11:19 / 13.06.2018
7 252

Ta’ziya: Anvar qori Tursunov vafot etdi

Ta’ziya: Anvar qori Tursunov vafot etdi
Toshkent shahri bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov bugun, 13 iyun kuni tongda vafot etdi. Bu haqdagi ma’lumotni Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati tasdiqladi.

Anvar qori aprel oyi boshlarida mikroinsultni boshdan kechirib, shifoxonada qolayotgan edi. Keyinchalik uning komadan chiqqani aytildi, biroq ahvoli baribir og‘irligi ma’lum qilingandi.

Anvar qori Tursunov Qo‘chqorovich 1958 yil 21 noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1966-1976 yillarda Hamza tumanidagi 198-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan. 1981 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent islom institutini tamomlagan.

1981-1984 yy. – «Yoshlik» jurnalida muharrir, 1984-1987 yy. – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, 1987-1989 yy. – Toshkent shahar, Abdulla Qahhor uy muzeyi ilmiy xodimi, 1989-1994 yy. – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazi Sharq adabiyoti bo‘yicha katta muharriri, 1994-1999 yy. – Toshkent shahar, Yashnobod tumani, «Yangiobod» jome masjidi imom-xatibi, 1999-2015 yy. – Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Shayxontohur tumani «Xo‘ja Axror Valiy» jome masjidi imom-xatibi, 2015 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Yunusobod tumani «Minor» jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelgan.

Anvar qori Tursunov 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan. Anvar qori Tursunovning Ali ibn Ahmad Naysoburiyning «Asbobun nuzul» («Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari») tarjimasi, «Fazilatlar kitobi», «Inson mukarram zot» nomli kitoblari nashr etilgan.

Zamin.uz tahririyati u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ta’ziya: Anvar qori Tursunov vafot etdi