16:44 / 23.04.2017
5 075

Yangi libos, ilk g‘alaba va kelgusi rejalar haqida. Amerikadan intervyu

Yangi libos, ilk g‘alaba va kelgusi rejalar haqida. Amerikadan intervyu
Rio—2016 Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarov professional boksdagi ilk jangini o‘tkazdi va raqibini nokautga uchratdi deb ma’lum qildi «Kun.uz».

O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi AQShning Kaliforniya shtatida mahalliy bokschi Viktor Vaskesga qarshi ringga ko‘tarildi va ikkinchi raundda nokaut bilan g‘alaba qayd etdi.

«Kayfiyat hozir yaxshi. Lekin jang vaqtida zarba tegmasa ham referi menga qarshi hisob ochib yuborganida xafa bo‘ldim. Bu vaqtda qoqilib yiqilib tushgandim. Lekin keyin hammasi joyiga tushdi. Endi kayfiyat yaxshi. Birinchi jang yaxshi o‘tdi, hammasi kutilganidek bo‘ldi.

Maxsus libos haqida gapiradigan bo‘lsam, bu amerikaliklar g‘oyasi. Bayrog‘imiz aks etgan libosni tayyorlashni men buyurtma qilganim yo‘q. Men vatanparvarlik ruhi aks etadigan libos so‘ragandim. Ular o‘zlari bilib shunday chiroyli libos tikishdi. Xo‘jayin ham hammaning oldida bu libosni maqtadi. U bunaqa chiroyli forma va qo‘lqop ko‘rmaganini aytdi.

O‘zimga ham juda ma’qul keldi. Kimgadir yoqmasligi ham mumkin. Kimdir O‘zbekiston bayrog‘ini ishlatibdi deyishi ham mumkin. Odamlar gapiraveradi.

Lekin biz hech qachon O‘zbekiston bayrog‘ini behurmat qilmaganmiz. Axir bayrog‘imizni eslatib turadigan libos bo‘ldi», deydi sportchi.

U bu yutuq bilan to‘xtab qolmasligini ta’kidlagan.

«Bu hali endi boshlanishiku. Yoshligimda Mayk Taysonning bir gapini eshitgandim. U ham faoliyatidagi ilk janglardan birida tezkor g‘alaba qozongandi. Shunda u shunday intervyu bergandi: Shu erdan chiqaman va ertalabdan mashg‘ulot zaliga borib, shug‘ullanishni davom ettiraman.

Menda ham shunday. Endi keyingi jangimga tayyorgarlik ko‘raman. Hali qaytish niyatida emasman. Chunki, maqsad bilan keldim. Jahon chempioni bo‘lish maqsadi bilan. Chempionlik kamarini qo‘lga kiritib, vatanga qaytishni istayman», deya so‘zlarini yakunladi G‘oibnazarov.

Fazliddin G‘oibnazarov 2015 yilgi mavsum havaskor bokschilar o‘rtasida avvaliga Osiyo, keyin esa Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lib, 2016 yil Olimpiada chempioniga aylangandi. Endilikda uning professional ringlardagi starti ham muvaffaqiyatli chiqdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi libos, ilk g‘alaba va kelgusi rejalar haqida. Amerikadan intervyu