08:30 / 15.06.2018
4 147

Xabar.uz sayti va muharririning faoliyatiga "bosim ko‘rsatilmoqda"...

Xabar.uz сайти ва муҳаррирининг фаолиятига "босим кўрсатилмоқда"...
Xabar.uz saytining muharriri Jamshid Niyozov sayt va o‘zining faoliyatiga bosim ko‘rsatilayotganini ishora qiluvchi postni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ulashdi. Uning to‘liq matnini keltiramiz.

2017 yilning 20 dekabr kuni «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali test rejimida ish boshladi, 27 dekabrdan e’tiboran esa rasman OAV sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Nashr o‘z oldiga O‘zbekiston va xorijda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tezkor va xolis yoritish, jamiyatning og‘riqli muammolari yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar olib borish, ijtimoiy hayotdagi og‘riqli masalalarga murosasizlik bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va texnologiyalari va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni sodda va xalqchil tilda yetkazib borish, yoshlarni AKTga qiziqtiradigan, aholi orasida mazkur sohaning nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladigan mavzularni keng yoritishga ixtisoslashgan.

Bu loyiha meninggina o‘y-fikrlarim, g‘oyalarim mahsuli emas. O‘zbekiston sharoitida shunday loyihaga, raqobatbardosh elektron OAV ehtiyoj borligini anglab yetgan insonlar tomonidan men legioner sifatida jalb etilganman. Men kelganimda u faqat qog‘ozlarda bor edi. G‘oyani haqiqatga aylantirish, o‘ylaganlarimizni tasavvur qilganimizchalik oson bo‘lgani yo‘q. Buning uchun O‘zbekiston va xorijdagi yuzlab (yuzta emas) loyihalar o‘rganildi, tahlil qilindi, ulardagi eng yaxshi jihatlardan namuna olindi.

«Xabar.uz»ning dizayni, shakl-shamoyili va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ustida oylar davomida bosh qotirganmiz, Shavkat Hamidjonov va uning jamoasi, Jamshid Xudoyqulov singari professionallar bilan hamkorlik natijasida loyiha ilk kunlardanoq ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi va tilga tushdi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali besh yarim oy ichida O‘zbekistondagi barcha saytlar reytingida 5-o‘ringacha ko‘tarilgan bo‘lsa, elektron OAV reytingida 3-o‘rindan mustahkam joy oldi. Ayni paytda ushbu u o‘quvchilar tashrifi bo‘yicha Daryo va Kun nashrlaridan keyingi OAV hisoblanadi.

Qisqa vaqt ichida bu natijalarga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Kuniga 20 soatlab ishlagan kunlarimiz ko‘p bo‘ldi, o‘rtacha kuniga 18 soatlab ishlayapmiz hozir ham. Bayramlarni unutganmiz (ammo ko‘p tashkilotlarda bo‘lgani kabi premiya olmaymiz). Dam olish kuni yo‘q. Mehnat ta’tili ham yo‘q. Ammo jamoa shu paytgacha bundan nolimagan. Chunki hamma qilayotgan mehnatidan rozi, jon-dili bilan, loyihaga mehr qo‘yib ishlab kelishmoqda. Oyliklaring shunga yarasha kattadir deb og‘zimizga urishlari mumkin. Javob berib aytaman, Xabar.uzdagi tempda bir oy chidab, kunlik talablarni bajara olgan odamga so‘ragan oyligini beramiz. Ammo bu da’vo bilan kelgan ko‘pchilik ikki haftadan oshig‘iga chiday olgani yo‘q.

Bularning barchasi ijodiy jamoamizning ahilligi, barchamizning bir tanu bir jonga aylana olganimizning samarasi deb bilaman. Jamoada professonallar jamlangan, barchalarini o‘zim shu loyihaga jalb etganman, ular ham menga, men bergan va’dalarga (men ham kimlargadir ishonib va’da berganman albatta) ishonib, issiq joylarini sovutib bu yerga kelishgan. Buning uchun ulardan o‘la-o‘lgunimcha minnatdorman va shunday jamoada ishlayotganimdan hamisha faxrlanaman, buni o‘zlariga ham ko‘p marta aytganman.

«Xabar.uz»ning boshqa nashrlardan ajralib turadigan jihati bu uning kolumnistlaridir. Bu ko‘pgina saytlarda bor, albatta. Ammo hammada ham ular ishonchni oqlay olgan deb aytolmayman. Kolumnistlar bilan har kuni, ta’bir joiz bo‘lsa, har soatda aloqadamiz. Eng birinchi tanqidchilarimiz ular, eng yaqin maslahatgo‘ylarimiz ular, eng yaqin yordamchilarimiz ular. Ayni paytda o‘ttizga yaqin doimiy muallifimiz bor, eng qizig‘i, ularning aksariyati bizdan bir tiyin olmaydi, ammo o‘zlarini shu loyihaning bir bo‘lagi deb bilishadi va bundan cheksiz faxrlanishadi, biz ham ular bilan faxrlanamiz. Har birlari bilan shaxsan muzokara olib borib, ko‘ngillariga yo‘l topib, shu loyihaga jalb qilganman. Mana shunday ilg‘or fikrli odamlarga do‘st, hammaslak qilgani uchun Yaratganga cheksiz minnatdorlik bildiraman.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida juda katta natijalarga erishdik deb ayta olamiz. Respublikada majburiy mehnat yo‘qolishiga sababchi bo‘lgan voqea — Diana Yenikeyevaning o‘limi voqeasini birinchi bo‘lib Xabar.uz yoritdi. Albatta, boshqa OAVdagi hamkasblarimiz ham estafetaga qo‘shilishdi va buning shovqini davlat rahbarigacha yetib bordi. Natijada o‘qituvchi va shifokorlar, umuman, byudjet ahli majburiy mehnat atalmish asriy balodan qutulishdi.

Bu kabi misollarni talay keltirishimiz mumkin. Sud va ijro hokimiyati, MXX (hozirgi DXX),prokuratura, soliq, MIB, sog‘liqni saqlash, ta’lim, banklar, qo‘yingki barcha sohalardagi muammolarni, shuning barobarida, islohotlarni ham faol yoritib kelmoqdamiz. Jurnalistik surishtiruvlarimizdan so‘ng ishiga tiklangan, qamoqdan ozod qilingan, yillar davomida undirilmayotgan haqlarini olgan, adolat borligiga ishonganlar talaygina. Nokamtarlik va qilingan xizmatga minnat bo‘lmasligi uchun ularni nomma-nom aytmayapmiz (ammo umid qilamanki, zarurat tug‘ilsa. Ular bizning himoyamiz uchun otlanadilar).

Rasmiy matbuot hali-veri jur’at qilolmaydigan ko‘plab mavzularni ko‘tarib chiqdik, bundan keyin ham ko‘taramiz inshoolloh. Chunki bizni boshqalardan farqlab turgan jihatlardan biri ana shu jur’at, ona xalqqa kamarbastalik, yurt qayg‘usidir. Agar maqsad faqat pul topishgina bo‘lganda artistlarning ketiyu falonini yoritsak, tashvishimiz bugungichalik bo‘lmasdi. Zero, ana shu jur’atimiz tufayli o‘tgan vaqt ichida qanday malomatu tahdidlarga uchramadik, kimlardan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi deysiz. Hatto ish boshlaganimizga bir hafta bo‘lmay “ochildigu shu on yopildik” maqomida bo‘lishimizga bir bahya qolgan. Zero, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘lqiniga moslasholmayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, hazm qilolmayotganlar haliyam talaygina. Mavridi kelsa, bu haqda batafsil to‘xtalaman.

Ishning eng og‘ir qismi ortda qolib, mashaqqatli mehnatning mevasidan bahramand bo‘lish onlari yaqinlashayotganda Alloh boshimizga bir sinov yuborgan ko‘rinadi. Ulkan bir fitna qurboni bo‘lish arafasidamiz. Gap shundaki, sayt o‘z yo‘lini topib olganini bilgan ayrim g‘alamislar qulay fursat (bu qanday fursat bo‘lgani haqida alohida yozaman xudo xohlasa) foydalanib, meni loyihadan chetlashtirishga bel bog‘laganidan xabar topib qoldim. Bunga ochiq va rasmiy manbalarga tayanib bergan ayrim xabar va maqolalarimiz sabab bo‘ldi (aynan qaysi maqolalar haqida gap ketayotgani, ular nima uchun o‘chirtirilgani haqidagi dalillar voqealar rivojiga qarab birma-bir ochiqlanadi, o‘ylaymanki, bu ko‘pchilik uchun qiziq bo‘ladi).

Ijodiy guruh rahbari sifatida bunday xabar va maqolalarni “o‘tkazib” yuborganim uchun men kimlargadir yomon ko‘rinib qolganga va xiyonat qon-qoniga singib ketgan, o‘zgalar tagiga suv qo‘yib kun ko‘rib kelayotgan toifa bundan foydalanib, nafrat olovini battar alangalatgan, vaziyatni o‘nglashning yagona chorasi sifatida men va jamoamdagi men kabi “isyonkor”larni ketkazish va boshqaruvni o‘z qo‘llariga olish taklif etilgan ko‘rinadi. Bu haqda rad etib bo‘lmas dalillarim borki, bu haqda, umuman, kimlar bizga tish qayrayotgani, adovatning qay tariqa shakllangani haqida batafsil bayon qilaman. Xalq o‘z qahramonlarini tanib qo‘ysin, boshqa joyga borganlarida qalblaridagi qora dog‘ yuzlarida aks etib borsin, odamlar asl qiyofalaridan voqif bo‘lsinlar. Andisha qilib ko‘p narsasini boy bergan xalqmiz...

Men-ku ishimni yo‘qotishdan qo‘rqmayman. Jamoamning ertasidan ham ko‘nglim to‘q. Istalgan joyda o‘rinlarini topib ketishadi. Safdoshlarimiz barchasi men bilan birga ishdan bo‘shashga va Xabar.uzni qanday tiklagan bo‘lsak, yangi loyihani xuddi shunday oyoqqa turg‘izishga shay turishibdi. Menimcha, shuning o‘zi ham qaysi davrda qanday qilib bunchalik yuksalganimizni ko‘rsatib turibdi. Chunki tilimiz va amalimiz bir, yegan nonimizni oqlab yeyapmiz. Ammo shuncha mehnatimiz singgan, bolamizday bo‘lib qolgan loyihani osongina tashlab ketadigan ahmoq bor ekanmi? Bu yurtda jurnalistning huquqi yerda qolibdimi? U yerdan chiqqan qo‘ziqorinmidiki, zulukday so‘rib, keyin tashlab yuborilsa?!

Holbuki hech kim biz bilan suhbatlashgani, asl vaziyatni so‘rab surishtirgani yo‘q. Orqamizdan pichoq uruvchilarning gapiga ishonib va oddiy kamchiliklarni shishirib o‘zlari taqdirimizni hal qilishmoqchi bo‘lishayapti. B yo‘lda eng pastkash yo‘ldan foydalanilayapti, kasb bayramimiz arafasida bizni oyliksiz qoldirib, bu orqali o‘z arizamizga ko‘ra ishdan bo‘shashimizga erishmoqchi bo‘layotganlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosatiga zid harakat qilayotganlarini, ta’bir joiz bo‘lsa Prezidentga xiyonat qilayotganlarini hamma bilib qo‘yishlarini xohlardim.

Zero, davlat rahbarining o‘zi 2017 yilning 22 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanishi, bu borada chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy Internet saytlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun alohida davlat fondini tuzish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Ayni paytga O‘zbekistonga xuddi bizdek ommaviy axborot vositalari suv va havodek zarur. Ayrimlar xohlayotgandek yumshoq supurgi bo‘lib ishlovchi, kimlarningdir dumini bossib qo‘yishdan qo‘rqib qaysidir mavzularni yoritishi cheklangan, kimlardandir qo‘ng‘iroq bo‘lishidan cho‘chib qaysidir xabarlari o‘chirtirilgan, “jannat”dan mujdalar yo‘llovchi OAV na xalqqa, na davlatga va na Prezidentga kerak emas. Agar kerak bo‘lganda bosma OAV bugungichalik g‘arib ahvolga tushmagan va xalqning ishonchini yo‘qotib qo‘ymagan bo‘lardi.

Shu paytgacha nimaniki yoritgan bo‘lsak, davlat va xalq manfaatlariga zarar yetkazadigan ish qilmadik va bundan keyin ham qilmaymiz. Ammo OAVga bu tariqa munosabatda bo‘lganlar O‘zbekistonning kundan-kunga yaxshilanib borayotgan xalqaro imijiga putur yetkazishlari, mamlakatda erkinlashayotgan, demokratlashayotgan matbuot haligacha tutqunlikda, qafasda ekani ayblovlar qayta kun tartibiga chiqishiga hissa qo‘shishlari mumkin. Tabiiyki, kimlardir o‘z “shkurasini” o‘ylab amalga oshirilayotgan bu ishlar Prezident yuritayotgan siyosat mohiyatini anglamaslik, unga xiyonat demakdir. Kortej voqeasidagi o‘zboshimchalik uchun Davlat maslahatchisiga o‘z o‘rni qay tarzda ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lsa, OAV mustaqilligiga tushov bo‘layotganlarni ham xuddi shu taqdir kutib turganiga ishonaman.

Men og‘ir dard tufayli bir marta o‘limning taftini his qilgan odamman.. Shu loyihaga berilib, kasalimniyam unutib, o‘zimni sog‘lom his qilib, hali ko‘pchilikka kerakligimni his qila boshlagan eim. Mening yo‘qotadigan narsam yo‘q. Ammo men va jamoamga tish qayraganlarning esa yo‘qotadiganlari ko‘p. Qo‘limdagi qalamim Vatanim, millatim rivoji uchun xizmatiga hamisha tayyor. Shuning barobarida adolatsizlik, haqsizlik, maddohlik, subutsizlik yo‘lidagi har qanday kurashga shaydir. Agar shu kurashda o‘lish peshonamga yozilgan bo‘lsa, Yaratganning taqdirini quchoq ochib kutib olishga tayyorman

Gapiraman desa gap ko‘p. Aytadiganim bitta. Shunday ulug‘ kunlarda fitna qilayotganlarga O‘zi kifoya qilsin! Duolaringizdan umidvorman. Yaratgan kim haq bo‘lsa, o‘shani g‘olib qilsin!
Jamshid Niyozov, Xabar.uz sayti muharriri


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xabar.uz sayti va muharririning faoliyatiga "bosim ko‘rsatilmoqda"...