16:12 / 11.07.2018
5 394

OTMlarda kontrakt narxining oshirilishi keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi

OTMlarda kontrakt narxining oshirilishi keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi
Foto: Facebook / Akmal Umirzoqov
Kecha Oliy ta’lim muassasalaridagi to‘lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog‘langani va buning natijasida to‘lov-kontrakt narxlari o‘rtacha 18,5 foizga oshgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umirzoqov oliy ta’lim muassasalarida to‘lov kontrakt narxlarining ko‘tarilishiga munosabat bildirib o‘tdi.

“O‘zgargan kontrakt, Sendan bir o‘tinch, endi oshma. Oshsang shundoq ham 8%i talaba bo‘lgan 600000 yoshlar o‘qishga qiynaladi. Seni o‘zi kim belgilaydi, belgilashda qaysi mezonlar inobatga olinadi-a? Oshirishdan oldin Oliy Majlisniyam fikrini olmabsanda. Oliy Majlisni fikrini nima qizig‘i bor aslida. Bitta KabMin (Vazirlar Mahkamasi nazarda tutilmoqda — tahririyat) qarori qonundan ham ulug‘ku.

Bu ilm degani anqoni urug‘iyu, faqat saralanganlar tahsil oladimi? Maqsad puli borga tahsil olish imkonini berishmi?

O‘qimoqchimish, nima, dunyoni oberarmiding?!

O‘qigan anavi qo‘shnini bolasimi?! 3 ta diplomi bor, ikkitasini dunyoni TOP-100 Universitetidan olgan. Hozir post yozib o‘tiribdi. Ungayam qiyin!”, deb yozgan deputat o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

Skrinshot: Facebook / Akmal Umirzoqov
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi jumlalarda deputat o‘zini nazarda tutmoqda, chunki Akmal Umirzoqov Toshkent davlat yuridik instituti, Glazgo universiteti va Yaponiyaning Sukuba universitetida tahsil olgan.

Shuningdek, ushbu masalaga yaqinda o‘tkazilgan blogerlar chempionati sovrindori bo‘lgan bloger Isroil Tillaboyev «Facebook»dagi sahifasida shunday post qoldirdi:

«Oliy Majlis deputatlarni taklifini oladimi?!

Savolim be’mani, to‘g‘rimi? Lekin bilasizmi, baribir kechadan buyon bu savolga javob topolmayapman, o‘sha shov-shuvli KONTRAKT (katta harfda yozavering, turishiga qarab) haqidagi qarordan keyin.

Gap shundaki, bahorda Oliy Majlis deputati Rashid Qodirov aynan kontrakt to‘lovi yangicha usulini Oliy Majlisga va «Facebook»dagi foydalanuvchilarga taqdim etgandi, deputatimiz taqdim etgan taklifida birinchidan kontrakt to‘lovlari avvalgidan yuqori bo‘lmaydi, ikkinchidan katta ball to‘plab lekin birinchilardan kontraktga tushib qolgan bilan eng oxirgi o‘rinda kontraktga ilingan bola bilimiga yarasha har hil kontrakt to‘lardi, uchinchidan davlatga yaxshi tarafi shunda ediki, bu usulda ilgarigi usuldan qanchadir milliard so‘m ko‘p pul ham tushardi, xalqqa ham, davlatga ham foydali taklif edi...

Afsuski, biz osongina yo‘lni tanlab qo‘yaqoldik, oyligimiz 80 ming oshadi, lekin evaziga kontraktimiz 800 ming oshadi, yilda 2 marta oylik oshishini hisobga olsak, yelkasi qavarib u kontraktdan bu kontraktgacha chiranib yashayotgan ota onalarimizning yanada achinarli ahvolini ko‘rish mumkin...

Xullas men bir savolga javob topolmay qiynalmoqdaman o‘rtoqlar — Oliy Majlis biz saylab qo‘ygan deputatlarimiz taklifini eshitadimi yoki ular qarsak chaluvchilar deb qaraladimi?!»

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » OTMlarda kontrakt narxining oshirilishi keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi