09:28 / 22.06.2018
5 268

Bekatda uxlasa o‘zbek ayoli…

Bekatda uxlasa o‘zbek ayoli…
Ushbu surat “Rohat ko‘li” yaqinidagi bekatda olingan. Uxlab yotgan ayol Namangan viloyati, Chust tumanidan Zuhra Matqulova, deb yozadi "Mahalla" gazetasi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u erining kaltaklari, so‘kishlari, xo‘rlashlaridan Toshkentga qochib kelgan. Ayolda janjallardan “esdalik” bo‘lib qolgan tirtiq va chandiqlar bor.

— Shu yerda rizqimni terib yuribman. Bu yerda mazza-da. Kuniga 40-50 ming so‘m pul topaman. O‘zim yashaydigan joyda ish topish qiyin. Ish topsangiz ham oyliklari haminqadar. Charchab bekatda uxlab qolibman, — deydi ayol.

Qayd etilishicha, Zuhra Matqulova 38 yoshda. Ikkinchi turmushidagi eri undan ancha katta, 60 yoshda.

— Biror joyda yolchitib ishlamaydi, muntazam spirtli ichimlik ichadi. Ichgan paytida men bilan janjallashib, pichoq tirab, bo‘ynimdan bo‘g‘ishgacha borgan. Qo‘shnilar bir necha marta ajratgan. Ammo, foydasi bo‘lmadi. O‘zimga o‘xshagan mardikor ayollar bilan shu yaqin atrofda ijarada yashayapman. Qornim ochsa, ko‘chadagi oshxonalarda ovqatlanaman. Uyda oilam bag‘rida shirin taomlar pishirib, oilamdagilarni xursand qilishni istardim. Qizimni juda sog‘inganman. Nima qilayotgan ekan, — deydi u.

Savollar tug‘iladi. Ayol yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi qayerga qaramoqda? Notinch oilaning taqdiri hech kimni qiziqtirmadimi? Yarashtirish komissiyasi nima bilan band bo‘ldi ekan? Aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar “Qoraqo‘rg‘on” mahallasiga yetib bormadi? Necha kundirki, ayol Toshkentda yurgan bo‘lsa, hech kim qidirmadimikan? Farzandini tashlab, qayerga ketdi degan savolni berishmadimikan?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bekatda uxlasa o‘zbek ayoli…