20:30 / 26.09.2018
4 803

Shikoyatchi ustidan shikoyat. Murojaatlarda boqimandalik balosi

Shikoyatchi ustidan shikoyat. Murojaatlarda boqimandalik balosi
Xalq bilan muloqot bugun davlat idoralari ijro hokimiyatining eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Maqsad bitta, u ham boʻlsa - xalq dardini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va muammolarini oʻz vaqtida hal etishdir. Bu esa xalq manfaati barcha narsadan ustun deganidir.

Shu bois yurtimizda soʻnggi yillarda bu borada katta oʻzgarishlar yuz bergani bor gap. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslarga elektron murojaat qilish imkoniyatlari yaratildi. “Ishonch telefonlari” samaradorligi oshirildi. Internetning imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda mansabdor shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻydi.

Ayni vaqtda shikoyat va arizalarni koʻrib chiqish, muammolarni hal etishda jamoatchilik imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda va bu oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Bu xalq manfaati uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardir. Ammo asossiz shikoyatlaru murojaatlar ham uchrayotgani va koʻpayayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Toʻgʻri, murojaat va shikoyat qilishga har bir fuqaroning qonuniy haqi bor. Hech kim buni cheklay olmaydi. Lekin baʼzi meʼyorlarni unutmaslik kerak.

“Yozaveraman, yozaveraman...”

Yaqinda kasbimiz taqozosi bilan shikoyat xatini oʻrganish yuzasidan bir mahallaga bordik. Mahalla fuqarolar yigʻini jamoatchilik kengashi aʼzolari, faollari mahallada turli kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani, muhit buzilishiga bir shikoyatchi sabab boʻlayotganini bildirishgan.

Oʻrganishimiz chogʻida maʼlum boʻlishicha, fuqarolardan biri oilasi uchun moddiy yordam soʻrab mahalla fuqarolar yigʻiniga ariza bilan murojaat qiladi. Belgilangan meʼyor va mezonlarga toʻgʻri kelmagani uchun mahalla qoshidagi komissiya yigʻilishida ariza rad etiladi. Hammasi shundan boshlanadi.

Maqsadi hosil boʻlmagan fuqaro bu borada boshqa tashkilotlarga shikoyat qiladi. Mutasaddilar tomonidan vaziyat bir necha bor oʻrganiladi va toʻgʻri rad etilgani haqida xulosa qilinadi. Fuqaro esa ariza yozishda davom etadi. Turli tashkilotlar, Xalq qabulxonasiga bu masalada shikoyat xati beradi va komissiya aʼzolarini nohaqlikda ayblaydi. Takroriy oʻrganishlaru shikoyatlardan charchagan mahalla faollari oxir-oqibat fuqaroga moddiy yordam berishga majbur boʻladi.

Aslida-chi? Oʻrganishimiz davomida maʼlum boʻlishicha, moddiy yordam olayotgan oilada er ham, xotin ham oliy maʼlumotli. Yaxshi kasblarning mutaxassislari. Er davlat tashkilotida ishlaydi. Kattagina tomorqasi bor. Bir nafar yosh farzandi borligi tufayli turmush oʻrtogʻi vaqtincha ishlamaydi. Hammasini belgilangan meʼyorlarga qoʻyib, arizani rad etgan komissiya aʼzolari esa baloga qoladi. “Kelinglar, shu tinchisin” qabilida “amallab” moddiy yordam koʻrsatishadi. Andisha qilishadi.

Noshukrlikmi yoki boqimandalik?

Bu jihatlardan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Bir fuqarodan kelgan murojaatni jamoatchilik asosida oʻrgandik. Murojaatda yozilishicha, oila moddiy jihatdan juda qiynalgan, uylari taʼmirtalab, amaliy yordam soʻragan.

- Erim hech qayerda ishlamaydi, chunki oʻqimagan, - deydi uy bekasi. - Men uyda bolalarga qarayman. Moddiy tomondan juda qiynalib qolganmiz. Uylarimizni taʼmirlashimiz kerak.

Xonadondagi tomorqaga razm solamiz. Begona oʻt koʻpligidan nima ekilganini ham bilish qiyin. Qarovsiz holatda.

Uning turmush oʻrtogʻini chaqirtirdik. Chamasi 35 yoshlardagi togʻni ursa talqon qiladigan yigit keldi. U tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali daromad olish mumkinligi haqida xayoliga ham keltirmasligi koʻrinib turardi. Tebranmagan odamni tepsang ham tebranmaydi, deganlari shu boʻlsa kerak.

- Yordam bermasalaring nega keldinglar? Biz moddiy yordam soʻrab murojaat qilgandik!

Shikoyat qilish “muammo yechiladi” degani emas

Shunday oʻylaydiganlar ham yoʻq emas. Murojaatlar oʻrganilganda, turli nizolarga duch kelamiz. Ayrimlari faqat sud orqali hal etiladigan masalalar. Baʼzi shikoyatlarda keltirilgan vajlar, umuman qonun doirasidan tashqarida, belgilangan talablarga zid va asossiz boʻladi (tuhmatlari ham yoʻq emas).

Ayrim murojaatlarning mazmuni bilan tanishar ekanmiz (ayniqsa, kimningdir ustidan yozilgan boʻlsa), boʻhtonlardan tashqari, haddan tashqari boʻrttirish, haqoratlarni uchratamiz. Odob-axloq doirasiga toʻgʻri kelmaydigan turli soʻzlar, poʻpisayu dagʻdagʻalar ham qoʻshib yoziladi. Shikoyat qilishga qonuniy haqi bordir, ammo birovga tuhmat qilishga, haqoratlashga, nafsoniyatiga tegishga, dagʻdagʻa qilishga hech kimning haqi yoʻq.

Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 38-moddasida murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish, shuningdek, tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi qayd etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139-moddasiga koʻra, tuhmat qilish, yaʼni bilaturib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agarda shunday mazmundagi shikoyatlarga yuqoridagi qonuniy talablar asosida huquqiy baho berilsa, javobgarlikka tortiladigan murojaatchilar ham topiladi. Faqat andisha qilishadi!

Ammo unutmang, andishaning oti qoʻrqoq emas...
Bardoshbek SAMAD oʻgʻli

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shikoyatchi ustidan shikoyat. Murojaatlarda boqimandalik balosi