"Umid" fondi orqali chet elda o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan yoshlar nega davlat ishini tashlab xorijga ketib qolishgan?

  • Jamiyat
  • 14-06-2018, 10:56
  • 581
  • "Умид" фонди орқали чет элда ўқиб, Ўзбекистонга қайтган ёшлар нега давлат ишини ташлаб хорижга кетиб қолишган?
    O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida «Davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etish va ularning chet elga ketib qolishi oldini olish uchun nima qilish kerak?» degan masalani ko‘tardi.

    - “Umid” fondi bo‘yicha intervyu berishni so‘rashgan edi, intervyu sababli ushbu Fond orqali chet elda o‘qib qaytgan umidchilar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni eslashga to‘g‘ri keldi, - deb yozadi Sherzod Shermatov.

    - Chet elda ta’lim olgan ko‘pchilik yoshlar O‘zbekistonga qaytib kelgandan keyin turli xil sabablar tufayli davlat ishini tashlab, hatto chet elga qaytib ketib qolgan edi. Albatta, ularning orasida chet eldagi yangi ochilgan yaxshi imkoniyatlar mahliyo etib qolib ketganlari ham bo‘lgan, lekin aksariyati o‘qishni bitirib yaxshi niyat bilan O‘zbekistonning rivojiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida qaytgan.

    Vazir o‘rinbosari umidchilar davlat ishiga kirganidan keyin, ko‘pchiligining hafsalasi pir bo‘lib, bu ishni tashlab ketgani sabablariga haqida ham aytib o‘tgan:

    1. Umidchilar o‘qishni bitirib kelgach, aksariyat hollarda ular mutaxassisligi va xohishiga qarab emas, balki komissiyaning qaroriga qarab ish joylariga taqsimlangan. Masalan, Fond bozorida derivativlarni boshqarishni o‘qib kelgan mutaxassis viloyat hokimiyatiga jo‘natilgan. Derivativlar esa hatto hozirgi kungacha Toshkentdagi Fond birjasida ham joriy etilmaganligini inobatga olsak, bu «raspredeleniye» (taqsimlash)ning qanchalik xato ekanini tushunsa bo‘ladi.

    2. Umidchi borgan ishxonasida oylik maosh pastligi, sharoit yo‘qligi esa oilani halol boqish uchun boshqa ishlarni izlashga undagan. Undan tashqari uni mutaxassis sifatida qabul qilmasdan, balki o‘ziga xavf sifatida ko‘radigan rahbarlarga duch kelgani esa eng katta salbiy holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bunday holatda uning rahbari imkoni boricha bu mutaxassisga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, uni boshqa xodimlar orasida kamsitib, topshiriqlarning muddatida bajarilishiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasdan «podstavka» qilish darajasigacha borgan. Shuning uchun ham, bu kabi mas’uliyatsiz, ig‘vogar va yolg‘onchi «rahbar»lar tufayli boshida juda katta niyatlar bilan O‘zbekistonga qaytib kelib mamlakatimiz rivojiga chin dildan o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan ko‘pchilik umidchilarning umidi puchga chiqqan.

    Hozirgi kunda davlat ishida faoliyat yuritib kelayotgan va yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan umidchilarning aksariyatining omadi aynan u ishlayotgan joyida uni mutaxassis sifatida qadrlaydigan rahbarga uchragani tufaylidir. Bunday rahbarlar ularga qo‘shimcha sharoit ham yaratib bergan va imkoni boricha qo‘llab kelgan.

    «Prezidentimiz tomonidan bugungi kunga kelib, malakali mutaxassislarning nafaqat chet elga chiqib ketishlarining oldini olish, balki chet elda yurgan hamyurtlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha vazifa belgilangan va bu yo‘nalishda qator davlat tashkilotlari ishlayotganini inobatga olib, ular aynan ushbu xatolarni qaytarmaslik choralarini belgilashlari zarur.

    Bu yerda yana bir muhim omilni e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Avvalgi «umidchilar» yangi bitirib kelgan, chet davlatda bor-yo‘g‘i o‘qishi davomida yashagan yoshlar bo‘lsa, bugun biz chet davlatlardan qaytishini istayotgan yurtdoshlarimiz bugunga kelib, chet davlatda nufuzli tashkilotlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, uzoq yillar mobaynida yaxshi shart-sharoitlarda yashab, ishlab va yana katta daromad topayotgan tayyor kadrlardir. Tabiiyki ularga nisbatan muomala va e’tibor ham u ishlab kelgan davlatnikiga sal bo‘lsada mosroq bo‘lishi kerak.

    Jumladan:

    Malakali mutaxassislarni lavozimga tayinlayotganda uning qobiliyati va tajribasidan kelib chiqib ish tutish va unga tegishli sharoit yaratish;

    Ishxonadagi rahbarlarining axloqiy to‘g‘riligi hamda qanchalik bu mutaxassis ushbu rahbar ostida yaratilgan muhitga mos kelishini oldindan tahlil qilish. Ahloqsiz, eskicha fikrlaydigan rahbarning qo‘l ostiga zamonaviy dunyoqarashga ega mutaxassisni tayinlab qo‘ysa, aksariyat holatda u bunday degradatsiyani istamasa ishini tashlab ketishga majbur bo‘ladi;

    Lavozimga tayinlanganidan keyin ham ularning ushbu muhitga qanday moslashayotgani, ularning takliflari qanchalik hayotga joriy etilayotganini tizimli ravishda monitoring qilib borish. Agarda ushbu idorada uning rahbari qo‘l ostidagi yangi mutaxassislarga «qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, chet elda o‘qidi yoki ishladi degani aqlli degani emas», «ya nachalnik, ti durak» qabilida o‘zini tutadigan bo‘lsa, unday rahbarga tegishli choralar ko‘rish yoki darhol chet eldan kelgan mutaxassisni unday nosog‘lom muhitdan ajratib, jamiyatga kattaroq foydasi tegadigan joyga o‘tkazish zarur bo‘ladi.

    Aks holda, Prezidentimiz tashabbusi bilan qanday mashaqqatlar bilan xorijdan taklif qilingan hamyurtlarimiz O‘zbekistonga kelganidan pushaymon bo‘lib yana chet elga qaytib ketadigan bo‘lsa, ushbu siyosatning imijiga juda salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan «Umid» jamg‘armasidan ham umidlar katta edi, lekin joylardagi ijrochi «rahbarcha»larning mas’uliyatsizligi va ba’zi holatlarda haqiqiy zararkunandaligi tufayli, shuncha sarmoyalar evaziga shakllangan tayyor yuqori malakali kadrlar davlat xizmatini tashlab ketishlariga sabab bo‘lgan», — deb yozadi Sherzod Shermatov.

    «Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda, davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyalarni joriy etish uchun eng asosiy omil aynan yuqori malakali kadrlarni jalb etish. O‘zini hurmat qilgan yuqori malakali kadr esa o‘z qadrini bilgani tufayli tushunmaydigan rahbar bilan uzoq muddat birga ishlay olmaydi. Natijada ushbu kadrni tayyorlash (yoki qaytarish) uchun sarflangan qanchadan-qancha sarmoya bekorga sarf bo‘lgan bo‘ladi.

    «Nima, chet elda o‘qigan bo‘lsa shoxi bormi, nega ularga alohida e’tibor qaratish kerak ekan?» — deyilishi ham mumkin. Lekin hozirgi globallashuv davrida chet el diplomiga va ish tajribasiga ega odam istalgan davlatda yuqori maoshli yaxshi lavozimlarda ishlash imkoniyatiga ega va shuning uchun unday mutaxassisga alohida e’tibor qaratishga majburmiz. Yetarli malakasiz hamda faqat «xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin» yoki «ikki karra ikki siz aytgan son bo‘ladi» deb, o‘zining fikriga ega bo‘lmagan «mutaxassis»lar bilan mamlakatimiz rivoji bo‘yicha qo‘yilayotgan yuqori marralarga erishishning imkoni yo‘q», — deya xulosa qiladi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.

    » » "Umid" fondi orqali chet elda o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan yoshlar nega davlat ishini tashlab xorijga ketib qolishgan?
    Яндекс.Метрика