14:26 / 23.04.2018
4 321

«Tanish-bilishlar ishi bankda tez bitadimi?»

«Tanish-bilishlar ishi bankda tez bitadimi?»
Bugun boshqa sohalar kabi bank tizimida ham katta islohotlar amalga oshirilmoqda va bu, albatta, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Ammo bankka ishi tushgan odam borki, bu boradagi imkoniyatlarni emas, o‘z qiziqishlariyu savollariga javob olishni istaydi. Bugun mushtariylarimizning ana shu savollariga javob olish maqsadida «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining «Darxon» filiali boshqaruvchisi Jonibek Maratovich Yergeshev bilan suhbatlashdik.

— Hurmatli Jonibek Maratovich, siz rahbarlik qilayotgan moliya-kredit muassasasi aholiga qulaylik yaratish maqsadida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
— Haqiqatan ham, bugun qay bir jabhada bo‘lmasin, qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan oqilona siyosat, xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik, yaratuvchanlik yo‘lidagi g‘ayrat-shijoati mevasidir. Bugun «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining «Darxon» filiali aholining, ayniqsa, ishbilarmonlarning yaqin hamkori va ko‘makchisiga aylanib ulgurdi. Bank mablag‘lari, zamonaviy xizmatlari orqali o‘z omonatlarini ko‘paytirayotgan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bozorlarimiz to‘kinligiga, hududlarimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan izlanuvchan, tashabbuskor hamyurtlarimizning muvaffaqiyatlari buning yaqqol dalilidir.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda Davlatimiz rahbarining 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, bank xizmatlari turlari kengaytirilmoqda. Bank tomonidan xizmat ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy qilinib, aholiga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida «Reception» xizmati, bankning rasmiy veb sayti sahifasida «Mijozlar moliyaviy savodxonligini oshirish» rukni tashkil etildi, hozirda ushbu ruknda bank sohasi bo‘yicha aholini qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq ma’lumotlar joylashtirilmoqda.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab xorijiy valyutaning oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish, to‘lov kartalaridan pul mablag‘larining xorijiy va milliy valyutadagi muddatli omonatlarga o‘tkazilishini ta’minlovchi jismoniy shaxslarning hisobvaraqlarini masofadan turib boshqarish tizimlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, aholiga yanada qulaylik yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha kredit turlari joriy etildi.

E’tiborlisi, «Trastbank» kredit qo‘yilmalari evaziga nafaqat yangi korxonalar ishga tushirilishi, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun mutlaqo yangi bo‘lgan sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga asos solinishi ko‘zda tutilgan.

— Hozir bir necha turdagi kreditlar joriy etilgani haqida gapirib o‘tdingiz. Bank mijozlari ichida qaysi kredit turiga talab yuqori?
— Bugun iqtisodiyotimiz jadal sur’atlarda rivojlanayotganligini inobatga olgan holda, tadbirkorlar tomonidan faoliyatini kengaytirish va bozorda o‘z raqobatbardoshligini saqlab turish maqsadida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun asbob-uskuna va texnologiyalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun mazkur turdagi kreditlarga bo‘lgan talab yuqoridir. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yangi texnika va texnologiyalar sotib olish maqsadida kredit olishga bo‘lgan murojaatlar ham ko‘p ekanini ta’kidlab o‘tish joiz. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga ajratiladigan iste’mol kreditlari va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olish maqsadidagi kreditlarga ham ehtiyojlar ortgan.

— Shu o‘rinda avtokredit va iste’mol krediti haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tishingizni istardik…
— «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki tomonidan qulay foiz stavkalari asosida jismoniy shaxslarga kredit hisobiga avtotransport vositalarini xarid qilish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, avtokredit birlamchi avtomobil bozoridan (ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri — avtosalon) O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yengil avtomobilni sotib olish uchun 3 (uch) yilgacha bo‘lgan muddatga beriladigan kredit hisobiga xarid qilinadi.

Iste’mol kreditlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, «Trastbank» tomonidan jismoniy shaxslar ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, uzoq muddat davomida ishlatiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki tomonidan uy jihozlari, maishiy texnikalar va buyumlar, qurilish materiallari xarid qilishga, sog‘liqni tiklash xizmatlari va respublikamizdagi sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanmalarni sotib olishga, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishga, avtomobillarni ta’mirlash va mototexnika vositalari xarid qilishga, maxsus o‘quv kurslarida o‘qishga, shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, avtokreditlar ajratish yo‘lga qo‘yilgan.

— Ushbu kreditlarni olish uchun qanday hujjatlarni taqdim etish lozim?
— Iste’mol kreditini olish uchun mijoz tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
  • pasportning nusxasi;
  • fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnoma (barcha oila a’zolari ko‘rsatilgan holda);
  • ish joyidan so‘nggi 12 (o‘n ikki) oy davomida olingan ish haqi va daromadini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma;
  • mehnat daftarchasining ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi (xususiy tadbirkorlar uchun — guvohnoma nusxasi);
  • soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami guvohnomasi nusxasi;
  • sotib olinayotgan tovar yoki ko‘rsatilayotgan xizmat uchun oldi-sotdi shartnomasi.

— Sog‘liqni tiklash uchun ham kreditlar ajratiladimi? Agar ajratilsa, mazkur kreditlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersangiz?
— Ayni damda bankimiz tomonidan maxsus tibbiy kolyaskalar va boshqa sog‘liqni tiklash anjomlari sotib olish, davolanish va sog‘liqni tiklash xizmatlari, sayohat yoki sihatgohlarga yo‘llanmalar sotib olish (O‘zbekiston Respublikasi ichida), sport, fitnes anjomlari sotib olish maqsadlariga kreditlar berish yo‘lga qo‘yilgan.

— Kredit olindi ham deylik. Uni to‘lash jarayonida mijoz kechiksa, ya’ni ayni damda moliyaviy sharoiti og‘irroq bo‘lsa, bank mijozga qanday qulaylikni taklif etishi mumkin?
— Bankimiz tomonidan mijozlar uchun qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida kredit bilan bog‘liq jarima, penya va hokazolar hajmini kamaytirish maqsadida xizmat ko‘rsatish tariflari qayta ko‘rib chiqildi.

— Mijoz bank ish vaqti tugashiga 5 daqiqa qolganda keldi. Bu vaqtda biror-bir operatsiyani amalga oshirishning iloji yo‘q. Ammo mijoz qat’iy talab qilyapti. Qanday yo‘l tutasizlar?
— Bugun «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki tizimida mijozlar uchun bank xizmatlarining to‘liq majmuini masofadan turib ko‘rsatilishiga erishish va qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Personal menejer» mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bankimiz mijozlari mazkur xizmatdan keng va unumli foydalanib kelmoqda.

Mijozlarimizning aksariyati hozirda masofadan turib, kompyuter va elektron aloqa tizimi orqali bank amaliyotlarini emin-erkin amalga oshirmoqda. Shu sababli, «Trastbank» tizimida bu kabi holatlar amaliyotda uchramagan, bankimizning har bir xodimi «Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun» tamoyiliga amal qilgan holda xizmat qiladi.

— Bugun bank xodimining qo‘pol muomalasiga yoki e’tiborsizligiga duch kelayotgan yurtdoshlarimiz ham bor. Ya’ni bank xodimi o‘zini biroz osmonda tasavvur qiladi…
— Har bir shaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa, xulq-atvor va odob-axloq uning zamiriga kiradi. Xodimlarning kimligini, ma’naviyatini atrofdagi insonlarga bo‘lgan munosabatidan anglab olish qiyin emas. Chunki muomala inson xulq-atvorining ziynatidir. Shu sabab, «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki Kasaba qo‘mitasi va xodimlar bilan ishlash departamentlari tomonidan muomala madaniyatini yuksaltirish borasida doimiy ravishda xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlari, trening va seminarlar olib boriladi hamda bugungacha «Trastbank» tizimida bu kabi holatlar kuzatilmagan.

— O‘zim guvohi bo‘lganman. Tanish-bilishlar ishi bankda ham tez bitiriladi. Boshqa mijozga kelganda tushlik vaqti yoki shoshilinch majlis chiqib qoladi. Bunday vaziyatda bank xodimi ustidan kimga murojaat qilish mumkin?
— «Trastbank» boshqaruvi tomonidan mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish xizmati alohida nazoratga olingan. «Personal menejer»larimiz har bir mijozga birdek xizmat ko‘rsatib, tushlik vaqtiga yaqin kelgan mijoz bo‘lsa ham, avvalo, mijozga xizmat ko‘rsatib, keyin tushlik qilishlari yo‘lga qo‘yilgan va bankimizda hali bunday vaziyatga duch kelmadik. Mabodo, shunday vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Bosh bank va filiallarda «Ishonch telefonlari» mavjud. Har bir mijoz o‘z haq-huquqlari bo‘yicha «Ishonch telefon» raqamlariga murojaat qilishi mumkin.

— Boshqa barcha sohalar singari bank tizimining ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va mashaqqatlari, mas’uliyati hamda javobgarligi bor. Shunday emasmi?
— Darhaqiqat, barcha sohalarda bo‘lgani kabi bank tizimining ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, mashaqqatlari, mas’uliyati hamda javobgarligi mavjud.

Prezidentimiz rahnamoligida bank tizimini tubdan isloh etish va yanada erkinlashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida banklarning kapitallashuv darajasi yuksalib, investitsion faolligi kengayib borayotir. Bu esa bank mutaxassislaridan yanada katta mas’uliyat, keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar jarayoniga daxldorlik hissini o‘zida uyg‘otishi va yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi talab etilmoqda.

— Nima deb o‘ylaysiz, bank tizimida qanday islohotlarni amalga oshirish evaziga iste’molchi, ya’ni aholiga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish mumkin?
— Bugunda bank tizimiga Hukumatimiz va Markaziy bank tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Iste’molchilar va aholiga yanada qulayliklar yaratish maqsadida bankning ratsional daromadliligini ta’minlagan holda tarif siyosatlari optimallashtirilmoqda hamda shu orqali bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlarni jalb etishga, eng asosiysi, mijozlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, yangi bank xizmatlarini joriy qilish maqsadida ichki me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda va amaldagilari yanada takomillashtirilmoqda.

Bankimizda 2018 yil — «Chakana biznesni rivojlantirish» yili deb nomlandi. Bu bejiz emas, albatta. Hozirda bank tomonidan jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan «Mobil bank» dasturini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan va mazkur dastur ham qayta isloh qilinib, u orqali mijoz kartasidan kartasiga pul o‘tkazish, onlayn omonatlarni qabul qilish, omonat qoldiqlarini boshqarish, kredit foizlarini so‘ndirish, mobil aloqa hisobini to‘ldirish, kommunal to‘lovlarni amalga oshirish va boshqa turdagi ko‘plab to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda.

— Kelgusi ishlaringizga rivoj tilab, samimiy suhbat uchun sizga minnatdorchilik bildirib qolamiz.
Saidmurod ABDIYeV
suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Tanish-bilishlar ishi bankda tez bitadimi?»