00:12 / 18.08.2018
5 937

Tohir Malik tungi klublardagi sirlarni oshkor qildi

Tohir Malik tungi klublardagi sirlarni oshkor qildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yangicha tizim tashkil etilmoqda – Jinoyat haqiqati va adolati” mavzusidagi navbatdagi yoshlar press klubi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Press klubda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir qilgan, jazo muddatini o‘tayotgan, o‘z joniga qasd qilishga uringan yoshlar hamda “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilinib, yengil jazo tayinlangan va Prezident farmoni asosida afv etilgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash maqsadida yangi mexanizm yaratish ustida muhokama olib borildi.

Sessiyada O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurov, IIV HPBB bo‘lim boshlig‘i Islomiddin Xalikov kabi spikerlar ishtirok etishdi.

Spikerlar jinoyatchilikni oldini olish, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni kamaytirish, ularning ongiga huquqiy bilim va ko‘nikmalarni singdirish, shu orqali huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishni o‘rtaga tashladi.

Joriy yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish holatlari tahlili raqamlar bilan ochib berildi. Cuitsid sodir etishga imkoniyat yaratgan oilaviy muhit, jarayon ularning yaqinlari ishtirokida psixologik tahlil etildi.

“Aurum 898” tungi klubida bo‘lib o‘tgan pichoqbozlik oqibatida o‘zbekistonlik erkin kurashchi Jamshid Kenjayevning vafoti tafsilotlari to‘g‘risida mahalla ispektori Ruslan Berdiyev hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ma’lumot berib o‘tdi:

“Bu tungi klubda bir yilning ichida 3 marta jinoyat sodir etilishi. Fevral, iyun va nihoyat, kuni kecha 9 avgustga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan mudhish voqea. Bularning barchasi soat 12:00 dan oshganda ichkilikbozlik oqibatida sodir etilgan. Biz bu tungi klubni yopish haqida shahar hokimligiga maxsus xat bilan ham chiqqanmiz. Lekin ko‘rib turibsizki, u hamon faoliyat yuritmoqda. Va bir bolaning umriga ham zomin bo‘lib ulgurdi”.

Mahalla inspektori, Ruslan Berdiyev

“Bundan 15 yil oldin, ‘Talvasa’ romanini yozayotganimda, asarim uchun tungi klublarga muhitni o‘rgangani kirganman. O‘shanda u yerga insonlar emas, odam shaklidagi maxluqlar kirishiga guvoh bo‘lganman. Men u joyni tungi klub demasdim, ‘buzuqlik klubi’ degan bo‘lardim. O‘shanda ko‘p sirlarga ham guvoh bo‘lganman. Tungi klublarga kirganlar biladi, uni o‘ziga tortadigan ohanrabosi bor. Bu nima bilasizlarmi? Afyun. Ular afyun zarralarini havo sovutkichlarining (konditsioner) ustiga sepib qo‘yishadi. Keyin havoga qo‘shilgan mast qiluvchi hid klubga kirganlarni hushini o‘g‘irlaydi. Tadbirkor niqobi ostida tungi klublarni ochib qo‘yib, falon so‘m pul topayotgan do‘stlarim, Prezident sizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarni suiste’mol qilmang. Harom luqmani bolangizga yedirmang, degan bo‘lardim. Bizga bunday klublarni umuman keragi yo‘q”.

Tohir Malik, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

Press klubda yoshlar spikerlarga o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qildi.

Tadbir so‘ngida erkin muloqot maydonida bahsga kirishgan sessiya tinglovchilari yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish va oldini olish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini ham bildirib o‘tdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tohir Malik tungi klublardagi sirlarni oshkor qildi