"Kaptivali aravakashlar" yoxud poytaxt "kiborlar"i bozor-o‘charini qayerdan qiladi?

  • Jamiyat
  • 30-03-2018, 11:26
  • 1 696
  • "Каптивали аравакашлар" ёхуд пойтахт "киборлар"и бозор-ўчарини қаердан қилади?
    O‘zA muxbiri Toshkentdagi Oloy bozorida bo‘lib, u yerda xizmat qiluvchi “vip aravakashlar” va "xarajat qilib beruvchilar" bilan suhbat qurdi. Quyida ushbu maqolani to‘liq keltiramiz.

    “Mashinangiz va qo‘lingizdagi telefondan meni “kliyent”larimga unchalik o‘xshamaysiz, soddagina odam ko‘rinasiz. Meni mijozlarim kazo-kazolarda...” deb gap boshlagan arava tortuvchi yigit meni mensimaganini ochiq yuzimga aytdi qo‘ydi. Axir men kimsan yuqorida tanishlari bo‘lgan “vip aravakashlar” bilan gaplashayotgandim. Ular bilan tanishish shunday boshlandi.

    Bozor deganda odatda biz odam gavjum bo‘lib, po‘sht-arava, “opqoling”, “kelib qoling” degan baqir-chaqir ovozlar yangrab turgan, yerlar pista po‘choq bo‘lgan joy ko‘z oldimizga keladi. Ammo “Oloy” bozoriga bu ta’rif umuman yarashmaydi. Hamma yer chinniday, bir-ikki bekorchi qiziquvchini aytmaganda, deyarli olarmon ko‘zga ko‘rinmaydi. Ilk ko‘ringan aravakashni savolga tortaman:

    -Arava necha pul uka?
    -10 mingdan boshlanadi.

    -Xarajatini ham o‘zingiz qilib berasizmi?
    -Yo‘q xarajati bilan qiladigan yigitlar boshqa xohlasangiz chaqirib beraman, deb yigit menga shunday yigitlardan birini topib berdi.

    Sekin telefonimda ovoz yozish faoliyatini yoqib u bilan suhbatlasha boshladim. Unga mehmondorchilik uchun harajat kerakligini aytdim va didim nozikligini tushuntirib, men xohlaydigan nozik didli insonlar dasturxoniga mos xarajat qilib berolasizmi, asosan kimlarga xizmat qilib o‘rgangansiz, deya sekin uni savolga tutdim.

    -Opa menga bemalol ishonavering. Men uncha-muncha odamlarga bozorlik qilib yuradigan yigit emasman. S-1, S-2, “Sayram” bozor tarafda, “Sentr lunacharskiy” ko‘chasida, Chorsu taraflarda, Uzumzordagi yangi mahallalarda nozik mijozlarim bor. Shu paytgacha hech kim xarajatlarimdan noligan emas. 500-600 ming so‘mlik xarajatlardan 30 ming so‘mgina olaman, uyingizgacha eltib beraman. Qo‘shiqchi mashhur mijozlarim ham bor, uyga, ishxonaga, chiroyli, baquvvat qadoqlab aeroportga ham eltib beramiz, opa.

    -Mijozlariz ko‘pmi? Bir kunda bunaqa xarajatlardan nechtasini qilib ulgurasiz?
    -Bir kunda 2-3 ta, gohida umuman pochin qilmagan kunlarim ham bo‘ladi. Kattaroq xarajatlar bo‘lsa 30 000 so‘mdan ko‘proq olaveramiz. Mijozga qarabda, opa. 200 000 beradigan odamlarim ham bor. Xarajatlari shunga yarasha bo‘ladi-da. Bundan tashqari dollarlarda to‘laydigan tanishlar ham talaygina. Qo‘limga bir dasta pulni berib, “spiska”ni tutqazishadi. Nimani qanchaga olganim bilan qiziqishmaydiyam. Xizmat haqqiga ham yaxshigina pul olib turamiz. Kechasimi, saxardami – qachon desa bozorlikni uylariga yetkazib beraveramiz.

    -Aynan, Oloy bozoridan xarajat qilish shartmi?
    -Albatta, shu yerdan qilamiz-da. Mana, ko‘ring qo‘limda “spiska” bilan bozorlikni boshlaganman bir mijozimga kechga tomon eltib berishim kerak. Ularga sara mahsulot yetkazsam bo‘ldi. Bizni mijozlar uzumini yeb, bog‘ini surishtirmaydigan qatlam odamlardan. Savdolashib olish boshqa, pulini shartta to‘lab tanlab-tanlab olish boshqa. Shunaqa bozor qilishlarga Oloy bozori qulay.

    -Shunaqa aravakashlik orqasidan, Kaptiva olganlar ham bor deyishadi rostmi?
    -Ha, Kaptivani aytasiz markazlarda uy olganlar ham bor. Ishini oddiy aravakashlikdan boshlagan. Boylarga, bozorlik qilib berib yurib, ular orqali tanish-bilishchilik orttiradi. Qishloqqa pul jo‘natib puliga mol olib qo‘yadi. Shunga o‘xshash qimirlagan topyapti, opa. Men ham kelganimda oddiy aravakash edim. Epchillik qilib, sekin mijozlar orttirib, “tegimga” neksiya oldim. Hozir mana endi, faqat “bozorlik”ka yuraman. Arava tortib sarg‘ayib yurganim yo‘q.

    -Sizga o‘xshagan bozorlik qiluvchi aravakashlar ko‘pmi?
    -Ha, ko‘p. 30 nafarcha mashinali uyingizga eltib beradigan aravakashlar bor. Boyla...

    -Mijozlar ham shunaqa ko‘pmi?
    -Ha, opa 600 nafarcha chiqadi mijozlarimiz. Boy o‘ziga-to‘q odamlar. Ishxonalariga ham vaqti kelsa eltib beramiz.

    -Qaysi, ishxonaga..? Qiziqsinab so‘radim. Birin-ketin berilgan savollarimdan keyin aravakash yigit mendan shubhalana boshladi.
    -Opa, ko‘rinishingizdan hech bozorlik qildiradigan ayolga o‘xshamaysiz. Mobodo xavfsizlik xizmatida ishlamaysizmi? Jurnalistmasmisiz mobodo? – shunday deb turganda aravakash telefonga ovoz yozib olayotganimni payqab qoldi. Bozor chekkasida telefon talashib olishib ketganimizni aytmasa, aravakash yigit bilan tanishuvimiz yomon kechmadi. Telefonimni va ichidagi yozuvlarni omon saqlab qolgan holda redaksiyaga yugurdim.

    Aravakash yigitning aytishicha, “Oloy” bozori Toshkent boylarining bozorlik qiluvchi maxsus joyiga aylangan. Yirik supermarketlarga odamlar o‘zlari borib, xarajat qilishlari lozim. Bozordagi maxsus aravakashlar esa, boylarga yanayam qulaylik yaratib sara mahsulotlarni kerakli vaqtda “chopqillab” uylariga eltib bermoqdalar. Toshkenti azimda boylar ko‘paygani ortidan aravakash yigitlar ham pul topib, turmushini o‘nglamoqda. Bizning peshonamizga boylarmiz ko‘paysin – deydi aravakash yigit.

    » » "Kaptivali aravakashlar" yoxud poytaxt "kiborlar"i bozor-o‘charini qayerdan qiladi?
    Яндекс.Метрика