14:27 / 28.05.2018
5 423

“Virtual sevgi” – asr vabosi!

“Virtual sevgi” – asr vabosi!
“Virtual sevgi” – internet ijtimoiy tarmoqlarida bir-biriga nomahram bo‘lgan yigit va qizlarning o‘zaro suhbatlashishi, bir-biriga shahvatni uyg‘otuvchi gap-so‘zlarni aytishi, o‘zining rasmlarini bir-biriga yuborishi bo‘lib, ayrim hollarda, bu ish oilalilar o‘rtasida bo‘lyapti va qanchadan qancha oilalar buzilib ketishi sodir bo‘lmoqda.

Afsuski, jamiyatimizda bu kabi illatlar ko‘payib bormoqda. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o‘rta yoshdagilarning ham, ayniqsa, yoshlarning axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Bu muammoning yechimi bormi? Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab foydalari bor. Masalan, oila a’zolar, ota-ona, qarindoshlar va do‘stlar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Shu bilan birga uning xatarli tomonlari ham bor. Ko‘pchilik odamlar bu jihatiga e’tibor qilmaydilar. Uning katta xatarlaridan biri – “virtual sevgi”lardir.

Nomahramlar bir-birlarining suratlariga qarashi his-tuyg‘uni boshqaruvchi miyadagi ko‘plab hujayralarning halok bo‘lishiga olib keladi. Profillarda yigit va qizlarning suratini ko‘rish va boshqalarga yuborishning osonligi hamda yoshlarda bekorchilikning avj olgani harom aloqalarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Virtual tanishuv borib-borib real ko‘rishuvga, u esa zinoga olib kelmoqda. Bu narsa yoshlarning bugungi kunini ham, kelajagini ham barbod qiladi. Vaqtlar zoye bo‘lmoqda, avratlar ochilmoqda, oilaviy, shaxsiy ma’lumotlar tashqariga chiqib ketmoqda.

Olimlar allaqachon isbotlashganki, yigit qizga shahvat nazari bilan qarasa, miyasida muayyan garmonlar ishlab chiqarila boshlaydi. U garmonlar jinsiy aloqaga mas’ul hisobalanadi. Yurak ham bu paytda tez urib, ko‘p qonni o‘tkazadi. Bu jarayon qisqa muddatda sodir bo‘ladi. Shuning uchun begona ayol-qizlarga qarashdan butunlay tiyilish kerak. Bu tiyilish, yuqorida aytilganidek, miya garmonlarni bevaqt ishlab chiqarishining oldini oladi. Yurakni ham bir maromda ishlashiga bois bo‘ladi. Ko‘zni tiyish kishini bir umrlik nadomat, turli jinsiy, ruhiy va boshqa kasalliklardan, harom ishlardan tiyilishiga sabab bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarga kirgan kishi foydali narsalarni ko‘rish va o‘qishni niyat qilishi kerak.

Birgina tugmani bosish bilan Alloh harom qilgan narsaga ko‘zi tushadi. Allohning amriga bo‘yinso‘nish kerak va o‘sha tugmani bosmaslik kerak. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” (“Nur” surasi, 30-oyat).

Haromga undagan nafsning xohishiga yurmay, sabr qilish ulkan savobni qo‘lga kiritishga sabab bo‘ladi. Alloh taolo mana bu oyatda shunday degan: “Albatta, Men bugun ularni sabr qilganlari uchun mukofotladim. Albatta, ular o‘zlari yutuqqa erishguvchilardir” (“Mo‘minun” surasi, 111-oyat).

Agar siz haromga nazar solishdan o‘zingizni tiysangiz, bundan maqsadingiz Allohning buyrug‘iga itoat qilish, qiyomat kuni Uning huzurida turishdan qo‘rqish bo‘lsa, siz mana bu oyatda va’da qilingan mukofotga erishasiz, insha Alloh.

Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: “Va, ammo kim Robbisining maqomidan qo‘rqqan va o‘z nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo‘lsa. Bas, albatta, jannat o‘rin bo‘ladir” (“Noziot” surasi, 40-41-oyatlar).

Qizlarning suratiga har qancha nazar solsangiz ham, bir kuni baribir vafot etasiz. Qabringizda va Oxiratda sizga as qotadigan narsa amalingizdir. Shunday ekan, sizga qanday amal hamroh bo‘lishini o‘zingiz tanlang!

Alloh taolo qaytargani uchun haromga qarashdan tiyilgan ko‘zni do‘zax o‘ti yondirmaydi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Uch kishi borki, ularning ko‘zlari do‘zaxni ko‘rmaydi. Bular: Allohning yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z, Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z va Alloh harom qilgan narsalarga boqishdan tiyilgan ko‘z”. Imom Tabaroniy rivoyat qilganlar.

Haromga nazar solishdan tiyilish iymonning ziyoda bo‘lishiga va qalbda halovat tuyilishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar sen Alloh azza va jallaning roziligi uchun biror ishni tark etsang, Alloh uning o‘rniga sen uchun undan yaxshirog‘ini beradi”. Imom Ahmad rivoyati.

Mabodo harom narsaga qarab qo‘ysangiz, qalbingizga shayton “Endi tavba qilsang ham foydasi yo‘q”, “Endi solih amal qilsang ham foydasi tegmaydi” yoki “Mana bun gunohni ham qil. Keyinroq tavba qilib olasan” deb vasvasa qilishiga yo‘l qo‘ymang! Bu vasvasaga quloq solsangiz, u sizni gunohning domiga battar tortadi va ahvolingizni og‘irlashtiradi. Shuning uchun siz darhol tavba qilishingiz va gunohdan tiyilib, solih amallar qilishga o‘tishingiz kerak. Agar siz tavbada bardavom bo‘lsangiz, borib-borib ma’siyatni yomon ko‘radigan, undan nafratlanadigan bo‘lib qolasiz.

Haromga qarash zinoning turlaridan biri ekanini bilishingiz kerak. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ko‘z ham zino qiladi. Uning zinosi nazardir” deganlar. Agar siz bir ayolga shahvat bilan qarasangiz, ko‘zingiz zino qilgan hisoblanadi. Chunki, ko‘z nomahram ayolga shahvat bilan qaragan paytda tanada haqiqiy zino paytida bo‘ladigan jarayonlar kechadi. Ya’ni ba’zi garmonlarning ishlab chiqarilishi, zinoga tayyorlanishi kabi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Farj uni yo tasdiqlaydi yoki yolg‘onga chiqaradi” deganlar.

Yuqoridagilarni o‘qib chiqdingiz. Endi ko‘zingizni haromga tikishdan tiyasizmi? Yoki yana qaraysizmi? Alloh taolo bu ko‘zni ibodat sanalgan narsalarga qarashga, qarash orqali ham savob olishga buyurgan. Shuning uchun ko‘zingizni Allohning Kalomi – Qur’onga qarashga o‘rgating. Bundan tashqari ota-ona, ahli ayol, farzandlar, do‘stlar va ustozlarning yuzlariga samimiy tabassum bilan boqishga o‘rgating. Mana shunda ajru savob olasiz.
Abduddoim Kahelning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi.

Manba: O‘MI matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Virtual sevgi” – asr vabosi!