16:36 / 23.04.2018
5 180

Chiroqchi tumanining sobiq hokimini kim qamatgan edi?

Chiroqchi tumanining sobiq hokimini kim qamatgan edi?
O‘z vaqtida munosib xizmatlari uchun «Jasorat» medali bilan taqdirlangan Nurulla Qayumov Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida hokim bo‘lib ishlagan. 2007 yil 5 sentyabrda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi ko‘riladi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar bermoqda.

U Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilish, 59 va 61-moddalarga binoan, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Oxirgi ikki yil ichida sud-huquq sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlar ko‘plab aybsiz aybdorlar qatorida sobiq hokim uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Nihoyat, uning 10 yillik azob-uqubati yakun topdi, u oqlandi.

Hokimni — Prezidentning Chiroqchidagi vakilini kim ayblagan edi va nima uchun?

«Xalq so‘zi» muxbiri Nurulla Qayumov bilan suhbatlashganda ushbu kelishmovchilik noloyiq kadrni mas’ul lavozimga qo‘yishni talab qilishganidan keyin boshlaganini aytdi. U hokim sifatida bunga qat’iy norozi ekanligini bildiradi. Biroq o‘rtaga tushgan o‘sha paytdagi Milliy xavfsizlik xizmati hududiy vakili ham bo‘sh kelmaydi. Keyin yo‘rig‘iga yurmagani uchun hokimga tuzoq qo‘yishni boshlab yuboradi.

Adolat bilan aytganda, tuzoqni eplab qo‘yolmaydi. Gap shundaki, hokimni ayblash uchun o‘ylab topilgan «davlat mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan»ligi dalili bo‘lmish summalar arzimas bo‘lib, bunday ishni hokim-ku hokim, kichkinagina korxona rahbarining ham o‘ziga ep ko‘rishiga ishongingiz kelmaydi.

Misol uchun: «Hokim o‘z haydovchisi B. Eshqobilov nomidagi 2005 yil 29 dekabrdan 2006 yil 15 noyabrgacha bo‘lgan raqamsiz g‘azna chiqim orderlarini uning nomiga rasmiylashtirib, 2 million 999 so‘mlik o‘zganing pul mablag‘larini o‘zlashtirgan». Qoyil-e, hokimning kuni o‘z haydovchisiga qolsa.

Bu misol unisidan oshib tushadi: «R. Berdiyorovaning 2006 yil iyul oyi ish haqi vedomostidan 61441 so‘mni, avgust oyi ish haqi vedomostidan 64210 so‘mni olish haqidagi imzolarni soxtalashtirib, tuman hokimligi xodimlarining manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan».

Ayblovda yana qator misollar borki, ularning summasi turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ular har qanday kishida shubha tug‘diradi. Ish bilan tanishib bo‘lgach, «O‘t balosidan, suv balosidan, tuhmat balosidan o‘zi asrasin» degan maqol beixtiyor yodga tushdi.

Uzoq yillik aziyatlar so‘ngida sobiq hokim oqlandi. Bundan uning o‘zi, yor birodarlari, oila a’zolarining ham quvonchi cheksizligi shubhasiz. Ammo o‘tgan yillar davomidagi qiyinchiliklar, yo‘qotishlar va salomatlik bilan bog‘liq muammolar o‘rnini nima bilan, qanday to‘ldirish mumkin?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chiroqchi tumanining sobiq hokimini kim qamatgan edi?