17:53 / 25.05.2018
6 353

Ramazon qo‘shig‘ini aytish – tilanchilik emas!

Ramazon qo‘shig‘ini aytish – tilanchilik emas!
“Ramazon” qo‘shiqlarini aytib yurgan bolalarni ayrim imomlar tilanchilikka o‘xshatibdi. “Xunuk ish! To‘xtatish kerak!” debdi.

Nima bo‘lyapti bizga?!

Bolalarga dinni o‘qitolmasak, siyib qo‘yadi deb masjidlarga kiritmasak, bolaligidan ko‘zini masjidga, jamoatga, namozga ko‘niktirib bormasak, masjid Ollohning uyi o‘laroq odam bolasi uchun eng orom maskani ekanini his qildirmasak va mana endi “Ramazon” qo‘shiqlarini ham aytdirmasak!!!

Ramazon biz mo‘min-musulmonlar uchun bayram emasmi?! Ibodat oyi, xursandchilik oyi emasmi?! Ayniqsa bolalarimiz bu oyda yayramasinmi?! Bugun “Ramazon” qo‘shiqlarini aytishni tilanchilik deb taomildan chiqarsak, ertaga hayitlik ulashishlarni ham to‘xtatarmiz?!

Bu nima degan gap?!

Bunaqada kelgusi naslni islomiy hayotdan butkul uzamiz-ku!

Albatta, “Ramazon” aytish qoidasi keyingi zamonlarda bir oz o‘zgardi. Birinchi kechagina emas, besh-olti kun har kecha aytiladigan bo‘ldi. Balki faqat pul uchun ham aytilayotgandir. Nima qipti? Aytsin! Aytganiga suyunchilar olsin! Bola-da! Bola Ramazondan rozi bo‘lsin! Ramazonda odamlar unga mehribon va saxiy bo‘lib qolganini his etsin! Yanagi Ramazonni intiqlik bilan kutsin!

Eski davrda hozirgiday aloqa vositalari bo‘lmagan. Har bir hudud mutasaddilari belgili bir joyga oy ko‘rishga chiqqan. Hilolni ko‘rsa, Ramazon oyi kirganini bildirish uchun shu bolalar xizmatidan foydalangan. Har bir mahalla bolalari uyma-uy yurib Ramazon kirganini e’lon etib chiqishgan. Xursandchilik ifodasi o‘laroq she’r qilib, qo‘shiq qilib aytib bildirishgan! Odamlar ham xursand bo‘lganidan xushxabarchilarga suyunchilar olib chiqib bergan. Kimi bitta non, kimi turshak-mayiz, o‘ziga to‘qlari hatto tanga-chaqalar ham bergan.

Hamma shod! Ayniqsa bolalar!

Mahallani aylanib bo‘lgandan keyin biron pakkada to‘xtab, tushgan narsalarni adolat bilan bo‘lashib olishgan. So‘ng uy-uylariga tarqalishgan! Suyunchilarni ota-ona, aka-opalariga olib kirib ko‘rsatib, maqtanishgan! Uydagilar ham ularni olqishlashgan!

Xullas, Ramazonning kirishi xonadonlarda bayram bo‘lib ketar edi.

Bizning ham bolaligimiz shu tarz kechgan. Haligacha uyma-uy “Ramazon”, “Borat Olloh” aytib yurganlarimni, suyunchi-hadyalarni qiyig‘imga solib uyga juda katta sevinch bilan ko‘tarib kirganlarimni eslayman! Endi bugunga kelib mening nevaralarimni bu baxtdan, bu sururdan, bu sevinchdan uzmoqchi bo‘lyapsizlarmi?!

Ey kaltao‘ylar, hazir bo‘ling, sizning qulog‘ingizga bu ishni tilanchilik deb shipshiyotgan narsa shaytondir. Shayton bolalarimiz yuragidan Ramazon sevinchini o‘g‘irlab qo‘ymoqchi. Uning aytganini qilmang! Buning o‘rniga “Ramazon” aytuvchilarga ham, aytmayotganlarga ham hadya ulashing! Suyunchi bering! Sevintiring! Bolalarga Ramazonni sevdiring! Butun Ramazon oyi davomida, ayniqsa hayitda hatto begona bolalarga ham suyunchi bering!

Masalan, Turkiyada deyarli barcha telekanal hayit kuni bolalarning hayitliklarini alohida mavzu qilib ko‘rsatadi. Gapirtiradi. Kim qancha pul ishlaganini so‘rab, bolalarni yanada shavqlantiradi.

Televideniyemiz ko‘rsatmaganiga, aksincha, deyarli hamma idora bolalarni masjiddan, Ramazon tarovatidan to‘sayotganiga yarasha, hech bo‘lmaganda imom-domlalar bu ishni qilmang! O‘zingiz o‘tirgan shoxga bolta urmang!

Ramazon kirganida bizning qishloqda, masalan, bunday qo‘shiqlar aytardik:

Ramazon aytib keldim eshigingizga,
Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga!

Baroat oyi kirganida esa, bunday derdik:

Borat Olloh boy bilan,
Quyon qochdi soy bilan.
Borat keldi, bildingizmi?
Qozonga yog‘ quydingizmi?!

Aqa beradi, baqa beradi,
Saxiy pochcham chaqa beradi.

Baxil pochcham quvib beradi...

Bolalarni siylang! Baxil bo‘lmang! Saxiy bo‘ling!
Nurulloh Muhammad RAUFXON

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ramazon qo‘shig‘ini aytish – tilanchilik emas!