07:31 / 20.09.2018
6 827

Un va nonning narxi nega oshmoqda?

Un va nonning narxi nega oshmoqda?
15 sentyabridan boshlab 1 kg 1-nav bugʻdoy uni uchun ulgurji sotish narxi 1 400 soʻm hamda qolipli nonning talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi boʻyicha sotilishi belgilanganidan bexabar odam Oʻzbekistonda qolmadi, menimcha.

Shu oʻrinda kimdir hukumatning ushbu qarorini qoʻllab-quvvatlamoqda, kimdir esa uni tanqid qilmoqda. Hamma oʻzicha haq.

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, bunday ommabop boʻlmagan qarorlar turli davlatlar hukumatlari tomonlaridan faqatgina inkor etib boʻlmaydigan sabablar mavjud boʻlganidagina qabul qilinadi. Xoʻsh, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu qarorni qabul qilinishiga qanday sabablar taʼsir koʻrsatdi?

Keling, hissiyotlarni ortda qoldirib, bu sabablarning ildiziga qaraylik.

Avvalambor, nonning narxi oxirgi marta 2014 yilda oshirilgandi. Davlat 600 grammli qolipli nonning narxini 4 yil davomida oʻzgarishsiz 650 soʻm miqdorida saqlab kelgan va bu yoʻl bilan aholining kam taʼminlangan qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirgan. Harqalay, bundan koʻzlangan maqsad shu edi.

Biroq, bu yoʻl bilan koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordam manzilli boʻlmadi, yaʼni bunday preferensiyadan kam taʼminlangan oilalar bilan bir qatorda jamiyatning oʻrta daromadli aʼzolari ham, boy qatlamlari ham foydalanib kelgan (jamiyatning ayrim oʻziga toʻq qatlamlari nima maqsadlarda arzon nondan foydalangani – bu alohida masala).

Ikkinchidan, noning narxi oshishi negizida inkor qilib boʻlmaydigan iqtisodiy qonunlar yotibdi. Aniqroq qilib tushuntirish uchun oddiy arifmetika usullarini qoʻllaymiz.

Maʼlumot uchun: hisob-kitoblarning qulayligini taʼminlash va tushunarli boʻlishi uchun bugʻdoydan un olish, undan esa non tayyorlash bilan bogʻliq ish haqi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, transport (gʻallani don kombinatlariga, unni non zavodlariga tashish), ichimlik suvi va boshqa xarajatlar ataylab hisobga olinmadi.

Hozirgi kunda 1 kg. bugʻdoyning bozordagi eng arzon narxi 1 600 soʻmni tashkil etadi. Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, 1 kg. bugʻdoydan oʻrtacha 0,75 kg. un mahsuloti chiqadi. Demak, 1 kg un mahsulotining narxi 2 000 soʻm atrofida boʻladi (1 600 soʻm / 750 gr *1 000 gr = 2 133 soʻm, biroq chiqadigan kepakni ham hisobga olib, oʻrtacha 2 000 soʻm, deb hisoblaylik).

Lekin, ushbu bugʻdoy unidan tayyorlanadigan 1 kg qolipli nonning narxi oʻrtacha 1 083 soʻmni (650 soʻm / 600 gr. * 1000 gr) tashkil etadi. Shundan koʻrinib turibdiki, xomashyoning narxi tayyor mahsulot narxiga nisbatan qariyb ikki baravar yuqori (bu hali boshqa xarajatlar inobatga olinmagan holda).

Albatta, oʻquvchi aytishi mumkinki, davlat fermerlardan gʻallani arzon narxlarda sotib olgan va endi bunday mantiq bilan narxni oʻzgartirish insofdanmi? Toʻgʻri, bunday amaliyot kecha kungacha boʻlgan, buning natijasida qanchadan-qancha fermerlar halol mehnati uchun yetarli daromad koʻrmasdan qolgan, ularda gʻallaning hosildorlik miqdorini oshirishdan manfaatdorligi ham boʻlmagan.

Bundan tashqari, fermerlar tomonidan yetishtirilgan gʻallani shartnomada belgilangan hajmdan oshigʻi bilan davlat hisobiga olib ketish holatlari yuz bergan. Rejani bajarmagan fermerlarni esa turli jazo choralarini qoʻllash bilan qoʻrqitib, har xil qingʻir-qiyshiq yoʻllar bilan rejani majburlab bajartirish holatlari ham yana bir yashirib boʻlmaydigan haqiqatlardan biridir. Lekin, oʻshanda ham qolipli nonning narxi oʻz xarajatlarini qoplamagan.

Aslida, bozor iqtisodiyotida tayyor mahsulotning narxi hech qachon xomashyoning narxiga nisbatan, yaʼni misol uchun 1 kg. paxta yogʻining narxi 1 kg. paxta chigiti narxidan yoki 1 kg. qaymoq narxi 1 litr sigir suti narxidan arzon boʻlmaydi (albatta, nopok raqobatda qoʻllaniladigan demping holatlari bundan mustasno). Bizda bunday holat sunʼiy ravishda yaratilgan, uning kasriga bir qator muammolar paydo boʻlgan.

Bunda, bozorda xayolga kelmaydigan vaziyat vujudga keldi: yaʼni gʻallani qayta ishlash jarayonida chiqadigan ikkinchi darajali mahsulot – kepak bugʻdoy unidan qimmatroq boʻlgan. Natijada, ayrim “tadbirkorlar” oʻz chorvasini, shuningdek baliq va parrandalarini kepak bilan emas, balki arzon qolipli non bilan boqib kelgan holatlari ham tez-tez uchrab turibdi.

Uchinchidan, hammamizga tanish boʻlgan yana bir holat joʻyali omilga aylandi. Doʻkondan sotib olingan qolipli nondan ertasi kuni qaydaydir noxush hid chiqib, uning magʻzi yopishqoq yelimga oʻxshab qolishi odatiy holga boʻldi. Bu nonning sifatidan, aniqroq aytganda uning sifatsizligidan darak beradi. Bizda nega bunday sifatsiz nonlar pishiriladi? Yoki, novvoylar tajribasiz boʻlib qolganmi?

Yoʻq, asosiy sabablardan biri, bu non ishlab chiqaruvchi korxonalarning asosiy vositalari jismonan va maʼnan eskirganligi, ularni yangilash uchun mablagʻlar yetarli boʻlmaganligidir. Mazkur korxonalar oʻzining moddiy-texnika bazasini yangilash masalasi hali u yerda tursin, ular soliqlar boʻyicha millionlab va milliardlab soʻm qarzga botib ketgan.

Nega pul ularga yetmayapti, degan savolga, ushbu korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulot – qolipli nonning narxi oʻz tannarxini ham qoplamasligini yana javob sifatida qaytarish mumkin.

Toʻrtinchidan, keng isteʼmol mahsulotlariga bir paytning oʻzida bozor narxlari va davlat tomonidan belgilanadigan narxlar boʻlishi, shuningdek ular orasida keskin farq mavjudligi kishilarda oson va egri yoʻllar bilan moʻmay daromad topishga intilishni kuchaytiradi va natijada jamiyatda korrupsiya sodir etilishiga qulay sharoit yaratilishiga olib keladi.

Bu holatning tasdigʻi sifatida misol keltirishimiz mumkinki, davlat tomonidan 1-nav bugʻdoy unining belgilangan narxi 1 000 soʻm atrofida boʻlsa-da, bozorda shu unni 2 500 soʻmdan arzonroq topa olmaysiz. Oradagi farq kimning choʻntagiga ketyapti, degan savol, bu tegishli huquq-targʻibot organlarining vakolatidadir.

Beshinchidan, 2014 yildan shu kunga qadar oʻtgan 4 yil mobaynida iqtisodiyotimizda ancha oʻzgarishlar sodir boʻldi. Masalan, eng kam ish haqi miqdori 96 105 sumdan hozirgi kundagi 184 300 soʻmgacha yoki 1,9 baravarga oshgan; elektr energiyasi 1 kvt uchun 120 soʻmdan 228,6 soʻmgacha hamda tabiiy gaz 1 m3 151,74 sumdan 289,4 soʻmgacha yoki ikkalasi ham 1,9 baravarga oshgan. Shunga oʻxshash misollarni koʻplab keltirish mumkin. Tabiiyki, mazkur oʻzgarishlar barcha ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlarning tannarxiga tegishli miqdorlarda albatta taʼsir koʻrsatadi.

Narx oʻzgarishi fonida yuzaga chiqqan asosiy maqsad –narxni oshirish emas, balki milliy bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan taʼminlash, shuningdek nonning narxini bozorda mavjud boʻlgan boshqa turdagi mahsulotlar narxiga nisbatan muvofiqlashtirishdir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, 1-nav bugʻdoy uni va qolipli nonning narxini oshirish uchun sabablar yetarli darajadan ham koʻproq toʻplanib qolgani koʻrinib turibdi.

Hukumatning mazkur qarori iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi dadil qadamlaridan biri deb hisoblash mumkin.
Alisher Roʻzioxunov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Un va nonning narxi nega oshmoqda?