20:07 / 12.08.2018
9 602

Bitta echkidan 5 litr sut?

Bitta echkidan 5 litr sut?
O‘tgan yili yozda Polshadan 400 bosh alp va zaanin zotli echkilar keltirildi. Bunda tadbirkorga bank tomonidan ajratilgan 1 milliard so‘m miqdoridagi kredit qo‘l keldi.

— Echki suti tarkibida oqsil mo‘lligi, yog‘lilik darajasi yuqoriligi bilan ahamiyatlidir, — deydi «Buxoro Temur otlari» MChJ rahbari Akmal G‘ULOMOV.

— Xorijdan keltirilgan zotli echkilar o‘zimizdagi jaydari turdoshlariga nisbatan mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Dastlab, jonivorlar bizning iqlimga moslasha olmaydi, deguvchilar ham bo‘ldi. Soha mutaxassislari va polshalik hamkorlar bilan maslahatlashib, echkilarni mahalliy iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda parvarish qildik. Mehnat besamar ketmadi — echkilar sharoitga moslashdi. Natija shubhalarga o‘rin qoldirmaydigan darajada yaxshi bo‘ldi.

Joriy yil bahorda 200 bosh uloq olindi. Bu echkilarning mahalliy iqlimga moslashuvi tajribadan o‘tgan dastlabki yil uchun yaxshi ko‘rsatkich. Uloqchalar yaxshi o‘smoqda. Hozirda har bir echkidan kuniga 2,5 litrdan ortiq sut sog‘ib olinmoqda.

Shifobaxshlik xususiyatiga ega echki sutining bozori chaqqon. Mahsulotning asosiy qismi aholiga sotilmoqda. Bir qismi qayta ishlanib, qatiq, qaymoq tayyorlanyapti.

Echkilarning iqlimga to‘la moslashadigan navbatdagi avlodida mahsuldorlik yanada yuqori bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, keyinchalik har bir bosh echkidan kuniga o‘rtacha 5 litrdan sut olish mumkin ekan.

Ishbilarmon ayni paytda sutni qayta ishlash zamonaviy texnologiyasi bilan jihozlangan sex tashkil etish va tayyorlanadigan sariyog‘, qatiq, pishloq, brinza kabi mahsulotlarni ichki bozorga, keyinchalik esa, eksportga chiqarish rejasi ustida ishlamoqda. Hozir korxonada 10 kishi mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarish loyihasi amalga oshishi va tuyoq soni ko‘payishi jarayonida yana 15 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ma’lumot

Zotli echkilar, asosan, suti uchun boqilsa-da, yaxshi parvarishlansa, har biri o‘rtacha 70 kilogrammgacha tosh bosishi mumkin.

Albatta, mahsuldorlik bevosita ozuqa bazasiga ham bog‘liq. Bu borada tadbirkorda muammo yo‘q. Tuman hokimligi korxonaga 30 gektar unumdor yer ajratgan. Bu yerda beda va tariq yetishtirilmoqda.

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bitta echkidan 5 litr sut?