14:38 / 22.09.2018
7 099

Uy-joy kodeksining 32-moddasiga oʻzgartish kiritiladi

Uy-joy kodeksining 32-moddasiga oʻzgartish kiritiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Majlisda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 32-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.

Kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, turar joy mulkdorining oila aʼzosi deb er-xotinning ota-onasi, shuningdek, mulkdor bilan doimiy yashayotgan oilali farzandlari bilan birgalikda mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham agar ilgari bu huquqqa ega boʻlmagan boʻlsalar, oʻzaro kelishuvga binoan, uy-joy mulkdorining oila aʼzosi sifatida tan olinishi nazarda tutilmoqda. Yaʼni, bu bilan mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham oilaning boshqa aʼzolari bilan birgalikda uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanish huquqiga ega boʻlishiga zamin yaratiladi.

Mazkur qonun loyihasi muhokamasi qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Deputatlar fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kelajakda ayollarning nikohdan ajralgan hollarda oʻzlari yashab turgan xonadon mulkdorining uy-joyidan foydalanish, mazkur uy-joyga oʻzining farzandlarini ham koʻchirib kiritish huquqini vujudga keltiradi hamda oilaviy ajrimlar paytida yuzaga keladigan mojarolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Biroq, ushbu masalaning mukammal qonuniy asosga ega boʻlishi jamiyatimiz koʻpchilik aʼzolari uchun muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olgan holda, bu borada shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilib boʻlmasligi, masalani har taraflama asosli oʻrganib, chuqur muhokama etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Koʻtarilayotgan masala oʻta muhim ekani, muammo esa uzil-kesil hal etilishi uchun loyiha ustida ishlashni davom ettirish zarurligini qonun loyihasi tashabbuskorlari ham eʼtirof etdilar.

Shu munosabat bilan koʻpchilik deputatlarning taklifiga binoan, mazkur masalani yalpi majlis kun tartibidan chiqarib, masʼul qoʻmitaga qonun loyihasini yanada takomillashtirish uchun vaqt va imkon qoldirish hamda uni kelgusi majlislarda koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uy-joy kodeksining 32-moddasiga oʻzgartish kiritiladi