Rashid Qodirov va Miragʻlam Mirzayev ustidan sud boshlangani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi

  • Jamiyat
  • 14-09-2018, 11:21
  • 797
  • Рашид Қодиров ва Мирағлам Мирзаев устидан суд бошлангани ҳақидаги хабарлар тасдиқланмади
    12 sentyabr kuni OAVda Yunusobod tumani sudida Oʻzbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov hamda Toshkent prokurorining sobiq oʻrinbosari Miragʻlam Mirzayev ustidan sud boshlangani toʻgʻrisida tarqalgan xabarlar oʻz tasdigʻini topmadi.

    “Kun.uz”ning Oʻzbekiston Oliy sudidagi manbasi bu xabarlarga munosabat bildirar ekan, hali tergov jarayoni davom etayotgani, sobiq prokurorlar boʻyicha ish tuman sudida koʻrib chiqilmasligini maʼlum qilgan.

    Shu yilning 22 fevralida Toshkentda Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida qoʻlga olingandi. Unga nisbatan “Tovlamachilik”, “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish”, “Pora olish” moddalari boʻyicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi boʻyicha bosh prokurorning sobiq oʻrinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari boʻlmish Jamshid Fayziyev va Ulugʻbek Sunnatov ushlangandi.

    Rashid Qodirov Oʻzbekiston prokuraturasini 15 yil davomida boshqargan va 2015 yil aprelida lavozimdan olingandi.

    Keyinroq ushbu ish doirasida yana oʻndan ortiq kishi qamoqqa olindi. Ular orasida “Toshkentni titratgan prokuror” - Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar boʻyicha sobiq oʻrinbosari, “Antibiotik” laqabli adliya maslahatchisi Miragʻlam Mirzayev va unga yaqin boʻlgan boshqa prokurorlar ham bor edi.

    “Qodirov ishi” ishi doirasida jami 21 kishi qamoqqa olingan.

    Oʻzbekistonning hozirgi bosh prokurori Otabek Murodov shu yilning iyunida Senatdagi chiqishi vaqtida Rashid Qodirov bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida gapira turib, qoʻlga olinganlarning barchasi ustidan tergov jarayoni davom etayotganini bildirgandi.

    Oʻshanda u tergovning maqsadi - qoʻlga olinganlarni qamoqqa tashlash emas, davlatga yetkazilgan zararni undirish ekanini aytgandi.

    “Agar qoʻlga olinganlar pullarni qaytarishsa, ular ozodlikka chiqarilishi ham hech gap emas”, - degandi u.

    Bundan tashqari, shu yilning martida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Rashid Qodirovning oʻgʻli Alisherbek Qodirovni qidiruvga bergan. U Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi A-bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik), 165-moddasi 3-qismi A-bandi (juda koʻp miqdordagi tovlamachilik), 168-moddasi 3-qismi A-bandi (koʻp miqdordagi firibgarlik), 168-moddasi 4-qismi A-bandida (juda koʻp miqdordagi firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda.

    » » Rashid Qodirov va Miragʻlam Mirzayev ustidan sud boshlangani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi
    Яндекс.Метрика