Qur’oni karim musobaqasi g‘olibi Umra safariga borish imkonini qo‘lga kiritadi

  • Jamiyat
  • 21-04-2018, 18:15
  • 455
  • Қуръони карим мусобақаси ғолиби Умра сафарига бориш имконини қўлга киритади
    Xabaringiz bor, 2017 yilning 1 sentyabr sanasida «Hazrati Imom» majmuasiga tashrif buyurgan Prezidentimiz O‘zbekiston Qur’oni karim musobaqasini o‘tkazish haqida ko‘rsatma bergan edilar.

    Shu munosabat bilan mamlakatimizda musobaqaning tuman-shahar va viloyat bosqichlari o‘tkazildi.

    G‘olib deb topilgan 139 nafar (89 nafar yigit va 50 nafar xotin-qizlar) ishtirokchi musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.

    Quvonarlisi, musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni besh yarim ming nafarni tashkil etdi. Bu esa xalqimizning Qur’onga bo‘lgan yuksak muhabbati va ixlosini ko‘rsatadi.

    Va nihoyat, bugun Toshkent shahar Talabalar shaharchasidagi «Yoshlar Markazi» binosida Qur’oni karim musobaqasining Respublika bosqichi boshlandi.

    Musobaqani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ochib berdilar. Hazrat ma’ruzalari boshida Qur’oni karim musobaqasi mo‘min-musulmonlarimiz ko‘pdan beri intiqib kutgan quvonchu shodliklarni olib kelgani, qalbda mamnunlik, ko‘zda yosh ila qilingan duolar, huzurbaxsh tilovatlar sabab yurtimizga fayzu barakalar yog‘ilayotganini ta’kidladilar.

    Shuningdek, Qur’on o‘qish foydalari haqida oyatlardan va hadislardan namunalar keltirdilar.

    — Zero, Qur’on o‘qilganda, mo‘min-musulmon banda butun vujudi bilan Kalomullohga some bo‘ladi. O‘qilayotgan oyatlar haqida tafakkur qiladi. Ana shunda ulug‘ ajru savoblarga erishadi. Bu haqida A’rof surasining 204-oyatida bunday deyiladi:

    «Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» — deya so‘zladilar muftiy hazratlari.

    Shuningdek, musobaqada hamkorlik qilganligi va uni tashkillashtirishda yaqindan yordam berganligi uchun Yoshlar ittifoqi haqida iliq fikrlar bildirdilar:

    — Ayniqsa, Diniy idoramizning doimiy hamkori bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkiloti musobaqani o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bilan chiqqani bizni quvontirdi. Biz ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Yoshlar ittifoqi tashkiloti g‘oliblarini qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash kabi eng ulug‘ savobli ishlarni o‘z zimmasiga oldi, buning uchun albatta tashakkur aytamiz.

    Eslatib o‘tamiz, musobaqa yigitlar va xotin-qizlar o‘rtasida ikki yosh toifasi (18-25 yosh hamda 26-40 yosh)da o‘tkaziladi. Yigitlar o‘rtasida 21-24 aprel kunlari, xotin-qizlar o‘rtasida esa 25-26 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

    Musobaqa ishtirokchilari Hifz (Qur’oni karimni to‘liq yod olgan murattab qori va qoriyalar) va Tilovat (Qur’oni karimni chiroyli o‘qiydigan, muvajjad qori va qoriyalar) yo‘nalishlarida bellashadilar.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jarayonni onlayn namoyish etish uchun katta hajmdagi monitorlar o‘rnatiladi.

    Musobaqa so‘nggida jami 36 nafar g‘olib aniqlanadi.

    Hifz yo‘nalishida 1-o‘rin sohiblari ota-onasi bilan, Tilovat yo‘nalishida 1-o‘ringa sazovor bo‘lganlar esa hamrohi bilan Umra safariga borish imkoniga ega bo‘ladilar.

    Musobaqaning Hifz yo‘nalishida eng yuqori ball to‘plagan 1-o‘rin g‘olibiga oliy sovrin - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi - avtomobil taqdim etiladi.

    Shuningdek, ishtirokchilar orasidan «Eng xushovoz Qur’on qoriyasi», «Eng yosh Qur’on qoriyasi» va «Matonatli qori» nominatsiyalari g‘oliblari ham aniqlanadi.

    » » Qur’oni karim musobaqasi g‘olibi Umra safariga borish imkonini qo‘lga kiritadi
    Яндекс.Метрика