18:30 / 22.09.2018
6 263

Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytmoqda

Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida, jumladan, oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilandi. Quvonarlisi, bu pedagoglik kasbining jozibadorligini oshirdi. Natijada yangi oʻquv yilida maktablarga erkak oʻqituvchilar ham qaytmoqda, deb yozadi “Maʼrifat” nashri.

Xalq taʼlimi vazirligining maʼlumotiga koʻra, 2017-2018 oʻquv yilida respublikamizdagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan jami 408 135 nafar pedagog xodimning 120 336 (29,5 foiz) nafarini erkaklar tashkil etgan. Respublika miqyosida 11 mingdan ortiq oʻqituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud boʻlsa-da, erkak oʻqituvchilar soni 30 foizdan oshmagan. Toshkent shahrida bu koʻrsatkich atigi 10 foizni tashkil etgan. Taʼlim tizimida olib borilgan islohotlar tufayli bu raqamlar joriy yilda sezilarli darajada oʻsdi.

Universitetdan maktabga

— Bu yil Qoraqalpoq davlat universitetining qoraqalpoq filologiyasi fakultetini tamomlab, Xoʻjayli tumanidagi 3-maktabda ish boshladim, — deydi Jal¬gʻasbay Nuratdinov. — Ochigʻi, maktabda ishlashga ikkilanayotgandim. Yurtimizda oʻqituvchilar nufuzini oshirishga katta eʼtibor qaratila boshlangani menga dalda berdi. Oylik maoshlar oshgani, turli imtiyozlar berilayotganidan ruhlandim. 5-, 6-, 7-sinflarga qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan saboq beryapman. Ilk taassurotlar juda yaxshi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti magistraturasining 2-bosqich talabasi Sarvar Nishonov ham Yakkasaroy tumanidagi 144-maktabda milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari fanidan saboq bermoqda.

— Toshkent islom universitetini imtiyozli tamomlaganman. Talabalik yillarimda 2016 yilda Imom al-Buxoriy, 2017 yilda Islom Karimov nomidagi stipendiyalar sohibi boʻlganman, — deydi Sarvar Nishonov. — Har bir darsga puxta tayyorgarlik koʻraman. Taʼlim-tarbiya jarayonida qattiqqoʻllik juda zarur ekanligiga qisqa muddatli ish faoliyatim davomida ishonch hosil qildim. Bunday vazifani bajarishda erkak oʻqituvchilarning oʻrni katta.

“Muallim boʻlaman” deganda quvonmagandim”...

Prezident farmoniga koʻra, endi pensiyaga chiqqan pedagoglar ishlaydigan boʻlsa, oylik maoshini toʻliq olishi belgilab qoʻyildi. Usmon Berdiqulov ham bu yil nafaqaga chiqan boʻlsa-da, yangilikni eshitib, mehnat faoliyatini maktabda davom ettirishga ahd qildi. 42 yillik pedagogik stajga ega muallim 30 yildan beri Baxmal tumanidagi 8-maktabda faoliyat yuritib, 5—11-sinflarga texnologiya fani sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda.

— Taʼlim muassasamizda mingdan ziyod oʻgʻil-qiz bilim oladi, — deydi Usmon Berdiqulov. — Ularning barini oʻz farzandimdek yaxshi koʻraman. Oʻqituvchilik kasbiga mehrim balandligi ham aslida shundan. Oilamizda otam va akam ham umrini shu kasbga baxshida qilgan. Oʻquvchilarning yetuk shaxs boʻlib kamol topishida erkak muallimlarning roli beqiyos. Ammo keyingi paytda oylik maoshning kamligi sabab maktablarda erkak oʻqituvchilar kamayib ketgandi. 4 nafar farzandimni oʻqituvchilik kasbi orqasidan tarbiyalab, oyoqqa turgʻazgan boʻlsam-da, katta farzandim “muallim boʻlaman” deganida, ochigʻi, unchalik quvonmagandim. Ammo bugun bu ikkilanishlar oʻrnini faxr tuygʻusi egallay boshladi.

Qogʻozbozlik kamaydi

— Jismoniy tarbiya fanining asosiy maqsadi oʻquvchilarni jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalashdan iborat, — deydi oʻuzor tumanidagi 50-maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Sherali Ashurov. — Afsuski, soʻnggi yillarda jismoniy tarbiya fanida ham oʻquvchilarning qanday rivojlanayotgani emas, hujjatlarning qanday toʻldirilayotganligiga koʻproq eʼtibor qaratila boshlandi. Dars sifatini oshirish yoʻlida izlanishga ketadigan vaqtimizni qogʻoz toʻldirishga sarflashga majbur boʻldik. Erkak oʻqituvchilar maktabni tark etishiga ortiqcha hujjatbozlik, oʻz ustida ishlashga imkon berilmasligi ham sabab boʻlayotgan edi.

Nafaqat hujjatbozlikning kamayishi, uy-joy va avtotransport vositalarining imtiyozli kredit asosida oʻqituvchilarga berilishi ham taʼlimdan yiroqlashgan pedagoglarni maktabga qaytarmoqda. Zimmasida uy-joy muammosi turgan oila boshliqlari uchun bu imtiyozlarning berilishi ayni muddao boʻldi.

Erkak muallim direktorning suyanchi

Erkak oʻqituvchilar qoʻshimcha ishlarga jalb etilishdan koʻp aziyat chekkani rost. Oʻz xoʻjaligiga ajratolmagan vaqtini majburiy mehnat uchun sarflash ularning koʻnglini taʼlim tizimidan sovitdi.

— Oʻn yillik direktorlik faoliyatim davomida jamoani bir maqsad — oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish yoʻlida birlashtirishga harakat qilib kelyapman. Albatta, bu oʻziga xos murakkab vazifa. Bu maqsadni amalga oshirish uchun direktorning yonida masʼuliyatni zimmasiga ola biladigan zabardast erkak oʻqituvchilar ham boʻlishi kerak. Ishonchim komilki, har bir maktab rahbari buni chuqur his qiladi. Afsuski, keyingi yillarda shundoq ham oyligi kam muallimlarni qoʻshimcha ishlarga jalb etaverib, maktabdan bezdirdik. Bu ayniqsa, erkaklarning ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Gʻururli erkak borki, “Bundan koʻra bozorda ishlab oila boqqanim yaxshi edi...” deyishi tabiiy, — deydi Uzun tumanidagi 11-maktab direktori Alovuddin Hamdamov.

— Yunusobod tumanidagi 274-maktab oʻtgan asrning 80-yillarida nafaqat tumanda, balki respublikada ham namunali maskan edi, — deydi nafaqadagi pedagog, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Komil Mansurov. — Oʻsha davrda Ubaydulla Mahkamov, Mirhabib Valiyev, Yusuf Moʻminov, Mannop Ortiqov, Mirzom Abzalov, Erkin Jamolov, Rustam Hikmatov, Abdurahim Oripov, Sayfulla Mahkamov kabi ustozlar taʼlim-tarbiya sifatini yuksak darajada ushlab turar edi. Muassasamizda qattiqqoʻl erkak oʻqituvchilar koʻp boʻlgani uchun barcha kattaga hurmatda, kichikka izzatda boʻlardi. Prezidentimizning pedagoglar nufuzini oshirish, ularga qulayliklar yaratishga oid farmon va qarorlari oʻqituvchilarni qadrdon maktabiga qaytaradi, degan umiddaman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytmoqda