09:18 / 22.08.2018
7 009

Asakadagi “Malibu” voqeasi: hammasi nimadan boshlanib, qanday yakun topdi? (video)

Asakadagi “Malibu” voqeasi: hammasi nimadan boshlanib, qanday yakun topdi? (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumanida istiqomat qiluvchi Oybek Husanov va YHXB xodimlari o‘rtasidagi tortishuv aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Internet foydalanuvchilari go‘yoki, ichki ishlar xodimlari tomonidan haydovchini o‘z avtomashinasidan qo‘pol harakatlar bilan tushishga majbur qilingan haydovchiga achinib izohlar qoldira boshladi. Boshqa foydalanuvchilar esa Oybekning harakatlarida huquqbuzarlik alomati mavjudligini ta’kidlab, aybni unga ilmoqda. Aslidachi? Voqea qanday bo‘lgandi va u nimalar bilan yakunlandi? Kun.uz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Asaka tumaniga yo‘l oldi.

Andijon viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, 11 iyul kuni 12:30larda Asaka shahar “I.Buxoriy” ko‘chasida haydovchi Oybek Husanov “Malibu” rusumli davlat raqami 60 O 107 FA bo‘lgan avtomashinasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay, harakatlanayotganligi, boshqa haydovchilarga xalaqit berayotganligi bois ushbu ko‘chadagi xizmat olib borayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xodimi avtomashinani to‘xtatishga harakat qiladi.

Ammo “Malibu” avtomashina haydovchisi Husanov Oybek Xo‘jamberdiyevich avariya holatini yuzaga keltirib, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, yuqori tezlikda yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatlanadi. Husanov so‘zlari esa umuman boshqacha yangramoqda. Uning aytishicha, “GAI” xodimi nega Oybekka qasd qilib qolgani va to‘xtatganidan bexabar qolmoqda.

“Ammo, men nega to‘xtatilganimni bilmayman. Xodimlar mashinada quvib kelib, yo‘l yoqasiga qisishdi, guvohnoma ham ko‘rsatmay, shaxsini tanishtirmay, mashina qismlariga jismoniy zarba bergach, men eshikdan ham tushmadim”, deydi haydovchi.

Shu o‘rinda Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlaridan biri voqeani shunday tasvirladi:

“Xodimlar tomonidan to‘xtatilgan haydovchi Xusanov Oybek Xo‘jamberdiyevichdan avtomashina tegishli hujjatlari so‘ralganida, qoidabuzar qonuniy talabni rad etib, avtomashina ichidan eshigi va oynalarini berkitib olgandi”.

Holatning bu qismini Oybek ham tasdiqladi, ya’ni mashina uning nomiga hali rasmiylashtirilmagani, ammo barcha hujjatlari joyida ekani aytildi. Guvohlardan biri voqea qanday yuz berganini tasvirlab berarkan, “Malibu” egasining xatti-harakati yo‘l qatnoviga xalaqit qilganini aniq tasdiqlagan.

“Men mashinada bemor onamni shifoxonaga olib ketayotgan edim. Oldimda turgan bu haydovchi xodimlar bilan gap talashib, qolganlarga yo‘l bermasdan turdi. Ortga, oldinga mashinani tortib, qochishga ham urindi”, deydi guvoh-haydovchi.

Shu tufayli atrofga avtomashinalar va fuqarolar to‘planib, ko‘plab avtomashina haydovchilari “Malibu” avtomashinasini oldiga kelib, Oybek Husanovga yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining qonuniy talablarini bajarishini va avtomashinasini yo‘l chetiga olishini so‘rashadi. Biroq, voqealar tizgini shu yerda yakuniga yetmadi. Oybek, bundan so‘ng, IIB xodimlarining tazyiqi bilan bo‘limga olib ketilgani va kaltaklanganini iddao qilmoqda.

“Issiq asfaltni quyosh toblab turganiga qaramay, meni yalangoyoq bo‘limgacha piyoda yurishga majbur qilishdi. Tuman IIB bo‘limiga kirishimiz bilan meni bitta xonaga olib kirib, bosh, qorin va ko‘krak aralash zarba tushdi. Nimalar bo‘layotganini anglolmay qoldim. Bir payt hushimni yo‘qotdim, ko‘zimni ochsam, meni balandlikdan yerga tashlashyapti”, deb xotirlaydi u.

Oybekning tasdiqlashicha, o‘sha kuni u bir nechta IIB xodimlari tomonidan kaltaklangach, prokuraturaga murojaat qilgan. Tuman prokuraturasi o‘z o‘rnida sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqargan. Biroq, dastlabki tekshiruvlarda Husanovning tanasidan jiddiy jarohatlar topilmagani qayd qilinavergan. Oradan deyarli 10 kun o‘tib, ya’ni Husanovning Bosh prokuratura nomiga yo‘llagan shikoyatidan so‘ng, qayta tibbiy tekshiruvlar olib borildi va uning ko‘krak qismida qovurg‘a suyaklari singani, o‘pka ezilgani ma’lum bo‘ldi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Asakadagi “Malibu” voqeasi: hammasi nimadan boshlanib, qanday yakun topdi? (video)