17:37 / 29.04.2017
4 772

Haqiqiy darvozabon qanday bo‘lishi kerak?

Haqiqiy darvozabon qanday bo‘lishi kerak?
Haqiqiy darvozabon qanday bo‘lishi kerak? Buni bilish uchun o‘tgan hafta «Paxtakor» va «Lokomotiv» o‘rtasida kechgan o‘yinni tomosha qilish shart edi. Bu uchrashuvda darvozalardan birini darhaqiqat, mohir posbon qo‘riqladi.

U butun o‘yin davomida usta dirijyor misol himoyachilarni boshqarib turdi, «seyv»larni amalga oshirdi, og‘ir-bosiq va ishonchli harakatlari bilan butun jamoada barqarorlik o‘rnatdi. Uning o‘yiniga qarab turib, bejizga «darvozabon - yarim jamoa» demasliklarini tan olasiz.

Haqiqiy darvozabon qanday bo‘lmasligi lozim? Buni bilish uchun ham o‘tgan hafta «Paxtakor» va «Lokomotiv» o‘rtasida kechgan o‘yinni tomosha qilish shart edi. Bu uchrashuvda darvozalardan birini o‘z nomiga nomunosib posbon qo‘riqladi. U butun o‘yin davomida asabiylashishdan to‘xtamadi va bu bilan himoya­chilarni ham izdan chiqardi. Uning ko‘p harakati jamoa zarariga ishladi va kamiga yo‘q joydan qizil kartochka olib, tuppa-tuzuk o‘yinni ham buzib qo‘ydi. Uning harakatiga qarab turib, «darvozabon - yarim jamoa» degan naqlga har doim ham ishonavermaslik kerakligini tan olasiz.

Albatta, gap kim haqida ketayotganini allaqachon tushunib ulgurdingiz. Ancha vaqt muqaddam hamkasblardan biri: «Qanday qilib Ignatiy Nesterovdek darvozabon turganda terma jamoaning asosiy tarkibida Aleksandr Lobanov o‘ynashini tushunmayman», degandi. Poytaxt derbisida bu ikki posbonni o‘zaro solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Qo‘rqamanki, o‘yindan so‘ng o‘sha tushunmovchilik ortsa ortganki, aslo kamaymagan.

Umuman, Lobanov qanday qilib terma jamoa darvozasiga kelib qolganini O‘zbekistonda faqat bir odamdan boshqa hech kim tushunmasa ham kerak. Samvel Babayan futbolchilarni uch kriteriyga asosan tanlaydi - ayni vaqtdagi sport formasi, insoniyligi va faqat o‘zigagina ma’lum bo‘lgan o‘yin falsafasiga qay darajada mos kelishiga qarab. Aftidan, uning nazdida Lobanov bu talablarning barchasiga mos keladi. Biz esa Janubiy Koreyadan o‘tkazib yuborilgan ikki golni eslab, xunob bo‘lib yuraveramiz...

Ochig‘i, hozir terma jamoa asosiy tarkibida kim o‘ynashi kerakligi haqida navbatdagi «ballada»ni bitmoqchi emasman. Befoyda. Shundoq ham qanday fikrda ekanimni ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Biz nima demaylik, tarkibni baribir, Babayan tanlaydi. U Lobanovni munosib deb bildimi, tamom-vassalom. Toki murabbiy termadan ketmas ekan, qancha dod-voy solmang, foydasi yo‘q.

Baribir, Nesterovni zaxira o‘rindig‘idan ko‘tara olmaysiz. Hatto «Paxtakor» - «Lokomotiv» va Lobanov - Nesterov bahsi ham bosh murabbiyning fikriga o‘zgarish kiritmasa kerak. Ignatiy har qancha ishonchli o‘ynamasin, katta ehtimol bilan janjalkash Lobanov Eronga qarshi kechadigan o‘yinni ham asosiy tarkibda boshlaydi. Shunday ekan, hech qachon tiklanmaydigan asab tolalarini ehtiyot qilib, ko‘p narsaga umid bog‘lamagan ma’qul. Aynan shu sababga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi asosiy tarkibini tinch qo‘yamiz. Aytmoqchi bo‘lganimiz boshqa narsa...

Yaxshi bilasiz, Lobanovga qadar ham futbol tarixida asabini jilovlay olmagan futbolchilar etarlicha topiladi. Uzoqqa bormang, Er yuzida yashaydigan 7 milliard odamning kamida 6 milliardi (hali esini tanib ulgurmagan maktab yoshigacha bolalar istisno) yaxshi biladigan Zayniddin Zidan qilgan ish oldida Lobanovniki zirapchaga ham arzimaydi.

Lobanov-ku Kone bilan aytishib, Nesterovning to‘pini tepib yuborgan ekan, Zidan kimsan JCh-2006 finalida «kalla» qo‘ygan. Ammo bilasizmi ular o‘rtasidagi farq nimada? Zidan o‘sha qilmishidan so‘ng shunday degan edi: «Mening o‘yinimni nafaqat kattalar, balki bolalar ham tomosha qilgandi. Ulardan juda uyalaman. Bolalar meni bu holda ko‘rmasliklari kerak edi!»

Shunaqa. Zidan hammasidan ham bolalarga qanday o‘rnak ko‘rsatib qo‘yganidan dahshatga tushgan edi. U bu taxlit kechirimlarni keyin ham ko‘p bor so‘ragan. Kamiga o‘sha qilmishi uchun javobgarlikka tortilib, majburiy jamoatchilik ishlariga jalb etilganini bilasizmi? Lobanov-chi? U ham afsusdamikan? Uni kim jazolaydi?

Garchi «Paxtakor» stadioniga mudom kamsonli tomoshabin tushsa-da, o‘yin «Sport» telekanalida translyasiya qilingan va uni minglab odamlar tomosha qilganiga ishonaman. Har holda, yaxshimi yoki yomon, turning markaziy o‘yini edi. Ular orasida qanchasi bolalar bo‘lganini bilasizmi? Bilmaymiz. Lobanov ulardan uyalish yoki uyalmasligini ham.

Men bu bilan Samvel Babayan Lobanovni terma jamoadan chetlatsin, demoqchi emasman. Aksincha, agar u hamon darvozabonga ishonsa va usiz JChga chiqish imkonsiz, deb o‘ylasa, asosiy tarkibda maydonga tushiraversin.

Axir natijaga u javob beradi va nasib qilsa, qachondir javob berar ham. Axir hamma narsa Olimpiada yo‘llanmasi boy berilgani kabi kechirilavermaydi-ku, to‘g‘rimi? Babayan ham o‘zi javob beradigan qaroridan voz kechmasin, kerakmas. Ammo shu o‘rinda bir e’tiroz, Babayanning uch talabi orasida «insoniylik», degan band ham bor edi. Lobanov endi o‘sha bandga to‘g‘ri keladimi, yoki yo‘q, bunisi endi bahsli savol.

Masalan, Ignatiy Nesterov shuncha mahorati bilan ham uchta talabning qaysidir biriga mos kelmagani uchungina asosiy tarkibda o‘ynay olmayotgan edi...

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Haqiqiy darvozabon qanday bo‘lishi kerak?