14:25 / 14.06.2018
5 681

Dunyo ayollari nega islomga kirmoqda?

Dunyo ayollari nega islomga kirmoqda?
Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Aynan ayollar ommaviy ravishda islomga intilmoqda, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb-portaliga joylangan maqolada. Ana shundan kelib chiqib, maqolada dunyoning turli mamlakatlarida yashaydigan (Rossiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Keniya) to‘rtta ayolning islomga kirganidan so‘ng nimalarni his qilgani va hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani bilan tanishtirilgan.

Yuliya, Rossiya: «Ayollar islomda javohirga o‘xshaydi!»

Mening otim Yuliya, islomiy ismim esa Aysil. Men rossiyalikman. Alloh taoloning marhamati ila yarim yil burun islomga kirdim. Bundan juda ham baxtiyorman. Tan olishim kerak, ana shu voqeadan keyin hayotimda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Men yaratgan Rabbimizga imon keltirdim va U imonimni sabab qilib menga kuch-quvvat ato etdi, yana shundan xursandmanki, Parvardigorimizdan nimani so‘rasam, o‘shani berdi. U menga alhamdullillahni berdi, umid qilamanki, barcha odamlar bir kuni kelib ana shu tuyg‘uni his qiladi, inshoalloh.

Islomda ayollar go‘yoki qimmatbaho javohirdek himoya qilinadi. Ana shu asrab-avaylash barcha masalada namoyon bo‘ladi – oilaviy munosabatlarda, hatto ajrim bo‘lgan vaqtlarda ham. Erkaklarga bir oz qiyinroq, Negaki, Islomda ko‘p vazifalar ularning zimmasiga yuklangan. Bu borada ayolning ishi oson – uning vazifasi erining o‘ng qo‘li bo‘lib, unga itoat qilishi, qo‘llab-quvvatlashi, yaxshi ayol va ona bo‘lishining o‘zi kifoya.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ayollariga juda chiroyli muomalada bo‘lganlar. Bir safar Oisha onamiz roziyallohu anho tuyaga minmoqchi bo‘lganida Payg‘ambar alayhissalom qo‘llarini tutgan ekanlar, Oisha onamiz u zotning muborak qo‘llariga oyoq qo‘yib xuddi zinadan ko‘tarilgandek bo‘lib tuyaga minib olgan ekanlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu ishlari musulmonlarga ayolni e’zozlash, uni qadrlash borasida go‘zal namunadir. Bugungi erkaklar Payg‘ambarimizning ana shunday go‘zal odatlarini o‘rganmog‘i darkor.

Alana, Buyuk Britaniya: «Mish-mishlarga emas, Qur’oni karimga ergashing!»

Mening otim Alana. 23 yoshdaman. Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida yashayman. Mening islomga qadar bo‘lgan hayotim ham xuddi har bir yevropalikniki kabi edi. Men oliy ta’lim olib ishga joylashdim. Islomga uch yarim yil oldin kirdim. Bu mehnat ta’tiliga Ispaniyaga borganimda musulmonlar bilan tanishganimda ro‘y berdi. Ularning masjidga qanday kirib-chiqishlarini kuzatdim. Mening mamlakatimda ham musulmonlar ko‘p bo‘lsa-da, ammo men Ispaniyada ular bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Uyga qaytganimdan so‘ng bir yillar atrofida tadqiqotlar olib bordim – ko‘plab kitoblar o‘qidim va internetdan turli videoroliklar tomosha qildim. Dastlab dinimni o‘zgartirish niyatim yo‘q edi, shunchaki islomga qiziqqan edim. Bu din haqida faqat OAVda eshitganim sababli ko‘proq bilishni istardim.

Islomni o‘rganishni boshlaganimga bir yil bo‘ldi va men masjidga borib kalima shahodatni aytib muslima bo‘ldim. Bu haqda eng yaqin do‘stlarimdan boshqa hech kim bilmas edi, o‘sha kuni juda qattiq tashvishga tushdim. Ramazon oyi boshlanganda ota-onamga muslima bo‘lganimni aytib boshimga ro‘mol o‘rab namoz o‘qimoqchiligimni va ro‘za tutmoqchi ekanimni bildirdim. Mening gaplarimni eshitib ular xursand bo‘lishdi va bu mening tanlovim ekanini, nimani istasam, o‘shani qilishim haqqim ekanini aytishdi.

Islomga kirganimdan so‘ng mening islomda ayolga munosabat masalasidagi tushunchalarim o‘zgardi. Dastlabki kezlarda OAVda o‘qiganlarimga ishonib islom ayolni tahqirlaydi deb o‘ylardim va shundan qattiq tashvishda edim. Ammo o‘zim muslima bo‘lganimdan keyin bu qarashim o‘zgardi. Men ayol kishi avratlarini yashirib yurishi zarurligini tushundim. Gap shundaki, muayyan majburiyatlar va qoidalar islomda faqat ayollarga emas erkaklarga ham yuklangan. Ammo ular insonlarning foydasiga xizmat qiladi.

OAV nimalar deyotgan bo‘lsa, ularning hammasiga ishonish shart emas. Qur’oni karim nima deyapti, unga ishonmoq kerak! Men bunga qat’iyan ishonaman. Men muslima bo‘lganimdan so‘ng qarshimda ko‘plab haqiqatlar ochilib ketganiga guvoh bo‘ldim.

Oisha, Keniya: «Alloh taolo menda umid uyg‘otdi»

Mening ismim Oisha. Keniyada tug‘ilganman. Ammo Italiyada voyaga yetdim. Keyin Avstraliyaga ko‘chib keldik. Islomga kirgunimga qadar styuardessa bo‘lib ishlagan edim, juda ham to‘q va badavlat yashar edik. Mening aql-u hushim Gollivudda bo‘lib u yerda yuz berayotgan har bir hodisani jon-u dilim bilan kuzatib borar edim.

Men islomni umrimning eng zimiston pallasida topdim ­– men o‘zligimni yo‘qotgan edim. Nima uchun yashayotganimni bilmasdim, dahshatli depressiyaga tushib qolgan edim ­ – spirtli ichimliklar ichardim va giyohvand moddalar iste’mol qilardim. Men o‘zimni yo‘qotgan edim va bundan qattiq aziyat chekar edim. Ammo Alloh taolo menga umid berdi. Kunlarning birida televizorda Malkolm Iksning qanday qilib islomga kirgani haqidagi teleko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirgan edim. O‘shanda dunyoning ko‘plab insonlari islom diniga kirib ketayotganini eshitib hayratga tushdim. Alhamdulillah, ana shu ko‘rsatuv mening hayotimda keskin burilish yasadi. Men o‘zimni qutqarish uchun tezkorlik bilan nimadir qilmasam, aqldan ozishim aniqligini tushunib qoldim.

Menga eng katta ta’sir ko‘rsatgani Qur’oni karim bo‘ldi. Men uni Alloh taoloning butun insoniyatga murojaati deb tushundim. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxsini va u zotning oxirgi payg‘ambar ekanini bilganimdan so‘ng islomga kirishga boshqa ikkilanib o‘tirmadim.

Ana shundan keyin hayotim o‘zgarib ketdi. Alloh taoloning borligini, Uning Rasulini va sahobalar hayotini o‘rgangach hayotga qarashim butunlay boshqa uzanga tushib olganini his qildim. Alloh taolo ato etgan bir ilhom ila Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sabrini va sabr qilishdan rohatlanishlarini o‘zlashtirdim. Mening hayot yo‘limga eng go‘zal namuna Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ibratli hayoti bo‘ldi. Men o‘sha kundanoq bir muslima ayol sifatida har bir harakatimni u zotning sunnatlariga amal qilish bilan davom ettirishga qaror qildim. Ana shu yondashuv hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi.

Nima uchun doim globusni olib yuraman, bilasizmi? Chunki bu dunyoning unchalik katta joy emasligini va biz bu dunyoga aniq maqsad bilan kelganimizni yodda saqlab turish uchun shunday qilaman. Shunindek, dunyoda menga o‘xshagan va mening oldingi kunlarimdagiga o‘xshab islom dini haqida hech narsa bilmaydigan odamlar juda ham ko‘p. Umid qilamanki, hechqursa ularning muayyan qismi bo‘lsa ham islomni tanib qolsa, Alloh taolo ularning qalbini O‘z nuri bilan munavvar aylasa, inshoalloh...

Sara, Avstraliya: «Islomdan oldin men bunga o‘xshash biror narsa ko‘rmagan edim»

Qachon namoz o‘qimoqchi bo‘lib joynamozning ustiga chiqsam qalbim shu qadar farahbaxsh tuyg‘uga limmo-lim bo‘ladiki, Islomga qadar bunday ajoyib hissiyotni sezmagan edim.

Men avstraliyalik musulmon ekanimdan faxrlanaman. Biroq men islomga qarab juda uzoq yo‘l bosib keldim – Islomga oid kitoblar o‘qidim, internetdan roliklar tomosha qildim, ma’ruzalar eshitdim. Men nasroniylik va katoliklik kayfiyati g‘oyat ustuvor bo‘lgan shaharda ulg‘aydim. Islomga esa universitetning psixologiya fakultetida o‘qiyotganimda kirdim. Islom inson baxtli yashashi uchun hamma savollarga javob beradi va uni to‘g‘ri yo‘lga solib turadi. Islom insonga ma’naviy uyg‘unlikni topishiga yordam beradi. Men burungi e’tiqodimdan aynan shu narsani topa olmagan edim.

Ota-onam va yaqinlarim mening islomga oid asarlarni o‘qiyotganimni ko‘rganida va men muslima bo‘lganimni e’lon qilganimda unchalik hayratga tushmadi. Chunki yaqinlarim mening yaxshi tarafga o‘zgarayotganimni ko‘rgani bois bu qarorimni qo‘llab-quvvatlashdi.

Bugun islom haqida salbiy fikr eshitib qolgudek bo‘lsam, darhol qo‘limga Qur’oni karimni olib uni o‘qishga tushaman. U – mening hayotimdagi yo‘lboshchim. Ana, Qur’oni karimni o‘qib ko‘rsinlar... unda nizokorlik, fitnakorlik, zinokorlik qilish, odamlarga azob-uqubat yog‘dirish haqida nimalar yozilganini o‘rgansinlar... Mening mamlakatimda yashaydigan musulmonlar tinchliksevar, xushmuomala, oilasi haqida qayg‘urib, baxtli hayot kechirayotgan go‘zal axloqli insonlar. Ammo bu haqda OAVda ko‘p yozishmaydi...

Manba: Daryo.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dunyo ayollari nega islomga kirmoqda?