06:30 / 19.08.2018
5 779

Qurbonlik – Allohga qurbatdir

Qurbonlik – Allohga qurbatdir
Hayit bayramlari qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Qurbonlik qilish zakot, fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur’oni karim, hadisi sharif va ijmo’ bilan sobitdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz (o‘tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva mollarini (so‘yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo‘yin suningiz va (ey, Muhammad!) Itoat qiluvchilarga xushxabar bering!” (“Haj” surasi, 34-oyat).

Baro ibn Ozib (roziyalohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bugungi birinchi qiladigan ishimiz avval Iyd namozini o‘qish, so‘ngra uyga qaytib qurbonlik qilishimizdir. Kimdakim shunday qilsa, u sunnatga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u oilasi uchun tayyorlagan oddiy go‘sht, ya’ni qurbonlik emasdir”. Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go‘shtidan so‘ygan odamning o‘zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo‘ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko‘ra muomala qiladi. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (“Haj” surasi, 37-oyat).

Haqiqatan, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o‘qib, qurbonlik so‘ygan mo‘minlar mening ummatimdandir” deganlar. Qurbonlik so‘yishning avvali Hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa Hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.

Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo‘l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinur” dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?” dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo‘q, musulmonlarga umumiy” deb javob berdilar.

Qurbonlik Allohga qurbat ekan, qurbonlikka har tomonlama sog‘ va semiz bo‘lgan jonliqlarni so‘yish shariatimiz ko‘rsatmalaridandir. Buning ham o‘ziga xos hikmatlari bor albatta. Birinchidan, bu qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga e’tibor berish, Yaratganga nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchidan, bu musulmonlarning o‘rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go‘shtini emas, balki sog‘ va semiz hayvonlarning go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ishlardandir.

Odatda, Hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularni ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, Qurbon hayiti bayram bo‘lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular Hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Muborak haj safariga yurtimizdan borgan barcha hojilarimizning haj ibodatlarini mukammal ado etib, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat kelishlarini nasib etsin!
Sirojiddin Jahonov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

Manba: Muslim.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qurbonlik – Allohga qurbatdir