12:03 / 30.05.2018
56 464

Rustam Inoyatov hozir qayerda?

Rustam Inoyatov hozir qayerda?
Shu yilning 31 yanvarida O‘zbekistonning eng qudratli, ta’bir joiz bo‘lsa, respublikani ko‘rinmas boshqaruvchiligidan ketgan general-polkovnik Rustam Inoyatov taqdiri ko‘pchilik uchun qiziqarli. Xo‘sh, u aslida kim edi? Uning taqdiri istiqbollari qanday bo‘lishi mumkin?

Hayotda kimdir o‘zi uchun ishlaydi, kimdir tizim uchun ishlaydi, yana kimdir tizimni o‘zi uchun ishlatadi. Tashqi razvedka ofitseri, mutaxassisligi sharqshunos bo‘lgan Rustam Inoyatov 1995 yilda 51 yoshida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisligi kursisiga kelganida mamlakatdagi vaziyat butunlay boshqacha edi. Qo‘shni Tojikiston va Afg‘onistonda urush borar, boshqa hamsoyalar ichida iqtisodiy-ijtimoiy ahvol tarang bo‘lib, O‘zbekiston ichida radikalizm kayfiyati o‘sib borayotgan edi.

Bu muammolarni yechishda Islom Karimov bilan birga yonma-yon yurgani holda Inoyatov yetakchining ishonchiga to‘liq kirib bordi. 1999 yildagi portlashlardan keyin pozitsiyasi muttasil kuchayaverdi.

Ichki ishlar vaziri, mamlakatda o‘sha vaqtdagi “ikkinchi odam” deb qaralgan general Zokir Almatovni “Andijon-2005 yilda” shaxmat taxtasilagi o‘yindan chiqarib yuborilishi Inoyatovga O‘zbekiston elitasida mislsiz imkoniyatlar eshigini ochdi va “shef” taxallusini oldi. Shundan so‘ng 11 yil davomida o‘zbek siyosatida “soyadagi boshqaruvchi”ga aylandi. U iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy hayot, xullas davlat va jamiyatning barcha tarmoqlarini o‘ziga to‘la bo‘ysuntirdi.

Prezident Devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Milliy xavfsizlik kengashi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi, Neft-gaz milliy xolding kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, oltin ishlab chiqaruvchi gigantlardan ortib, viloyat hokimliklari, qo‘yingchi barcha ko‘zga ko‘ringan-ko‘rinmagan tashkilotgacha uning izmida edi.

Prezidentning xavfsizlik xizmati orqali (bu mustaqil tashkilot rahbari MXX raisining birinchi o‘rinbosari sanalar, garchi qog‘ozlarda bevosita Prezidentga bo‘ysunadi deyilsa, amalda aynan Inoyatov qaramog‘ida edi) Prezident Devonidagi oddiy xodimdan Davlat maslahatchilarigacha uning nazorati ostida edi.

Prezidentning Ishlar boshqaruvchisi, yozilmagan qoidaga ko‘ra Devon rahbari Zelimxon Haydarov bilan zimdan adovatda bo‘lib kelgani aytiladi. Ammo Haydarov prezident I.Karimovning saroydagi eng yaqin va uzoq yillik maslakdosh mulozimi bo‘lgani bois Prezidentning yuzidan o‘tib, unga ta’sir qila olmagan. Ammo oxirgi yillarda bir necha o‘rinbosarlarini yaqinda Bojxona qo‘mitasidan ishdan ketgan, lekin o‘sha paytda Prezidentning xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgan Muidjon Tohiriy orqali qamashga urungan edi.

Faqat Vazirlar Mahkamasini bosh vazir Shavkat Mirziyoyev mustaqil idora qilishga urunar, biroq xavfsizlikning qudrati oldida u ham tiyilishga, Inoyatov bilan munosabatlarni buzmaslikka majbur edi. Prezident yaqinda Oliy Majlisga murojaati chog‘ida “bu bosh ne-ne murakkabliklarga, sinovlarga guvoh bo‘lmadi, vaqti kelsa ularning hammasini birma-bir aytib beraman” deganida ayrim ekspertlar aynan Inoyatov bilan bo‘lgan ziddiyatli vaziyatni nazarda tutganini taxmin qilishadi.

Shu tariqa Prezident Devonidan tortib, eng quyidagi tuman hokimigacha xavfsizlik idorasiga so‘zsiz bo‘ysuntirar, uning oldida hisobdor edi.

Inoyatov davrida Milliy xavfsizlik xizmatining ayrim oyog‘i yerdan uzilgan vallomatlari hatto gapini ikki qilgani uchun, moshinasini quvib o‘tgani yoki qo‘ng‘irog‘iga javob qaytarmagani kabi arzimas sabablar tufayli ham har qanday amaldorlarni belini sindirishi bilan tanilgandi.

Har qanday “muhim axborot” faqat R.Inoyatov viza qo‘ygachgina Islom Karimovga kiritilar, bu ma’lumot esa istalgan odamning boshini yeb ketishi mumkin edi. Shunday ham bo‘ldi. Muttaham bo‘lmagan respublikaning birorta viloyat hokimi qolmadi. Mirziyeyov hukumat rahbari sifatida ularning yonini olib qilgan ayrim harakatlari esa MXX rahbari tomonidan kuchli bosimga uchradi. O‘zbekistondagi barcha katta-kichik darajadagi rahbarlar ustidan salbiy ma’lumotlar bazasi izchil shakllantirilib borildi.

Rustam Inoyatov uning mavjudligi Islom Karimovni hokimiyatni saqlab qolishning yagona ishonchli kafolati ekanligini rahnamoning qulog‘iga quyib keldi va bunga ishontira oldi. Shu sababli Bosh prokuror Rashid Qodirov boshchiligida prezidentning katta qizi Gulnora Karimovaga qarshi barcha dalillarni to‘plab, Otaga taqdim etganida Islom Karimov jigarbanddining yonini olishi uchun hech qanday imkoniyat qolmagan edi.

Vaholanki, xavfsizlik xizmatining eng birinchi vazifasi Birinchi rahbarga va uning oilasiga qarshi “kompramat” yig‘ish emas, aksincha unga yo‘l qo‘yilmaslik choralarini barcha vositalar bilan ko‘rish ekanligini bilishmasmidi?! Katta qiziga sud hukmini ravo ko‘rgan Islom Karimovning ich-ichidan R.Inoyatovdan hafsalasi pir bo‘lgani, aniqrog‘i ranjigani aniq edi. Gap bu o‘rinda qizning xulqi, uning jinoyat sodir etgani yoki etmaganligi haqida emas, balki bir jamoada bo‘la turib Prezidentning farzandiga qarshi unga qarshi yillar davomida materiallar yig‘ib borilganida bo‘ldi.

Karimov bunday nohush voqealardan keyin sadoqatli shogirdi Shavkat Mirziyoyevni doimiy ravishda Oqsaroyga chaqirib, soatlab muzokaralar o‘tkazib borgani, uning uy-fikrlari bilan qiziqqani keng jamoatchilikdan ortiq yashiradigan sir emas. Shundan keyin bosh prokuror R.Qodirov janoblari o‘rnini tezlik bilan Sh.Mirziyeyovga xayrixoh Ixtiyor Abdullayev egalladi.

R.Inoyatov sa’y-harakatlari bilan oxirgi yillarda xavfsizlik tuzilmasi shtati va vakolatlari shu qadar kengayib va boshqarilmaydigan idoraga aylanib qoldiki, hatto raisning o‘rinbosarlari bir-biri bilan yovlashdi, tuzilma ich-ichidan guruhlarga bo‘linib ketdi. Razvedka, kontrazvedka, terrorizm bilan kurashish bosh vazifasi bo‘lgan obro‘li tashkilotning nufuzi pasayib bordi.

Shavkat Mirziyeyov hokimiyatga kelgach, dastlabki yilda arqonni juda uzun tashlab qo‘ydi. Pozitsiyasini mustahkamlab olgunicha qadar o‘ta vazminlik bilan xavfsizlik xizmati rahbari va idora haqida lol-lim demadi. Vaqti yetilgacha bir hamla bilan barchasiga yakun yasadi. “Inoyatovning oltin davri” tugadi, bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Endilikda esa tuzilmada ro‘y berayotgan islohotlardan va yangi rahbariyatga qo‘yilgan vazifalardan barchaning esa xabari bor.

Prezident Shavkat Mirziyeyov Inoyatovni mansabidan olib, Davlat maslahatchisidek mo‘tabar lavozimni berishi va Senatning a’zosi sifatida daxlsizlik huquqini taqdim etishi vaqtinchalik tusga ega bo‘lishi ham mumkin. Avvalo yetakchining jamoasi g‘ayratli va shijoatli yoshlar bilan to‘lgan. Ular orasida Inoyatovga uzoq muddatga joy topilarmikan? Boz ustiga, ko‘plab prezident qaror va farmonlari ijrosi o‘zi mutasaddi bo‘lgan Inoyatovga topshirilmay, uning o‘rinbosarlariga yuklatilayotganida ham qandaydir ramziy ma’no borday tuyuladi.

Amaldagi rahbar 13 yillik bosh vazirligi davomida Karimov atrofida yurib, unga haqiqiy sadoqat kamarini bog‘lagan kimu, kim uning ishonchidan o‘zining hokimiyatini mustahkamlash va foyda topish uchun foydalanganini to‘qqiz pulday yaxshi biladi.

Hozir Rustam Inoyatov amalda har tomondan “shatakka” olingan va “ortiqcha” harakat qilishi qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunadi. Bosh prokuratura eng yaqin shogirdi Rashid Qodirovni, Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari Miraglam Mirzayevni, MXXning bir necha yuqori martabali sobiq mulozimlarini tergov qilmoqda. Ular safi dastlabki ko‘rsatmalardan keyin kengayib bormoqda.

Rustam Inoyatov Davlat maslahatchisi sifatida, allaqachon Mirziyoyevga shaxsan bo‘ysuntirilgan Prezidentning xavfsizlik xizmati tomonidan, shu bilan birga azaliy siyosiy raqibi, Devonning ishlar boshqaruvchi Zelimxon Haydarovning qat’iy nazoratida bo‘lib turibdi.

“Apparat”dan tashqarida esa ichki ishlar vazirligi, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya, chegaralarda bojxona xizmati va chegara qo‘shinlari kuchlari umumiy “kontroli”da qoladi. Barcha qo‘shni davlatlar va qudratli jahon mamlakatlari bilan Mirziyoyevning munosabatlari yaxshi ekanligi va ularning bu aloqalarni yomonlashtirmaslikka harakat qilishi hisobga olinsa, hech bir davlat unga boshpana berishga ham rozi bo‘lmaydi. Shu sababli chetga chiqib ketish varianti nolga teng.

R.Inoyatovni jamoatchilik so‘nggi bora Oliy Majlis Senatining yalpi yig‘ilishida ko‘rishgan. Hozirda Prezidentning Siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi sanalgan Rustam Inoyatovning ishga chiqayotganini esa hech kim tasdiqlamayapti. Boz ustiga bu xizmat kutilmaganda qayta isloh qilinib, butunlay yangi nom olmoqda va faoliyati ham o‘zgarmoqda. Hozirda ushbu vazifasi ham norasmiy tarzda Prezidentning huquq bo‘yicha eng yaqin odami, Bosh prokuror Otabek Murodov bajarib kelinayotgani taxmin qilinayapti. Shu ma’noda daxlsizlik huquqi umrbod kafolatlanmagan.

Nima bo‘lganda ham oxirgi so‘zni Shavkat Mirziyeyovning o‘zi aytadi. Konstitutsiyaviy vakolatlaridan foydalanib, Inoyatovni kechirishi yoki kechirmasligi mumkin. Ammo Davlat Rahbarining xalqparvarligi va adolat uchun shaxti-shiddatidan kelib chiqilsa, u xalqning manfaatlarini alohida shaxslarning manfaatidan ustun quyishi aniq.

Hozirda MXXning “shonli xizmatlari” tufayli qamalgan qancha-qancha begunoh odamlarning ozod qilish jarayonlari ketayotgani esa qachondir bu ishlar tepasida turgan “kimdir” javob berishinidan darak beradi.

Ammo Davlat rahbarining kechirimlilik va bag‘rikenglik fazilatlari inobatga olinsa, barcha gap-so‘zlarni bir chetga surib, yoshi ulug‘ligi va salomatligi tufayli, uzoq yillar birgalikda ishlagani tufayli R.Inoyatovni pensiyaga yuborishi, Senat a’zosi sifatida daxlsizlik huquqini saqlab qoldirishi ham mumkin. Chunki hozirgacha Mirziyeyov bilan uzoq yil birga faoliyat olib borgan birorta rahbarning burnini qonatgani faktiga guvoh bo‘lmadik. Bu ichki madaniyati, insoniylik xislatlari, odamni qadri tushunchalari bilan bog‘liqdir.

Lekin yetakchining boshqa qirralari ham xalqqa juda manzur. U mamlakatdagi eng qudratli shaxsiga aylangan va mislsiz ta’sirli R.Inoyatovni lavozimidan chetlatish orqali O‘zbekistonda yagona, xalq saylagan boshliq kim ekanligini ro‘y-rost isbotlab berdi.

Qudrat markazini MXXdek harbiy tuzilmadan olib, fuqarolik tashkilotlari bo‘lgan – Prezident Devoniga va qisman Vazirlar Mahkamasiga ko‘chirdi.

Qo‘shhokimiyatga asoslangan davlat idora shaklini inkor qilib, boshqaruv tizimlari o‘rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlashga qodirligini namoyon qildi.

Demokratik va ochiq jamiyat qurishga qarshi kuchlar bilan o‘ta murosasizligini, eng asosiysi amaldorlarning haddidan oshib ketishi oqibatlari qanday yakunlanishini ko‘rsatib berdi.

Bu orqali prezidentlikning ikkinchi yilida aholi orasida reytinggini keskin oshirib, xalqaro jamoatchilikni lol qoldirishda davom etmoqda.
Said Ibragimov

Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rustam Inoyatov hozir qayerda?