19:28 / 16.09.2018
7 422

Qurʼon musobaqasi: nima kutgandik, nimaga erishdik, istiqbol qanday?

Qurʼon musobaqasi: nima kutgandik, nimaga erishdik, istiqbol qanday?
Joriy yil yurtimizda Qurʼon musobaqasi ancha keng koʻlamda oʻtkazildi. Unda 18-25 hamda 26-40 yosh toifasida erkaklar va ayollar “Hifz” – Qurʼonni toʻliq yoddan oʻqib berish va “Tilovat” – Qurʼonga qarab chiroyli oʻqish yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etdi.

Taʼkidlash oʻrinli, oldingi yillarda Qurʼon musobaqasi tor doirada – Islom institutida, baʼzi bir masjidlarda yoki diniy idorada boʻlib, 25-30 nafar qori ishtirok etardi. Mazkur musobaqa xalqimiz eʼtiboridan chetda qolardi. Bu yil esa Qurʼon musobaqasi yurtimiz boʻylab oʻtkazildi.

Qurʼon musobaqasi orqali butun dunyoga Oʻzbekistonda diniy erkinlik tiklanayotgani koʻrsatildi. Musobaqa eʼlon qilinganida qalbimizni qanday hislar qamrab olganini shunchaki tushuntirib bera olmasak kerak. Biz kutgan, orzu qilgan kunlar kelganidan xursand boʻldik. Prezidentimizning BMT Assmbleyasidagi nutqi, azonning baralla aytila boshlashi va Qurʼon musobaqasi oʻtkazilishi Oʻzbekiston musulmonlarining koʻnglini togʻdek koʻtardi.

Ammo keyinroq Qurʼon musobaqasi atrofida baʼzi gap-soʻzlar paydo boʻldi – ishtirokchilarga tazyiq va bosim boʻlgani, ularning huquq-tartibot organlariga suhbatga chaqirilgani va h.z. Ha, aynan gap-soʻzlar. Sababi aniq bir shaxs tomonidan oʻziga bosim boʻlgani haqida shikoyat yoki murojaat boʻlmadi. Hatto anonim koʻrinishda ham bu ish amalga oshirilmadi.

Shu oʻrinda eslatish oʻrinli, Qurʼon musobaqasi ishtirokchilarini roʻyxatga olish jarayonida ham raqamlarni sunʼiy ravishda kamaytirishga harakatlar boʻlayotgani haqida gap chiqqan, biroq bu rasman oʻz tasdigʻini topmagandi.

Qurʼon musobaqasini oʻtkazishdan maqsad hujralarni aniqlash edi, degan fikrlar ham ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilar tomonidan ilgari surildi. Asos sifatida, televideniye orqali namoyish etilgan “Hujra zulmati” koʻrsatuvida keltirilgan raqamlarga murojaat qilingan – 2017 yilda 33 ta “xufyona hujra” aniqlangan, 2018 yilning birinchi yarmida esa koʻrsatkich 116 tani tashkil etgan. Qurʼon musobaqasi oʻtkazilgan yilning yarmiga yetib kelmasdan aniqlangan “xufyona hujra”lar soni 3,5 barobar oshgan. Albatta, bu turli shubha-gumonlarning paydo boʻlishiga olib keladi. Lekin raqamlarning oʻzgarishi dalil-isbot boʻlolmaydi, bu haqda Musulmonlar idorasi yoki huquq-tartibot organlari fikr bildirishi maqsadga muvofiq boʻlsa kerak deb oʻylaymiz.

Ana shu jihatlarni inobatga olib hamda ushbu musobaqada homiylar ishtirokini ham yoritishni reja qilib, biz OʻMIda bu masalaga masʼul xodim bilan suhbatlashdik.

Salohiddin ShЕRXONOV, OʻMI taʼlim boʻlimi xodimi:
– Toʻgʻrisini aytsam, Qurʼon musobaqasiga aynan qancha mablagʻ sarflanganini bilmayman. Musobaqada ishtirok etish maqsadida respublika boʻyicha 5300 ga yaqin ariza kelib tushgan. Ishtirokchilarning yoshi turlicha ekanini inobatga olgan holda, ularni yosh toifalari boʻyicha boʻlishga qaror qilindi. Musobaqaning oʻzi uch – tuman, viloyat va respublika bosqichlarida oʻtkazildi.

Shu kunga qadar Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga Qurʼon musobaqasi ishtirokchilari tomonidan qandaydir bosim yoki tazyiq boʻlayotgani haqida murojaat qilishgani yoʻq. Oʻylashim boʻyicha, bu kabi gaplarni tashqarida yurgan gʻarazli kimsalar tarqatmoqda. Chunki musobaqa ishtirokchilariga qandaydir bosim boʻlsa, biz bundan xabardor boʻlardik.

Misol uchun, Qurʼon musobaqasida qatnashgan 42 kishi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi. Ular imtihondan oʻtib, oʻz kuchlari bilan oʻqishga kirdilar. Agar qandaydir tazyiq boʻlganida, shularga ham boʻlardi. Oʻqishga kirolmagan boʻlardi.

Shuningdek, bizga musobaqada ishtirok etmoqchi boʻlgan odamlar arizasini qabul qilinmaganligi haqida ariza yoki shikoyat tushgani yoʻq. Bunaqa holat kuzatilgani borasida birorta maʼlumot yoʻq...

Maqolani tayyorlash asnosida 2018 yilgi Qurʼon musobaqasining ayollar oʻrtasidagi mutlaq gʻolibasi Robiyaxon Najmiddinovaning otasi bilan ham suhbatlashdik. Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Robiyaxon Najmiddinova va uning oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi DXX huzuriga olib ketilgani haqida xavotirli xabarlar tarqalgandi.

Qutbiddin KOMILOV:
– Mening qizlarim Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilgan Qurʼon musobaqasida qatnashdi. Ikkinchi qizim tilovat yoʻnalishida birinchi oʻrinni olgan boʻlsa, Oliy maʼhadda oʻqiydigan qizim oliy oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bundan albatta xursand boʻldik.

Oxirgi paytlarda atrofimizda turli gaplar paydo boʻldi. Mening qizimni organga olib ketilgani haqida ham mish-mishlar tarqadi. Avvalambor bir narsani unutmaylik, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Yolgʻonchilar mening ummatim emas” deganlar. Shunday ekan, barchamiz yolgʻondan yiroq boʻlishimiz kerak. Musobaqada birinchi oʻrinni olgan qizim Xadichai Kubroda oʻqigan. Oliy oʻrinni olgani hozir Oliy maʼhadda tahsil olyapti. Ular yurtimizning taʼlim dargohlarida oʻqib, dunyoviy va diniy ilmlarni oʻzlashtirishgan. Maktab va litseylarda yaxshi taʼlim olganlar. Ularning barcha olgan bilimlari, bu gapimga qiyomatda ham javob bera olaman, yurtimizning madrasa va oliy taʼlim dargohlarining sharofati bilan egallangan.

Bizning oilamizga hech qanday bosim boʻlgani yoʻq, boʻlmaydi ham. Biz qonunchilikni yaxshi bilamiz. Men oʻzim internetni yaxshi tushunmayman. Saytlarga kirmayman. Musobaqa tashkiliy qoʻmitasi aʼzosi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan gaplashganimda, bu gaplardan xafa boʻlganini bildim. Xalq va hukumat orasini buzishdan manfaatdor odamlar koʻp ekan.

Biz aynan Qurʼon musobaqasi sharofati bilan Malayziyaga borib keldik. U yerdagi odamlarning munosabati, tashkiliy ishlarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib keldik. U yerda Oʻzbekistondagi kabi shukuhni, birdamlikni his qilmadim.

Shuningdek, Qurʼon sharofati bilan Umraga ham borib keldik. Shunday voqealar boʻlar ekan, bu allaqanday kimsalarga yoqmaydi...

Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinli, 6 iyun kuni Oʻzbekiston “Qurʼon musobaqasi – 2018”da gʻolib boʻlgan qorilar va ularning yaqinlari “Toshkent – Jidda” aviareysi orqali Umra safariga yoʻl olganlarini ham eslatib oʻtish joiz. Mukofot tarzida berilgan bu Umra safarida qorilarning ota-onalari va yaqin oila aʼzolaridan iborat 30 kishi ham bor edi.

Yana bir eʼtiborli jihati, musobaqa orqali yurtimizning qaysi hududida Qurʼon yodlashga eʼtibor yuqori ekanini ham bilib olish imkoni paydo boʻldi.

Hududlar boʻyicha “Qurʼon musobaqasi – 2018” ishtirokchilariga nazar solsak qiziq bir statistikaning guvohi boʻlamiz. Masalan, Qorqalpogʻiston Respublikasining jami aholi soni 1 842 300 kishi boʻlgani holda Qurʼon musobaqasida (ikki yoʻnalish boʻyicha) 214 nafar qori va qoriyalar ishtirok etdi. Bu aholi soniga nisbatan hisoblaganda 0,00011 foizni tashkil qilmoqda, boshqacharoq aytganda har 100 000 odamning 11 nafari qori (qoriya). Namangan viloyati misolida koʻrib chiqsak, jami aholisi – 2 699 600 kishi, musobaqa ishtirokchilari soni – 954 nafar (0,00035 foiz), 100 000 odamga 35 nafar qori (qoriya) toʻgʻri kelmoqda. Qorqalpogʻiston Respublikasiga nisbatan olsak Namanganda qorilar 3 barobar koʻp ekan (oliy oʻrin sohibi aynan Qorqalpogʻistondan ekanligini inobatga olsak, kelgusi yillarda ushbu hududdan ishtirokchilar soni ortadi deb oʻylaymiz). Xuddi shu usul bilan Fargʻona va Namangan viloyatlarini solishtirganimizda statistika Namangan “zarari”ga ishlamoqda: Fargʻona viloyati aholisining soni 3 620 200 kishi, musobaqa ishtirokchilari – 1 948 nafar (0,00054 foiz), har 100 000 kishining 54 nafari qori va qoriyalar. Umumiy statistikaga eʼtibor bersak, eng koʻp qorilar Fargʻona viloyatida – 1 948 nafar, har 100 000 aholiga toʻgʻri keladigan qorilar soni boʻyicha Andijon viloyati peshqadam – 58 nafar, qorilari eng kam hudud – Sirdaryo viloyati – 145 nafar qori (qoriyalar) musobaqada ishtirok etgan, lekin 100 000 nafar aholiga toʻgʻri keladigan Qurʼon hofizlari Qashqadaryoda kamchilikni tashkil qilar ekan – 6 kishi. Oʻylaymizki, Qurʼon hofizlari koʻp boʻlgan yurtning barakasi moʻl boʻlishini bilgan masʼullar bundan tegishli xulosa chiqaradilar. Quyidagi jadval orqali hududlar kesimidagi statistikaning toʻliq koʻrinishi bilan tanishishingiz mumkin:

Qurʼon musobaqasi Prezident tashabbusi bilan oʻtkazildi. Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishlarida Qurʼon hech qachon yomonlikka daʼvat qilmasligini taʼkidladi. Bu shunchaki aytilgan gaplar emas. Mazkur musobaqa ishtirokchilariga bosim yoki tazyiq oʻtkazish birinchi navbatda Prezident tashabbusiga qarshi chiqish boʻlib qolishini har birimiz anglashimiz shart. Prezidentga ishonganlar bundan afsus chekmasligiga har bir boʻgʻindagi tashkilot masʼuldir.

Yurtimiz azaldan olimlar, ahli ilmlar diyori boʻlgan. Ular jahon miqyosida dovruq qozonganlar, ular yozgan kitoblar hali hamon oʻta dolzarb boʻlib turibdi va insha Alloh qiyomat kuniga qadar ahamiyati yuqori boʻlaveradi.

Hazrat Ali roziyallohu anhu “Oʻz ajdodlaringiz bilan huda-behudaga maqtanavermang” deb aytgan ekanlar. Bu gap bizga ham tegishli. Falon bobomiz unday qilgan, mana bunday kitob yozgan deb maqtanaverish bilan ish bitmaydi. Prezident ham oʻz chiqishlarida bu haqda gapirib, oxirgi yillarda kuchli olimlar yetishib chiqishi kamayib ketganini taʼkidlagandi. Shunday ekan, diyorimizdan olimlar yetishib chiqishi uchun munosib sharoit boʻlishi lozim. Qurʼon musobaqasi misolida biz ana shu sharoitni koʻra oldik. Chunki Islomning asosi Qurʼon. Uni chuqur egallagan inson yuksalib boraveradi.

Umid qilamiz-ki, navbatdagi Qurʼon musobaqasi ham avvalgidan kam boʻlmagan koʻrinishda yoxud Xalqaro miqyosda oʻtkaziladi. Shu kunga qadar bildirilgan shubha va gumonlarni tarqatib yuboradi, insha Alloh.
Temur Aʼzam,
Gʻayratxoʻja Saydaliyev,
Farrux Abdusattorov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qurʼon musobaqasi: nima kutgandik, nimaga erishdik, istiqbol qanday?