12:57 / 24.06.2018
4 995

Jinoyatchining yurak sirlari...

Jinoyatchining yurak sirlari...
Sud-tibbiy ekspertiza xodimi bu manzarani ko‘rib dahshatdan o‘layozdi. Navbatdagi jasadni yordi-yu…

Qochqin

— Ketdik! Eshityapsanmi, Kokon? Hozir egalari kep qolsa, o‘lamiz!

Baland bo‘yli, ozg‘in erkak qimmatbaho shubalar, tilla taqinchoqlar solingan katta sumkani ko‘targancha oldinga zipilladi. Ortidan ikkinchi bosqinchi ham yo‘lga tushdi. Ular sumkani mashinaning orqa o‘rindig‘iga tashlashdi-yu, jo‘nab ketishdi.

Hammasi ko‘ngildagidek kechayotgandi. Chelyabinsk deyarli ortda qolgandi. Ammo Kokon va Misha baribir shoshilishar, Chelyabinskdan 130 kilometr olisda bo‘lgan Baynaush ko‘liga tezroq yetib olishga, yer ostidagi bekitiqcha qurilgan uychaga o‘g‘irlangan buyumlarni joylashga oshifta edilar. Ammo Kokon beixtiyor bezovtalana boshladi.

— Misha, adashmasam ortimizda dum paydo bo‘ldi, — dedi u orqadan kelayotgan mashinaga ishora qilib. — Mentlarmasmikan-a?

Misha ko‘zguchadan qarab mashina politsiyaga tegishlimi-yo‘qmi, tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shu tobda o‘qlar yomg‘iri ular tomon ucha boshladi. Bir necha lahza ichida Misha boshqarayotgan mashina katta tezlikda daraxtga borib urildi. Birozdan so‘ng ikkovlari ham sal o‘ziga kelib salondan amal-taqal chiqib olishdi va duch kelgan tarafga qarab keta boshlashdi. Tor so‘qmoqqa yetishganda, quroldan otilgan o‘q Mishaning yelkasiga tegdi va u yerga quladi.

— Tur, tutib olishadi, — deya hamtovog‘ini tezlardi Kokon. — Mentlar ekan!

Misha turadigan ahvolda emasdi. Kokon buni darrov payqab, yerdagi katta sumkani yelkasiga ildi-yu, sherigini tashlab o‘zi oldinga chopdi.

Baynaushdagi yerosti uychasi

Mixail Suxarev va Ivan Kokonovlar ilgari ham bosqin, o‘g‘irlik bilan bir necha marotaba qamalib chiqqan. Afsuski, turma ularni tarbiyalay olmadi. Yaqinda navbatdagi jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqishgach, yana o‘g‘irlikka qo‘l urishdi. Bu gal asosan Chelyabinsk shahrida, o‘sha atrofdagi qishloqlarda o‘g‘irlik qilishdi. Kvartiralardan qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlashardi-da, darhol Baynaush ko‘li yonidagi yerosti uychasiga yashirishardi. Bu yer tinch joy. Yeyishga baliq serob. Hech kim xalal bermaydi. Politsiyachilar ham ular aynan ko‘l yoniga o‘g‘irlik «mol»larni berkitishlarini yetti uxlab tushida ko‘rmaydi. Ammo xalqda «Ko‘za kundamas, kunida sinadi», degan gap bor…

Kokonni politsiyachilar yarim soat ichida qo‘lga olishdi. Yo‘lda Misha ham topildi. Ammo u jon berib bo‘lgandi. Sud-tibbiyot ekspertizasiga olib borishdi. Ekspert esa Mishaning jasadiga boqib yelka qisardi. Shunday baquvvat, basavlat yigit qanaqasiga o‘lishi mumkin? O‘q yelkasini yalab o‘tgan xolos…

Dahshatli topilma

Ekspert Leonid Averyanov hayotda bunaqa jasadlarning ko‘pini ko‘rgan. Suvga cho‘kib sasib ketganlar, o‘zini osganlar, nomusi poymol etilganlar, qasddan o‘ldirilganlarni ko‘rgan. Biroq bunaqasi…

Oldiniga ekspert Mishani ko‘p qon yo‘qotish tufayli o‘lgan bo‘lsa kerak, degan taxminga bordi. Baribir yorib ko‘rishga ahd qildi. Shundagina o‘lim sabablari aniqlanishini biladi. Odatga ko‘ra yorishni bosh miyadan boshladi. Shunda jasadning qoshidan past qismida shish borligini ko‘rdi. Qiziq, bu nima bo‘ldi?..

Bosh miyadan so‘ng ko‘krak qafasini ochdi. Ichki a’zolarni oldi va taroziga soldi. Borgan sari o‘lim ko‘p qon yo‘qotish sababli sodir bo‘lmagani aniqlashib borardi. Yurakni ochganda esa dahshatdan qotib qoldi. 35 yoshli Misha o‘tkir infarktga uchragandi. O‘tkir infarktning ham o‘tkirrog‘i — transmural infarkt. Ekspert skalpelni qo‘liga oldi-da, yurak devorini ochdi. Bu yerdagi manzarani ko‘rib rosmanasiga tamom bo‘layozdi. Chap oshqozon oppoq iplarga to‘la edi, iplar harakatlanishda davom etardi. Ana shunda qoshdan pastroqdagi shish ko‘z oldiga keldi. Darrov u yerni ham ochdi. Qoshdan past qismida ham xuddi shunday oq iplar qimirlab turardi. Darhol hammasini yig‘ib laboratoriyaga jo‘natdi.

Itmi yo mushukmi?


Tez orada javob keldi. Bu «dirofilyarioz» degan xastalik. Ammo bu xastalik asosan it va mushuklarda bo‘lg‘usi edi. Xastalikning ma’nisi shunda ediki, qurtlar it va mushuklar organizmiga kirib olgach, yuragiga yaqinlashib boradi. Yurakka joylashib olgandan so‘ng ko‘payish pallasiga kiradi. Qolgan «ish»ni dunyoga kelgan lichinkalar ado etadi. Lichinkalar yurakni yeb bitiradi. Ammo surishtiruvlar Kokon ham, Suxarev ham Baynaushda it yoki mushuk saqlamaganini aniqlab berdi. Keyin ekspert internetga kirib shu haqdagi ma’lumotlar bilan qiziqdi. Ma’lum bo‘ldiki, qurt lichinkalari organizmda yillab yashab qola olarkan. Qurtlarning ko‘payish mavsumi esa aynan yurak ichkarisida kecharkan. Ammo jinoyatchi it boqmagan, bu jonivorlarning yaqiniga ham yo‘lamagan. U holda lichinkalar qanday qilib uning organizmiga kirib qoldi?..

Parazitologning xulosasi


Averyanov ertasi kuni internet orqali professor-parazitologning fikrini so‘radi.

— Jasad egasi o‘lim topgunga qadar qayerda yashagan? — so‘radi professor. — Shundan xabaringiz bormi?

— Albatta, — dedi ekspert. — U Baynaush ko‘li yonida yashagan ekan.

— Ha-a, Baynaushmi? — dedi professor. — Unda hammasi ravshan. Lichinkalar ko‘l bo‘yidagi oq pashshalar orqali marhumning organizmiga o‘tgan. Shu pashshalar infeksiya tarqatuvchi parazitlar hisoblanadi.

— Oddiy pashshalar-a?

— Ular oddiy pashshamas. Bu pashshalar alohida turkumga kiradi. Odammi, itmi, mushukmi, bir marta chaqsa bas, infeksiya o‘sha zahoti o‘tadi…

Ana shundan keyin Averyanovning fikrlari tiniqlashdi. Endi u o‘limning navbatdagi sabablarini aniqladi. Demak, lichinkalar anchadan beri Suxarevning yuragida yashagan. Yelkasiga kelib tekkan o‘q zarbi esa qonda adrenalin miqdori oshishini ta’minlagan va bu yurakni alg‘ov-dalg‘ov qilib, lichinkalar faoliyatini tezlatib yuborgan. Agar o‘q tegmasa, Suxarev yana ancha yil yashashi mumkin edi.

Averyanov shu voqeadan so‘ng Kokonni ham alohida tekshiruvdan o‘tkazdi. U ham shu xastalikka uchragan, yuragida lichinkalar yig‘ilgan bo‘lib chiqdi va uni darhol turma shifoxonasiga yotqizishdi.

Oyoqqa turgach, sud uni 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jinoyatchining yurak sirlari...