19:11 / 26.09.2018
6 757

Elektr energiya taʼminoti… Kelajakda nima kutmoqda?

Elektr energiya taʼminoti… Kelajakda nima kutmoqda?
Mamlakatda elektr va gaz taʼminoti sohasidagi tizimli muammolarni samarali hal etmasdan turib, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini kengaytirish, ishchanlik faolligi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish mumkin emas.

Bu esa, shubhasiz, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bilan bogʻliq masaladir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qoʻshayotgan yirik korxonalardan. Prezidentimiz tomonidan kombinatning salohiyatini yanada oshirish, modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun esa u xoh ichki boʻlsin va yo xoh tashqi boʻlsin, investitsiya jalb etish talab qilinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizning istalgan hududiga borib, aholidan elektr taʼminoti boʻyicha yoki yoqilgʻi mahsulotlari, masalan, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha savol bersangiz, “Xudoga shukur, kun koʻrib qoldik”, deb javob beradiganlari ham topiladi, hanuzgacha toʻlovlardan boʻyin tovlab yuradiganlari ham uchraydi.

Vaholanki, bugun hayotimizni elektr energiyasi va tabiiy gazsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Qoʻlimizdagi mittigina uyali aloqa vositasidan tortib, xonadonimizni yorituvchi elektr chirogʻigacha, koʻchalarimizdan to yirik ishlab chiqarish korxonalarigacha barchasi elektr energiyasi boʻlmasa, ishlamaydi. Demak, uzoqdan qarindoshimizdan xabar olish, uyimizu koʻchalarimiz tunda charogʻon boʻlishi, bolalarimiz taʼlim olishiyu, yurtimizning taraqqiyotga erishishigacha barchasi birgina mana shu elektr energiyasi bilan bogʻliq. Shunday ekan, undan tejamkorlik bilan foydalanish, isteʼmol qilingan har bir kilovatt energiya uchun haqini oʻz vaqtida toʻlab qoʻyish burchimiz.

Oʻzbekiston byudjeti elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini sotishda tashqi bozordan foyda olsa, ichki bozorda aksincha. Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida ushbu mahsulotlar arzon yetkazib beriladi. Baʼzan, elektr energiyasining narxi qimmatligidan noliydiganlar ham topiladi. Keling, shu oʻrinda boshqa yurtlarda bu masala qanday degan bir savol berib koʻraylik.

Agar energiya taʼminoti boʻyicha baʼzi mamlakatlarni taqqoslaydigan boʻlsak, yuqoridagi fikrimiz asosli boʻladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasida hududlar kesimida aholi elektr energiyasi isteʼmoli uchun energiya haqini turli tariflarda va toifalangan narxlarda toʻlaydi. Bunda eng yuqori narx Moskva aholisi uchun belgilangan. Xususan, gaz plitalari bilan jihozlangan uylar uchun belgilangan elektr quvvatining bir martalik tariflari 1 kVt/soatiga 5,38 rublni tashkil qiladi. Elektr pechlari va (yoki) elektr isitish moslamalari bilan belgilangan tartibda jihozlangan uylarda yashovchi aholi uchun elektr energiyasi isteʼmolining bir martalik tarif 1 kVt soatiga 4.04 rubl.

Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasida ham shunday tartib joriy etilgan. Jismoniy shaxslar uchun tariflar elektr energiyasidan foydalanish hajmiga qarab farqlanadi. Masalan, birinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 16,65 tenge; ikkinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 21,99 tenge; uchinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 27,48 tenge.

Maʼlumotlarga koʻra, Avstraliyada 1 kVt/soat narxi 0,29 dollarni tashkil qiladi, Armanistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi ($) 0,07–0,09 (34,98–44,98 ds.). Ozarboyjonda – 0,04–0,06 (0,07–0,11 manat), Belorusda – 0,06–0,1, Gruziyada – 0,05–0,09, Germaniya 0,37 yevro (0,3 yevro), Tojikistonda – 0,02 (0,168 somoniy), Turkiyada – 0,32 (1,2 lira), Ukrainada– 0,03 (0,9 grivniya), AQSHda – 0,09 – 0,3, Yaponiyada – 0,26, Daniyada – 0,30 AQSH dollarida aholiga sotiladi.

Maʼlumki, Tojikiston energiya resurslariga boy mamlakat. “Barqi tojik”ning 2017 yilgacha moʻljallangan quvvati boʻyicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 15 milliard 359,1 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2016 yilda chiqarilgan elektr energiyasidan 955,8 million kVt/soatga koʻp. Oʻtgan yili TALKO (Tojikiston alyuminiy kompaniyasi) “Barqi Tojik” elektrostansiyasining 16,5 foizini, 2016 yilda esa 20,4 foizini tashkil etdi. Bu esa mamlakatni toʻlaligicha energiya bilan taʼminlash qatorida, eksport qilish imkonini ham beradi.

Bu boradagi ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatilgandan soʻng Tojikistondan Oʻzbekistonga 2018 yil vegetatsiya davrida oʻzaro foydali texnik-iqtisodiy shartlar boʻyicha 1,5 milliard kVt/soatgacha boʻlgan miqdorda elektr energiyasi yetkazib beriladi. Shuningdek, 2018-2019 yillar qish mavsumi uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi qoʻshimcha ravishda koʻrib chiqilishi ham belgilangan.

Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasida ham Oʻzbekistonda aholi manfaatidan kelib chiqqan holda yondashilgan. Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda yurtimizda 6 million 143 ming isteʼmolchiga gaz yoqilgʻisi yetkazib berilmoqda. Jumladan, 3 million 300 ming uy-joy va 83 mingga yaqin ulgurji isteʼmolchi tabiiy gaz, 2 million 760 ming aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmoqda. Ulgurji isteʼmolchilarning 5 ming 700 ga yaqini sanoat korxonalari, 45 ming 500 ga yaqini maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari hamda 31 ming 500 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlaridir.

Agar gaz taʼminoti boʻyicha xorij tajribasiga eʼtibor qiladigan boʻlsak, tabiiy gaz ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlardan sanaladigan Qatar aholisi gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Boshqacha aytganda, u yerda sizu bizga oʻxshab oqib turgan tabiiy gazdan foydalanilmaydi.

Xulosa oʻrnida aytish kerakki, aholini elektr energiyasi, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlashda, avvalo, qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga toʻliq amal qilgan holda, har bir isteʼmolchi elektr energiyadan oqilona va toʻgʻri foydalanish, uning behuda sarflanishiga yoʻl qoʻymaslik, haqini oʻz vaqtida toʻlash va texnika xavfsizligiga toʻliq rioya qilish, shuningdek, soha xodimlari oʻz ishiga vijdonan yondashishi talab etiladi. Oldinda turgan yirik loyihalarni amalga oshirish uchun esa ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilish muhim vazifalardandir.

Manba: “Darakchi”

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elektr energiya taʼminoti… Kelajakda nima kutmoqda?