20:57 / 21.07.2018
10 107

"O‘lim tilagan kelin"

"Ўлим тилаган келин"
Alloh taolo zulm va zo‘rovonlikdan qaytarib, mazlumning duosidan saqlanmoqqa buyurgan bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uch insonning duosi maqbulligi va undan saqlanishga da’vat qilganlar. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Uch duo darhol qabul bo‘ladi, ularda hech qanday shak-shubha yo‘qdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va ota onaning farzandlari ziddiga duosi”-dedilar”.

Bu hadisni bejizga keltirmadim. Bugungi kunda ba’zi qaynonalarning kelinga qilayotgan zulmi yoki aksi kelinning qaynonaga zug‘umi juda ko‘p ko‘zga tashlanmoqdadir. Qaynonalarga zulm qiladigan kelinlar to‘g‘risida juda ko‘p gapiriladi. Ammo keliniga zulm qilayotgan qaynonalarning zug‘um-zulmi va mazluma kelinning duosi va oqibati nima bilan tugashi to‘g‘risida kam gapiriladi.

Ulug‘ olim kishi ikki yoshni nikohlab, yaxshi tilaklar bildirib, duolar qilibdi. Oradan uch-to‘rt yil o‘tib, homilador kelin olimning oldiga kelib: “Meni duo qiling shu bolamni tug‘ayinu o‘layin”, debdi. Bu gapdan hayratga tushgan olim sababini so‘rabdi. Kelin qaynonasining zug‘umlari haddan oshgani, o‘g‘lini qizg‘anib har bosgan qadamini poylashini, o‘g‘liga chaqib har kuni urdirishi va bu azoblar jon-jonidan o‘tib, bu dunyoda yashashdan ko‘ra o‘limni afzal bilib: “Baxt tilab duo qilgan edingiz, endi o‘lim so‘rab duo qiling!” debdi yig‘lab. Olim kelinga go‘zal nasihatlar qilib: “Qaynonangizga aytib qo‘ying, faqat onalarni emas, balki har bir mazlum va mazlumaning xossatan mazluma kelinlarning ham duosi mustajobdir. Mazluma kelinning duosiga uchragan qaynona albatta xorlikka uchraydi”, deb mazkur hadisni o‘qib beribdi.

Hayotga qarasak keliniga turli azob berganlar kuchlari ketib, zaif, kasal bo‘lganlarida kelinlarining ko‘magiga muhtoj bo‘ladilar. Keliniga zug‘um qilganlar jazosiz qolmaydilar. O‘z zulmlari evaziga kelinlaridan hurmat ko‘rmagach kelinlari ustidan arz-dod qiladilar. O‘zini muslima, mo‘mina deb bilgan birorta qaynona keliniga zug‘umini o‘tkazmaydi. Aslida aqdi nikoh o‘qilgach qaynota va qaynonaga kelin qiz bo‘ladi. O‘z qizining xorlanishi, zulm qilinishini istamaganlar aslo keliniga zug‘um qilmaydilar. Chet el seriallarini tinimsiz ko‘rayotgan qaynonalar o‘zlarini o‘shalarga o‘xshatishib, asl Islomiy vazifa va burchlarini unutib qo‘yishlari natijasida ayollarimizning suhbatlari g‘iybat, lag‘v va hasaddan iborat bo‘lib qolayotgani sir emas.

Aksar onalar o‘zlari insoniy va islomiy odob, burchlarini bilmaganlari, kitob o‘qish o‘rniga umrlarini seriallarga bag‘ishlashlari bois yomonlikni o‘rganib, gunohlar botqog‘iga botib mazluma kelinlar duoi badiga uchramoqdalar. Doimo onalarini kamsitilayotganini ko‘rgan bolalar ham buvilariga nisbatan qalblarida alam va norozilik kayfiyati paydo bo‘lgach buvilarini hurmat qilmaydi. Ularga nafrat bilan qaraydilar. Zero mazluma onasining ko‘z yoshlari buvilariga nisbatan g‘azab o‘tini yoqadi. O‘rtada mehr oqibat, hurmat ko‘tariladi. Rahim o‘rnini g‘azab egallaydi.

Aziz onalar, qaynonalar, opa-singillar siz dunyoga Buxoriydek zotlarni dunyoga keltirib, tarbiyalab voyaga yetkazgan, buyuk onalardan ekaningiz aslo esingizdan chiqmasin. Yana takroran aytaman va aslo esdan chiqarmangkim mazluma kelinlarning duosi, onalarniki kabi rad qilinmasligini biling va ogoh bo‘ling.
Shermurod TOG‘AY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "O‘lim tilagan kelin"