18:16 / 17.04.2018
4 323

Komil Allamjonov: Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi (video)

Komil Allamjonov: Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi (video)
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining Press-xollida 17 aprel kuni brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov chiqish qildi. Brifing «O‘zbekiston 24» telekanali orqali jonli efirda namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida viloyatlarga safarlar oldidan ijtimoiy soha xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani, ayrim joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotganini jiddiy tanqid ostiga oldi. Bu lavha OAV orqali barchaning e’tiboriga havola qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur so‘zlaridan keyin ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot bermoqchiman.

Prezident bunday holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizm yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Topshiriqqa ko‘ra, aholini, ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlarini, talabalarni obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqiladi.

Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham aks etadi. Bunda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi inobatga olinadi. Fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash holatlari shundan keyin ham qaytarilsa, Prezident ta’kidlaganidek, jazo qattiq bo‘ladi. Jumladan, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuratura oldiga ham bir qator vazifalar qo‘ydi. Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning o‘limiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Hozirda bu hodisa bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda.

Prezident o‘z nutqida joylardagi ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan ham qattiq norozi ekanligini bildirdi. Qayd etilgan xo‘jako‘rsin ishlar yuzasidan prokurorlik tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Jumladan, Qashqadaryoda yo‘l bo‘ylarida yasalgan soxta issiqxonalar, Jizzaxdagi tibbiyot muassasasida eski jihozlar o‘rnatilgani va kasallarni onlayn ro‘yxatga olish dasturi ishlamasligi kabi holatlar tekshiriladi.

Viloyatlarga tashriflar chog‘ida ko‘rsatilgan, jumladan, bank rahbarlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni chuqur va tahliliy inventarizatsiyadan o‘tkazish, kamchiliklar aniqlangudek bo‘lsa, keskin choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Prezident yana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi.

Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolanganligi haqida OAV, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Mediamarkaz orqali xabarlar berib boriladi.

Komil Allamjonov, O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov: Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi (video)