23:50 / 16.08.2018
5 724

Jahongir Umarov ishida Toshkent shahar IIBB xodimi “fantaziya” ishlatganmi?

Jahongir Umarov ishida Toshkent shahar IIBB xodimi “fantaziya” ishlatganmi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida ko‘rilayotgan tadbirkor Jahongir Umarov ishida Toshkent shahar IIBBning sobiq xodimi Fathiddin Nuritdinov “fantaziya” ishlatganini tan oldi. Bu haqda UzNews.uz nashri xabar bermoqda.

Suddagi ayrim dalillar va ochiq qolgan ayrim savollarga javob berish uchun sudga Toshkent shahar IIBBning sobiq xodimi Fathiddin Nuritdinov taklif etildi hamda savollarga javob berdi.

Fathiddin Nuritdinov, asosan, sudga dalil sifatida taqdim etilgan audio hamda videoyozuvlar bo‘yicha berilgan savollarga javob berdi.

Jumladan, u o‘zining mahalladoshi Nozim G‘afurjonovning ishtirokida tadbirkor Jahongir Umarovning ofisida videolavha tasvirga olib, go‘yoki Jahongir Umarov narkotik bilan bo‘lgan ishlarga aloqador emas, balki aynan Nozim narkotik moddalarni tashlab qo‘yganini aks ettirgan lavhani tasvirga tushirganiga doir savollarga javob berdi.

“Bu mening fantaziyam edi, buni Jahongir Umarovning iltimosiga binoan qildim deb”, – javob berdi Fathiddin Nuritdinov.

Shuningdek, Jahongir Umarov Fathiddinning barcha gaplari yolg‘onligini, u Toshkent shahar IIBB binosiga olib kirib tadbirkorni kaltaklagani va hattoki Fathiddin Nuritdinov zanjir yordamida uni urganini isbotlovchi dalillari borligini, ayni zanjir esa Jahongir Umarovning o‘zida ekanligi, buni Fathiddin Nuritdinovning o‘zi unga olib kelib berganini bildirdi.

Fathiddin Nuritdinov: “Jahongir Umarov narkotik modda iste’mol qiladi, deb ma’lumot olgandan keyin, tadbir o‘tkazishdan 2-3 kun oldin uning ofisini poyladik, ish vaqti tugab, ishchilar ketganidan keyin u yerda shubhali shaxslar yig‘ilisharkan”, deb aytdi.

Shu o‘rinda sudlanuvchi Jahongir Umarov: “Tadbir bo‘lgan kuni dushanba edi, agar mening ofisimni 2-3 kun kuzatgan bo‘lsangiz, ishchilar uylariga ketganidan keyin shubhali shaxslar yig‘ilarkan, deb yolg‘on gapiryapsiz, chunki shanba va yakshanba kunlari hamma dam olishda bo‘ladi va bizning ofisda faqat qorovul bo‘ladi, bu hammasi uydirmaligini tan olasizmi shu gaplaringizdan keyin ham?” — degan mazmunda savol bilan murojaat qildi.

Jahongir Umarovning haqli va asosli fikri uyg‘unlashgan savoliga Fathiddin Nuritdinov, tabiiyki, biroz tushunarsiz javob qaytardi.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB sobiq xodimiga sudda raislik qiluvchi Zafar Bobonov ham savol bilan murojaat qilib: “Siz yuqorida o‘zingiz ishtirokingizda suratga olingan videoyozuvlarni «fantaziya” deb aytdingiz, lekin Jahongir Umarovning farzandlari hayotiga tahdid qilganingiz, ya’ni ular bo‘yicha audioyozuvga qanday fikr bildirasiz?» — deya savol berdi.

Fathiddin Nuritdinov esa: “Bu o‘zim o‘ylab topgan bitta voqea edi”, deya vaziyatdan qutuldi.

Darhaqiqat, sudga taqdim etilgan audioyozuvda (bu yozuv Toshkent shahar JQB sobiq xodimi Fathiddin Nuritdinovga tegishli ekanligi uning o‘zi tomonidan tan olingan), Fathiddin Nuritdinov Jahongir Umarovning farzandlarini o‘ldirib yuborishi, ularni qamab yuborishi va qator kurakda turmaydigan so‘zlar bilan ularning hayotiga tahdid qilgani aks etgan.

Fathiddin Nuritdinov mazkur sud majlisida tadbirkor Jahongir Umarovni kaltaklaganini bo‘yniga olmagan bo‘lsa-da, uni Toshkent shahar IIBB huzuridagi vaqtincha saqlash hibsxonasidan tergovchining ruxsatisiz bir necha bor o‘z xonasiga olib chiqqanini tan oldi.

Shuningdek, Fathiddin Nuritdinovning ko‘rsatmalaridan birida “Jahongir Umarov qo‘lga olinishi jarayonida hojatxona eshigi ochiq edi”, “qiya ochiq edi” kabi tushunarsiz ko‘rsatmalar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, advokatlarning iltimosnomasiga ko‘ra, Sud xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi borasida ajrim chiqardi va 2018 yilning 10 avgust kuni Ichki ishlar vazirligi bu borada o‘z xulosasini bergan. Ushbu xulosada Fathiddin Nuritdinovning Toshkent shahar IIBBdan ishdan bo‘shatilgani aytib o‘tilgan.

Xizmat tekshiruvi yakunlandi, natija shu bo‘ldiki, Toshkent shahar IIBBning tergovchisi va JQB xodimi ishdan olindi, 10 ga yaqin xodim esa intizomiy jazolandi. Shu o‘rinda qator savollar o‘rtaga chiqadi: xo‘sh, ular nima uchun jazolandi? Jahongir Umarov ishida yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolari uchun, albatta.

Jahongir Umarov haqiqatan ham kaltaklanganmi? Huquq-tartibot idoralari iddaosi bo‘yicha esa kaltaklanmagan. Bo‘lmasa, nega Toshkent shahar IIBB xodimlari jazoga loyiq ko‘rildi? Shubhasiz, Jahongir Umarovga nisbatan tergov harakatlari noto‘g‘ri o‘tkazilgani yuzasidan jazolandi.

Aytish kerakki, Toshkent shahar IIBB xodimi Fathiddin Nuritdinov suddagi ko‘rsatmalarining aksariyatida “esimda yo‘q” hamda “fantaziyam edi bular» deya vaziyatdan chiqishga urindi. Bunga esa huquq-tartibot idoralari xodimlari hozircha aniq huquqiy baho berishgani yo‘q. Hozircha sukut. Sud esa o‘z navbatida bunga baho berishi aniq.

Tan olib aytish kerak, jamiyatga oz bo‘lsa-da foydasi tekkan, muqaddam sudlanmagan tadbirkor Jahongir Umarov o‘ziga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqda qolayotganini hamon “zakazchiklar” qudrati deb bilmoqda. Jumladan, uning o‘zi uning hayotini zulmatga aylantirish uchun harakat qilgan Abdushukur Abdullayevning “rahnamosi”, qudratli general Shuhrat G‘ulomovning hanuzgacha tegirmon toshi aylanmoqda, degan hadikda qolmoqda.

Bundan tashqari esa, hozirgi vaziyatni kuzata turib, Abdushukur Abdullayevning: “Jahongir Umarovning har bir o‘tirgan oyi uchun Fathiddin Nuritdinovga 10 ming AQSH dollaridan berib turaman”, degan gapi haqiqatda o‘z kuchida qolyaptimi, degan o‘yga boradi kishi. Chunki Jahongir Umarovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida hamon qamoq jazosi o‘z kuchida qolmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Umarov ishida Toshkent shahar IIBB xodimi “fantaziya” ishlatganmi?