo‘lib, dars borayotgan sinf xonasi eshigini qoqadi. O‘qituvchi eshikni ochadi. Direktor darsni to‘xtatib, o‘quvchilarni zudlik bilan ishga olish chiqishi zarurligini aytadi. Lekin o‘qituvchi darsni chala tashlab, o‘quvchilarni ishga olib chiqmoqchi bo‘lmaydi. Eshikni qulflab, darsni davom ettiradi. Bir muddat o‘tib, eshik yana qoqiladi. O‘qituvchi darsni o‘taberadi. Eshik takroru takror qoqiladi. Lekin bunday topshiriqlardan bezor bo‘lib ketgan o‘qituvchi uni ochib, o‘quvchilarni jismoniy mehnatga yo‘llamaydi. Nihoyat, dars soati ham, dars ham yakunlanadi. Bu vaqtda esa, eshik sinib ketgudek bo‘lib taqillaydi. Darsini tugatgan o‘qituvchi borib eshikni ochadi. Bu safar direktor o‘zi bilan birga boshqa rahbarlarni ham yetaklab kelgan bo‘lib, ular rahbariyat buyrug‘iga bo‘yin egmagan o‘qituvchidan ariza yozib, ishdan ketishni talab qilishadi... Ularning mantig‘iga ko‘ra, bu yerda o‘qituvchi aybdor. Aslida-chi? Aslida, u qahramon emasmidi? Nega biz qahramonlarimizni jazolamoqdamiz? Qahramonlar jazolanar ekan, yosh avloddan qahramon chiqadimi?!.. U holda, qahramoni yo‘q yurtning taqdiri nima kechadi!?..

    2. O‘qituvchi va byurokratizm. Ta’limda qog‘oz shunchalar ko‘pki, o‘qituvchi ularning orasidan chiqib o‘quvchining, talabaning oldiga kelolmaydi. Bu ramziy ma’noda, albatta. Aslida, jismi keladi, xayollari qog‘ozda qoladi. Qog‘ozbozlik o‘z ishining ustasi mohir pedagokni ishga yaroqsiz qilib, kallasida alif yo‘q, lekin qog‘ozlarni taxt qilguvchi lo‘ttibozni to‘riga olib chiqadigan illatdir. Chunki mohiyatga e’tibor beradigan o‘qituvchi, odatda, qog‘ozlar bilan yaxshi ishlay olmaydi. Ularni muhim sanamaydi. O‘z ishiga, kasbiga sho‘ng‘igan bo‘ladi. Qog‘ozbozlikni puxta o‘zlashtirib olgan o‘qituvchidan esa yaxshi pedagog chiqmaydi. Hozir qog‘ozlar ishlayapti. Hatto qog‘oz-hujjating zo‘rmi, demak, dars berishning hojati yo‘q, degan gap chiqqan. Shuning negizida ta’lim rahbarlari yonida qog‘ozini taxt qilib qo‘yib, quldek qo‘l qovushtirib turadigan qavm paydo bo‘lgan. Aynan shunday qavm tufayli ham ayrim rahbarlar bosar-tusarini bilmay qolmoqda.

    3. O‘qituvchi maoshi. Maosh masalasi ham ta’limdagi eng muhim masalalardan biridir. Hayotga real qaraydigan bo‘lsak, o‘qituvchi hozirgi maoshi bilan ro‘zg‘or tebrata olmaydi. Halol o‘qituvchi bola-chaqasini boqaman, ro‘zg‘or tebrataman, deya ikkinchi, uchinchi ishlar boshini tutmoqda, xaromga o‘rgangan o‘qituvchi esa, ta’limdagi turli jarayonlarda (mas.,kirish va boshqa imtixonlar vaqtida) korrupsiyaga qo‘l urmoqda. “O‘g‘rilik qilish imkoniyati o‘g‘rilikni paydo qiladi” deydi hind xalqi. Ta’limda, umuman, jamiyatning biron sohasida o‘g‘rilik imkoniyatini qoldirmaslik lozim. Buning uchun esa, masalan, ta’limda har bir o‘qituvchiga yaxshi haq to‘lanmog‘i kerakki, “ro‘zg‘orimni qanday butlayman?” deya uning xayoli sochilmasin. Agar u yaxshi haq olib ham yaxshi ishlamasa, demak, bunday o‘qituvchi ta’limdek muqaddas dargohga nomunosib sanalib, ishdan butunlay ketishi lozim bo‘ladi.

    4. O‘qituvchi - ijodkor. O‘qituvchi ayni vaqtda ijodkor hisoblanadi. Uning o‘z ustida ishlashi uchun imkon yaratishimiz kerak. Yaponiya bosh vaziridan mamlakatning texnologik taraqqiyotining siri nimada ekanligi so‘ralganda, uning javobi shunday bo‘lgan edi: “Biz o‘qituvchilarga vazirlarning maoshini, diplomatlarning daxlsizligini va imperatorning hurmatini berdik”. O‘qituvchini boshi-keti yo‘q tadbirlar o‘tkazish yoki shunday tadbirlarga qatnashishdan ozod qilib, ertangi darsga tayyorlanishi uchun bo‘sh vaqt qoldirish va bu vaqt ham ish soati hisobiga sanalsa qanday bo‘larkin? 2017 yilda Yevropa mamlakatlaridan birida ishga borib kelish uchun yo‘lda sarflangan vaqt ham ish soati deb hisoblanishi haqida qaror qabul qilinganini o‘qidim. Bu bilan biz ham shunday qilaylik, demayman. Bilaman, hali hatto bu haqda o‘ylashga ham tayyor emasmiz. Men hech qursa, o‘qituvchining ishlagan real soatlari uchun munosib haq to‘laylik demoqchiman. Yaqinda bir suratga ko‘zim tushdi. Unda tun manzarasi va ko‘pqavatli uy tasvirlangan. Hamma chiroqlar o‘chiq. Faqat bittasi yoniq. Suratning ostiga qarasangiz, shunday so‘zlar yozilgan: O‘QITUVChI. Menimcha, izohga hojat yo‘q. Hamma uxlaganda ham mehnat qiladigan, shunga majbur bo‘ladigan birdan bir kasb egasi bu - o‘qituvchi! Lekin bu mehnatning haqini to‘lay olyapmizmi? Hech qursa, ma’naviy jihatdan uning qadriga yetayapmizmi?..

    5.O‘qituvchi va hokimiyat. Hokimiyat ta’limdan qo‘lini tortishi kerak, degan gaplarni o‘qidim ijtimoiy tarmoqlarda. Darhaqiqat, nega u ta’limga aralashadi? O‘qituvchi nega qishloq xo‘jaligi va yoki shahardagi obodonlashtirish, metallalom, qog‘oz to‘plash (makulatura), saylov qog‘ozlarini tarqatish, vatandosh (fuqaro)ni ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanishi kerak? Axir, o‘qituvchiga bular uchun haq to‘lanmaydi-ku! Hatto mardikorga ham mehnat haqqi beriladi. Qolaversa, o‘qituvchining asl vazifasi nima edi?.. Hokimiyatning kuchi ko‘p, beli baquvvat bo‘lsa, ana, qancha ishsiz odam bor, ularga ish berib, qonuniy yollab ishlatsa, minglab ishsiz aholini ish bilan bandligini ta’minlagan, bu bilan xorijga ish izlab ketayotganlar sonini kamaytirgan bo‘ladi.

    Ikkinchi masala bo‘yicha:

    O‘qituvchi oldiga qo‘yiladigan talablar
    1.O‘qituvchi o‘z fanini puxta bilsin. O‘quvchi yo talabaning ongi va ruhini uyg‘otsin! Unga sohaning asoslarini o‘rgata olsin.

    2.O‘qituvchi darslik va o‘quv qo‘lanma doirasida qolib ketmasin. Mustaqil fikrlay olsin, o‘quvchi va talabani ham shunga o‘rgata bilsin.

    3.O‘qituvchi qaysi fandan dars bersa bersin, zamon nafasini his qilsin, zamondosh inson zimmasiga davr yuklayotgan vazifalarni yaxshi tushunsin va tushuntirib bersin. Ya’ni zamon bilan hamnafas yurib, o‘z fanini hayot bilan, hayot yosh avlod oldiga qo‘yayotgan muammolar bilan bog‘lay olsin. Ya’ni o‘qituvchining almisoqda qotib qolgan tafakkuri sabab butun boshli fan o‘quvchi-talabalar nazarida hayotdan uzilib qolmasin.

    4. Moddiy, ma’naviy va huquqiy jihatdan himoyalanganiga qaramay, o‘qituvchi o‘z o‘rniga nomunosib bo‘lsa, ya’ni mutaxassis sifatida talabga javob bermasa yo sha’niga nomunosib ish tutsa, masalan, ta’magirlik qilsa, uning mehnat daftarchasiga shunday bir alohida muhr tushsinki, bu muhr uni ta’lim sohasiga yaqinlashishga umrbod yo‘l qo‘ymasin.
    Ulug‘bek Hamdam
    filologiya fanlari doktori,
    yozuvchi

    Manba: O‘zA

    » » Ta’lim haqida o‘ylar...
    Яндекс.Метрика